Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:42

Tillerson: Rossiyaning saylovga aralashuvi jiddiy ishonchsizlikka sabab bo‘ldi


AQSh davlat kotibi Reks Tillerson (chapdan oldinda) va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (o‘ngdan oldinda) 6 avgust kuni Manila shahrida uchrashdi.
AQSh davlat kotibi Reks Tillerson (chapdan oldinda) va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (o‘ngdan oldinda) 6 avgust kuni Manila shahrida uchrashdi.

AQSh davlat kotibi Reks Tillersonga ko‘ra, Kremlning Amerika prezident saylovi kampaniyasiga aralashgani ikki mamlakat o‘rtasida “jiddiy ishonchsizlik”ka sabab bo‘lgan.

Bu haqda Tillerson Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Manila shahridagi uchrashuv payti gapirdi:

“Ushbu noxush voqea AQSh va Rossiya xalqi o‘rtasidagi munosabatlarga qanchalik jiddiy ziyon yetkazgani, ishonchsizlikni keltirib chiqargani va biz uni bartaraf qilish yo‘llarini axtarishimiz kerak”, degan Tillerson.

Tillerson Kremlning sanksiyalarga javoban Rossiyadagi AQSh diplomatiya missiyasi xodimlari sonini keskin qisqartirayotganiga Oq uyning javobi 1 sentabrgacha e’lon qilinishini aytdi.

Tillerson Kreml bunday yo‘l tutganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi ekanligini aytib, bitta muammoni deb barcha aloqalarni uzish “foydali emas” dedi:

- Garchi oramizga o‘zaro ishonchsizlik to‘siq bo‘layotgan bo‘lsa-da, biz ular bilan o‘zimiz uchun muhim bo‘lgan milliy xavfsizlik sohasida hamkorlik qilishni istaymiz. Buning uchun munosabatlarimizni diplomatiya kanallari orqali amalga oshirishimiz kerak,- dedi Tillerson.

Tadbirdan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashgan Lavrov Vashingtonning Rossiya bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligini his qilganini aytdi:

- Biz amerikalik hamkasblarimizning tayyor ekanini his qildik. Hech narsaga qaramasdan, muloqot davom etadi. Men muloqotning muqobili yo‘q deb hisoblayman,- dedi Lavrov jurnalistlar bilan uchrashuvda.

3 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Tvitterdagi sahifasiga Vashingtonning “Rossiya bilan munosabatlari misli ko‘rilmagan past va xavfli darajaga tushib ketdi”, deb yozdi.

Tillerson Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi (ASEAN) forumida Shimoliy Koreyaga qarshi qabul qilingan BMTning yangi sanksiyalarini bajarish holati kuzatib borilishini aytib, "BMT qarori Pxenyanga yuborilgan kuchli signaldir", dedi.

Davlat kotibi Vashington bilan Pxenyan o‘rtasidagi muzokaralar imkoniyatini shimoliy koreyaliklar uchun ochiq qoldirayotganini aytdi, ammo rejim BMT qarorlari bilan taqiqlangan raketa sinovlarini to‘xtatishi shart ekanini uqtirdi.

XS
SM
MD
LG