Линклар

Prezident Mirziyoev 1 avgustda imzolagan qaror bilan Davlat soliq xizmati hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni tasdiqlandi.

«Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda Davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12.131 nafar, shu jumladan, markaziy apparatda 263 nafar etib belgilangan, shundan 12.056 nafari O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjetidan, 75 nafari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Qiyoslash uchun: 1994 yilning 4 martida Davlat soliq qo‘mitasi tashkil etilganda qo‘mitaning cheklangan xodimlari soni 15400 nafar edi. 1998 yil 12 yanvarda esa DSQning xodimlari cheklangan soni bekor qilingan, ya’ni qo‘mita istalgancha shtat kengaytirishi mumkin bo‘lgan. Shu vaqtgacha qo‘mita xodimlari soni qancha bo‘lgani aytilmasdi.

Bu haqda yozgan kun.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra,endilikda xodimlar soni teng yarmiga qisqargan.

12 iyulda o‘tkazilgan videoselektorda prezident Soliq tizimida jiddiy o‘zgarish bo‘lishini aytgandi. Shundan so‘ng, Soliq qo‘mitasi tugatilib, uning faoliyati Moliya vazirligi yoki bosh prokuratura tarkibiga o‘tkazilishi haqida xabar paydo bo‘ldi. Ammo ko‘p o‘tmasdan qo‘mita bu xabarni rad etdi.

Prezident 1 avgustda imzolagan qaror matnida mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qarorda Davlat soliq qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparatining tuzilmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining, shuningdek, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalarining namunaviy tuzilmalari tasdiqlangan.

XS
SM
MD
LG