Линклар

Qo‘shnisi notinch Turkmaniston terror xavfidan qo‘rqmoqda

  • Озодлик

Jangarilar Afg‘onistonning Turkmanistonga chegaradosh viloyatlarini nazorat qilib turibdi yoki tobora faollashib bormoqda. Shu sababli rasmiy Ashxobod o‘z hududiga ekstremistik hujumlar xavfidan tobora tashvishga tushmoqda. (Arxiv surati)

Turkmaniston ma’murlari so‘nggi paytlarda xavfsizlikni ta’minlash masalasiga odatdagidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Terror xavfidan xavotir, ayniqsa, Turkmaniston xalqaro tadbirga mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Hukumatning xavotirga tushishiga sabab bor: Afg‘onistonning ushbu mamlakat bilan chegaradosh har bir viloyatida urush bo‘lmoqda.

Afg‘oniston mahalliy hokimiyat idoralari vakillarining aytishicha, mahalliy harbiy qo‘mondonlar, qishloq aholisi va Tolibon sharqdagi Juzjon viloyatidan tortib, Faryob va Badg‘is viloyatiyu g‘arbdagi Hirot viloyatigacha bo‘lgan hududlardagi o‘nlab tumanlarni nazorat qiladi yoki ularga ta’siri bor.

Ta’sir kuchiga ega kishilarni faqat Tolibon vakillari deb bo‘lmaydi.

20 iyun kuni Islom davlati (ID) ekstremistik guruhi Juzjon viloyatiga qarashli Darzab tumanini ishg‘ol etganini iddao qilib chiqdi. Hukumat ham, Tolibon vakillari ham ID Darzabni qo‘lga olganini e’tirof etdi.

Keyinchalik ID jangarilari ham hukumat, ham Tolibon qo‘shinlarining turli taraflardan hujum qilishi oqibatida u yerdan uloqtirib tashlandi. Ammo ID qo‘shinlarining Afg‘onistonning shimoli-g‘arbida mavjudligini endi rad etib bo‘lmaydi.

Tolibon va O‘zbekiston islom harakatining IDga sodiqlikka qasamyod qilgan a’zolari 2015 yil oxirida Hirot viloyatida bo‘lgan qaqshatqich janglarda an’anaviy Tolibon qo‘shinlaridan yengilgandan so‘ng hududga sochilib ketgan edi.

IDning Iroq va Suriyadan qochib chiqayotgan jangarilari ? Afg‘onistonga kelishi kutilmoqda, ko‘pchiligi shunday qildi ham.

Turkmaniston rahbariyati ID yoki shunga o‘xshash jangarilarning xatti-harakatlaridan xavotirga tushmasligi mumkin emas. Biroq hukumat buni bildirmaslikka harakat qiladi.

Turkmaniston Mudofaa vazirligining nomi sir qolishini istagan vakilining Ozodlik radiosiga aytishicha, iyun oyida 4 nafar jangari Hirot viloyatidan ushbu mamlakat chegarasini kesib o‘tdi va Afg‘oniston bilan chegaradan uncha uzoq bo‘lmagan Kaxa tumanida qo‘lga olindi.

ID jangarilari, ayni paytda Turkmaniston vatandoshlari bo‘lgan shaxslar Mari shahriga ketayotgani ma’lum bo‘ldi. So‘roq qilinganda, ular dastlab Turkiyaga borgani, keyinchalik jang qilish uchun Iroq va Suriyaga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

ID jangarilari Turkmanistonga yo‘l solayotgani to‘g‘risidagi xabar xavotirli, ammo u turkman hokimiyat vakillari uchun yangilik emas.

Iyun oyida Ozodlik radiosiga ma’lum qilinishicha, nomi aniq aytilmagan mamlakat (Turkiya bo‘lishi mumkin) IDga aloqasi bor 4 nafar turkman vatandoshini tutib olib, Turkmanistonning kuch ishlatar idoralari qo‘liga topshirgan. Ularning Turkmanistonda terrorchilik hujumini amalga oshirish rejasi bo‘lgani aytilgan.

Iyul boshida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat xavfsizlik kengashi majlisida har bir harbiy xizmatchining burchi qonuniy hukumatni himoyalash va qonunning har qanday buzilishiga qarshi ayovsiz jang qilish ekanini aytdi.

Ma’lumki, Turkmaniston yopiq mamlakat va u yerda nimalar bo‘layotgani xususida axborot olish nihoyatda mushkul.

Sentabr oyida ushbu mamlakat Osiyoning yopiq binolardagi va jangovor yakkakurashlar bo‘yicha o‘yinlariga (AIMAG) mezbonlik qiladi. Berdimuhamedovning ushbu shuhratparastlik loyihasi sababli mamlakatga nafaqat chet ellik sportchilar, balki OAV vakillari va tomoshabinlar ham keladi.

Turkmaniston hokimiyat idoralari bu tadbirga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilmoqchi. ID jangarilari ham ushbu o‘yinlar vaqtida hujum qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsa ajab emas, chunki u Yaqin Sharqda mag‘lubiyatga uchrayotgani sababli yeyayotgan nonini oqlash uchun bu yerda shov-shuv ko‘rsatishga urinishi tabiiy.

Turkmaniston hukumati xavfsizlikni ta’minlash uchun hozirdanoq zarur choralarni ko‘rib qo‘ydi. Ashxobod shahrida begona kishilar yashashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aholining propiskasi bot-bot tekshirib turilibdi. Boshqa viloyatlarning avtomashinalari poytaxtga kiritilmayapti. AIMAG inshootlarida ishlayotgan boshqa yerlik quruvchilar shahar tashqarisidan qatnab ishlayapti.

Bundan tashqari, Turkmaniston hukumati aholi o‘rtasida "Islom davlati" terror guruhiga yoki unga daxldor chet el tashkilotlari bilan aloqasi bor kishilarni aniqlash maqsadida tekshiruvlar o‘tkazmoqda. Chunki Iroq va Suriyada ko‘plab turkman vatandoshlari jang qilayotgani endi hech kimga sir emas. Suriya bosh muftiysi Ahmad Badriddin Hassunning aytishicha, 360 nafar turkman millatiga mansub kishi boshqa yollanma askarlar safida jang qilmoqda.

Turkmaniston BMT tan olgan betaraf mamlakatdir. Ushbu maqom uning shu paytgacha mojarolardan uzoqroq turishiga imkon berib keldi. Biroq Afg‘onistonda davlatga qarashli bo‘lmagan jangari guruhlar mavjud. Shu sababli betaraflik endi qalqon bo‘la olmasligi mumkin.

Zikr etilgan xavotirning sababi shu bo‘lsa kerak.

XS
SM
MD
LG