Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:36

Germaniya Yevropa Ittifoqini AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qarshi chiqishga chorladi


Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel
Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel

Germaniya iqtisodiyot vaziri Yevropa Ittifoqini Rossiya bilan hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan g‘arb shirkatlarini jazolashi mumkin bo‘lgan yangi AQSh sanksiyalariga qarshi kurashishga chaqirdi.

O‘tgan haftada AQSh Kongressi qabul qilgan yangi qonun loyihasida energetika sohasida faoliyat ko‘rsatadigan rus shirkatlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash nazarda tutilgan. Loyihani prezident Donald Tramp imzolashi kutilmoqda.

Qonunning Yevropaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bandi prezident Trampga Rossiyaning “Gazprom” shirkati bilan Nord Stream-2 quvur liniyasini o‘tkazish uchun hamkorlik qiladigan g‘arb shirkatlariga qarshi sanksiya joriy qilish imkonini beradi.

Yevropa davlatlari yetakchilari AQSh sanksiyalari ularning energiya xavfsizliklariga tahdid solib, iqtisodiyotlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

“Biz buni xalqaro qonunlarga zid, deb bilamiz”, dedi Germaniya iqtisodiyot vaziri Brigitte Tsipris.

“Amerikaliklar olmon shirkatilarini boshqa davlatda qiziqishlari bo‘lgani uchun jazolay olmaydi”, deya so‘zini davom ettirdi vazir, - Tabiiyki, biz savdo urushini xohlamaymiz, ammo Yevropa Komissiyasi bunga qarshi choralarni ko‘rib chiqishi muhimdir”.

AQSh bir necha yildan beri Boltiq dengizi orqali o‘tkazilayotgan Nord Stream-2 quvur liniyasiga qarshi chiqib keladi. Mazkur loyiha Rossiya gazini Ukrainani chetlab o‘tib, Germaniyaga yetkazib berish maqsadida boshlab yuborilgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel o‘gan haftada Germaniya Nord Stream loyihasida ishtirok etayotgan Yevropa shirkatlarbga qarshi sanksiyalarga qarab o‘tirmasligini bildirdi.

Ayrim olmon biznes guruhlari Tramp Yevropa shirkatlariga qarshi sanksiya joriy qiladigan bo‘lsa, bunga sanksiyalar bilan javob qaytarishga chorlamoqda.

AQSh sanksiyalariga javoban Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdan Qo‘shma Shtatlarning 755 diplomatini chiqarib yuborishga qaror qildi.

AQSh Davlat departamenti Moskvaning bu qarorini “taassufli va istalmagan harakat”, deb atadi hamda Vashington Moskvaning bu harakatiga javob qaytarishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG