Линклар

Tojikistonda birinchilardan bo‘lib Xatlon viloyatining Dusti tumanida mahalliy hokimiyat imomlarning soqolini qisqartirish bo‘yicha qaror chiqardi.

Qarorda imomlar soqolining uzunligi uch santimetrdan oshmasligi shart qilib belgilangan. Hokimiyat rasmiylariga ko‘ra, aynan mana shunday soqol tojik urf-odatlari va an’analariga mos keladi.

Mahalliy hokimiyatning mazkur qarorini birinchi bo‘lib Dusti tuman markaziy masjidi imom hatibi Nasrullo Fayziev ijro etdi. U soqolini qisqartirganidan so‘ng Ozodlik radiosi tojik xizmatiga:

-Mening soqolim avval ham Ulamolar kengashi belgilab bergan me’yorga to‘g‘ri kelar edi. Hozir esa soqolimning uzunligi uch santimerdan oshmaydi, - deb bildirdi.

2012 yilda Tojikiston muftiyatining Ulamolar kengashi imomlarga soqolning uzunligi bir kaftdan oshmasligi kerak, degan me’yorni belgilagan edi. Agar bir kaft o‘rtacha 10 santimetr bo‘lishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, imomlarning soqoli yana 7 santimetrga qisqartirilmoqda. Bugungi kunda Tojikistonda rasman 265 imom faoliyat yuritadi.

Tojikistonda soqolni qisqartirish jarayoni 2009 yilda o‘qituvchilardan boshlangan edi. O‘shanda yoshi 50dan oshgan o‘qituvchilarga uzun soqol qo‘yish taqiqlangan.

2015 yilda esa tojik hukumati jamoatchilik orasida soqolga qarshi kampaniya o‘tkazib, huquq-tartibot tuzilmalari soqol qo‘ygan minglab erkakni qo‘lga olgan edi. Qo‘lga olingan soqollilarning barmoq izlari olingan, yashash manzillari aniqlangan, keyin soqollari qirqilib, ozod etilgan edi.

O‘shanda o‘z xohishi bilan soqolini olmaganlarga 150 somonidan jarima solingan. Birgina Xatlon viloyatida 13 ming odamning soqoli huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan zo‘rlab oldirilgani xabar qilingan edi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bu jarayonda ishtiroki borligini va soqolga qarshi maxsus buyruq chiqarilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni inkor qilgan.

Dushanbeda 11 iyul kuni o‘tgan “Urf-odatlar, bayram va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 10 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Emomali Rahmon yana bir bor soqol qo‘yganlar va hijob kiyganlarni tanqid qilgan edi.

Inson huquqlari himoyachilari soqol bilan bog‘liq cheklovlarni shaxsiy hayotga aralashuv va inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi sifatida baholab kelmoqda. Jumladan, AQSh Davlat departamentining inson huquqlari vaziyatiga oid hisobotlarida Dushanbe rasmiylarinigng soqolga qarshi kurashi keskin tanqid qilingan.

AQSh Davlat departamenti hisobotida Tojikistonda soqol qo‘yishga to‘la ta’qiq joriy etilmagan bo‘lsa-da,ko‘p holatlarda soqollilarning ishga o‘rnashishida ko‘plab muammolar yuzaga kelayotgani ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG