Линклар

Moskva shahar sudi seshanba kungi qarori bilan Rossiyaning migratsiyaga oid qonunlarini buzganlikda ayblanayotgan “Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruzni O‘zbekistonga deportatsiya qilish to‘g‘risidagi avvalgi qaror ijrosini to‘xtatib qo‘ydi.

Jurnalistni Rossiyadan chiqarib yuborish amali uning arizasini Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ko‘rib, qaror qabul qilmagunicha, boshlanmaydigan bo‘ldi. Bu vaqt davomida Ali Feruz, sudya qabul qilgan qarorga binoan,qochqinlarni saqlash markazida yashab turadi.

- Basmanniy tuman sudi sudьyasining 2017 yilning 1 avgustida Nurmatov Xudoyberdi Turg‘unalievichga nisbatan chiqargan qarori o‘zgartirilsin. 2017 yilning 4 avgustida Yevropa Sudining qarori asosida tuman sudining Nurmatovni O‘zbekistonga chiqarib yuborish to‘g‘risidagi bu qarori ijrosi Yevropa sudining mazkur ish yuzasidan taftishi yakuniga qadar vaqtinchalik to‘xtatilsin,- deya qaror chiqardi Moskva shahar sudi hakami.

Bir necha kun muqaddam Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya ma’murlari oldiga Ali Feruzni deportatsiya qilmay turish talabini qo‘ygan edi.

Moskvadagi prezident ma’muriyati binosi oldida 3 avgust kuni faollar “Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruzni O‘zbekistonga deportatsiya qilmaslik talabi bilan piket o‘tkazdilar. Bunday piketlar Peterburg, Vilnyus va Berlinda ham o‘tkazilgani xabar qilindi.

“Chegara bilmas muxbirlar”, Amnesty International va Human Rights Watch xalqaro tashkilotlari ham Rossiya hukumatidan Ali Feruzni deportatsiya qilmaslikni talab etayotir.

Human Rights Watch tashkilotining Rossiyadagi dasturlari rahbari Tanya Lokshina:

- Ali Feruz 2008 yilda mahalliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ikki kun ushlanib, kaltaklangani va qiynoqlarga solinganidan so‘ng O‘zbekistondan qochib chiqqan. U O‘zbekistonga qaytarilsa yana dahshatli qiynoqlarga solinishi mumkin. Rossiya uni O‘zbekistonga qaytarmasligi kerak, -deb bayonot berdi.

"Novaya gazeta" muharriri Dmitriy Muratov esa Ali Feruzni Yevropa davlatlaridan biriga olib chiqib ketilishi yuzasidan muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

Ayni paytda, Deutsche Welle nashri Xudoyberdi Nurmatovga Germaniya hukumati qochqinlik berishga tayyor ekani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Joriy yilning 1 avgust kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Novaya gazeta”ning Ali Feruz taxallusga ega va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan jurnalisti Xudoyberdi Nurmatovni Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

2 avgust kuni Ali Feruz sud qarori ortidan o‘z joniga qasd qilgani, ammo jurnalistni suitsidni oxiriga etkazishdan sud ijrochilari to‘xtatib qolgani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilayotgan Xudoyberdi Nurmatov mart oyida migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblanib Moskvada qo‘lga olingan edi. U tez orada hibsdan ozod qilingan. Jurnalist O‘zbekistonga qaytadigan bo‘lsa u yerda uni terrorchi tashkilotga a’zolikda ayblashlari mumkinligini iddao qilmoqda.

Rossiya hukumati Ali Feruzga vaqtinchalik boshpana berishdan bosh tortgan.

XS
SM
MD
LG