Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:03

Tovoqsoydagi qamoqhonada 70 dan ortiq mahbus noma’lum kasallikka chalindi


Toshkent viloyatining Tovoqsoy posyolkasida joylashgan 64/3-sonli jazoni ijro etish muassasasida 70 nafardan ortiq mahbusga noma’lum infektsiya yuqishi oqibatida epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan. Ichki ishlar tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea 24 iyul kuni ro‘y bergan. Bemor mahkumlar Toshkent shahridagi 64/18-sonli muassasaga ("Sangorod") keltirilgan. Ulardan 13 nafarining ahvoli og‘ir.

Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda mahkumlar ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin, degan farazlar o‘rganilayotganini aytdi.

- Ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin, deyilyapti. Lekin, bu hali aniqlanish jarayonida. Toshkent viloyat prokuraturasi bu bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Qamoqxonada karantin holati e’lon qilindi. Barcha mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, - dedi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi mulozimi.

Ozodlikning Ichki ishlar vazirligidagi manbalariga ko‘ra, hozirda Ichki ishlar vaziri general-mayor Abdusalom Azizov boshchiligida "Sangorod"da komissiya tashkil qilingan.

Kasalga chalingan mahkumlardan biri yaqinining aytishicha, infeksiyani yuqtirgan mahkumlarda "bezgak alomatlari, favqulodda qaltirash, gallyutsinatsiya holatlari" ham ro‘y bergan.

Lekin, Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi mulozimi bu iddaolarni keskin rad qildi.

- Qanday virus ekani noma’lum, lekin bezgak emas. Mahkumlarning ahvoli ancha yaxshi, - dedi mulozim.

"Sangorod" tibbiy muassasasi rahbariyati ham, Tovoqsoy posyolkasidagi 64/3-sonli qamoqxona rahbariyati ham mahkumlarning noma’lum infektsiyaga chalingani yuzasidan izoh bermadi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida ham bu haqda xabar berilmagan.

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, yoz oylarida qamoqxonalarda ommaviy zaharlanishlar ko‘p bora bo‘lgan:

- Yozda bo‘lib turadi bunday holatlar. Issiqda ovkat aynishi mumkin. Bunaqa ommaviy zaharlanish bo‘lsa yoki epidemiya holati yuzaga kelsa GUIN (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi) ancha jiddiy harakat qiladi buni bartaraf etish, epidemiya kuchayib ketmasligi uchun. Bu kabi holatlar ko‘p bo‘ladi, lekin GUIN bu haqda ma’lumot bermaydi, - dedi Sur’at Ikromov

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi sharoitlar, hamda tutqunlar yuz tutadigan qiynoqlar va tahqirlashlar xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan muntazam ravishda tanqidga uchrab keladi.

XS
SM
MD
LG