Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:47

Samarqanddagi Shayx-ul-Islom majmuasi muzqaymoqxonaga aylantirilishi mumkinmi?

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Samarqand obidalari

Samarqanddagi 6 ta tarixiy masjid va majmua tadbirkorlarga ijaraga berilishidan O‘zbekiston madaniyat vazirligining xabari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. O‘zini "O‘zbekiston Madaniyat vazirligining madaniy meros qo‘mitasi boshlig‘i Anvar Ergashevning yordamchisiman", deb tanishtirgan mulozim Ozodlikka Samarqanddagi bir nechta obidaning tadbirkorlarga ijaraga berilishiga oid maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirilmaganligini aytdi. Rasmiyga ko‘ra¸ madaniy meros ro‘yxatiga kirgan obidalar ta’miri bilan davlat shug‘ullanadi.

31 iyul kuni mahalliy nashrlar, Davlat raqobat qo‘mitasiga tayangan holda, Samarqanddagi majsidlardan ba’zilari tadbirkorlarga tekinga ijaraga berilishi to‘g‘risida xabar qildi.

Aytilishicha, tadbirkorlar Yangi Xayrobod masjidi, Shayx-ul-Islom majmuasi, Yomini majmuasi, "Ko‘k masjid", "Urgut" masjidlari, "Mahmud Xorazmiy" masjidini 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga olib, ulardan tijorat maqsadida foydalanishlari mumkin.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining madaniy meros qo‘mitasi mulozimlaridan biri Hasanboy Holmurotovning Ozodlikka aytishicha, ijaraga berilishi nazarda tutilayotgan masjid va majmualar madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan.

Mulozim ta’kidiga ko‘ra¸ obidaga zarar yetishi mumkin bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyatini madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan binolarda olib borish qonun bilan taqiqlangan.

Ozodlik bu mavzu yuzasidan Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirishni istamagan mulozim¸ hali viloyat madaniyat boshqarmasi obidalarni tadbirkorlarga ijaraga berish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqmaganligini bildirdi.

Ayni paytda mulozim tarixiy obidalar, xususan, Shayx-ul-Islom majmuasida «oshxona¸ muzqaymoq kafesi yoki pivo bar» ochish bo‘yicha kelib tushgan takliflar rad qilinganligini aytdi.

Mulozimga ko‘ra, Samarqanddagi masjid va majmualarni ijaraga berish tashabbusi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyunida qabul qilingan 450-sonli "2017-2019 yillarda Samarqand turistik salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risida"gi qarori asosida yuzaga chiqqan.

O‘zbekistondagi madaniy meros obidalari haqidagi qator maqolalar muallifi¸ Akmal Rizev taxallusi bilan ijod qiladigan toshkentlik san’atshunos Ozodlik bilan suhbatda «o‘zini hurmat qilgan davlat o‘z tarixiy obidasini bu qadar e’tiborsiz qoldirmaydi», deb aytdi:

- Madaniy meros obidasini ta’mirlashga pul bo‘lmagani uchun tadbirkorga ijaraga berish sivilizatsiyalashgan mamlakatda mutlaqo imkonsizdir. Restavratsiya uchun sponsorlarni jalb qilishning boshqa ko‘plab variantlari mavjud. Bilishimcha, Davlat raqobat qo‘mitasi Madaniy meros qo‘mitasini aylanib o‘tib, bu qarorga kelgan. Bu esa mavjud holatning qonunsiz va surbetlikdan iborat ekanini bildiradi. Bu odamlarning g‘ami - faqat pul ishlash¸ dedi san’atshunoslik fanlari nomzodi Akmal Rizaev.

Suhbatdosh mahalliy tadbirkorlarning «ta’mir bahonasida qadimiy obidani talab vayron qilganiga oid bir nechta misollarni keltirdi:

- Xivadagi Nurullaboy saroyini ketma-ket to‘rtta pudratchi ta’mir qildi. Bu to‘rttala pudratchi ustidan ketma-ket jinoiy ish ochildi. Sudga o‘zim ekspert hulosasini berdim. Qadimiy eshik va koshinkor kaminlarni o‘marishgan. O‘zbekiston sharoitida madaniy obidani tadbirkorga ishonib bo‘lmaydi. Karamni quyonga ishonib bo‘lmagani kabi¸- deydi san’atshunos.

Ayni paytda san’atshunos G‘arb mamlakatlarida madaniy obidalar ta’miriga pul ajratganlar soliqdan ozod qilinishiga ham e’tibor qaratdi:

-Tadbirkor o‘z puli bilan davlat qilayotgan ta’mir ishiga hissa qo‘shishi mumkin. Keling, ularga bu ishi uchun G‘arbdagi kabi soliq imtiyozi beraylik. Ta’mirga hissa qo‘shgan tadbirkorlar nomini kumush taxtachalarga yozib, obida yoniga osib qo‘yaylik. Ammo bunga hali ancha bor. Raqobat qo‘mitasining obidalarni ijaraga berish qaroridan hosil bo‘lgan xavf katta. Madaniy qimmatga ega yodgorlik sariq chaqa evaziga tadbirkor qo‘liga o‘tadi. Uni qanday ta’mir qilishini tasavvur qilishdan ham qo‘rqaman. Zotan bizda restavratsiya bo‘yicha ekspertlar yo‘q. Restavrator sifatida oddiy qurilish firmalari ish qilmoqda. Ular madaniy ob'ektni vayron qilishadi va uni o‘z mulkiga aylantirishadi¸ - deydi munaqqid.

O‘zbekistondagi madaniy obidflarning o‘g‘rilar nishoniga aylangani haqida ma’lumotlar ko‘p.

Masalan, Buxoroning Vobkent tumanidagi 800 yillik qadimiy obida qoldig‘ining koshin o‘g‘irlanib¸ Londonda kim oshdi savdosiga qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG