Линклар

Xitoy Shimoliya Koreyaga qarshi sanksiyalardan zarar ko‘rishga tayyorligini bildirdi

  • Озодлик

Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi.

- Xitoy Shimoliy Koreya bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti joriy etgan sanksiyalardan hammadan ko‘p zarar ko‘radi, biroq u bunga tayyor,- dedi ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri.

Manila shahrida xavfsizlikka bag‘ishlab o‘tkazilgan forumda so‘zlagan Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi o‘tgan haftada BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan yangi qaror Shimoliy Koreya eksportini 1/3 ga kamaytirishni ko‘zlaydi va bu Pekin Pxenyanning raketalar sinovini to‘xtatish tarafdori ekanini ko‘rsatadi, deb aytdi.

– Xitoyning Shimoliy Koreya bilan qalin iqtisodiy aloqalari hisobga olinsa, BMT qarori bajarilishidan u eng ko‘p zarar ko‘rishi ma’lum bo‘ladi, – dedi Vang. – Biroq xalqaro qurollarni tarqatmaslik tizimi, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni himoya qilish maqsadida Pekin ushbu qarorni og‘ishmay amalga oshiradi.

Xitoy AQSh Shimoliy Koreya hukumatiga qarshi ilgari surayotgan BMTning og‘ir sanksiyalarini to‘la qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, ammo ushbu mamlakat rasmiylari sanksiyalar Shimoliy Koreyaning oddiy xalqi bilan “normal” savdoga ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligini ham aytmoqda.

Vangning aytishicha, BMT qarorida Qo‘shma Shtatlar, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya va Yaponiya ishtirokidagi olti tomonlama muzokaralar qayta boshlanishi kerakligi ta’kidlanadi.

Yana vazir janoblari AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Shimoliy Koreya raketa sinovlarini to‘xtatsa, Qo‘shma Shtatlar u bilan muloqotni boshlashga tayyor ekanini ma’lum qilganini, Pxenьyandan ham shunday yo‘l tutishni kutayotganini aytdi.

Biroq Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Manila forumida raketa sinovlarini to‘xtatish va muloqotni boshlash borasida hech qanday ishora bermadi.

Ri Yong Ho 7 avgust kuni Pxenyan “hech bir holatda” yadro qurollari yoki ballistik raketalar masalasini muzokara stoliga qo‘ymasligini aytdi. U mamlakati o‘z yadro qurolini “AQShdan boshqa” hech qaysi mamlakatga qarshi qo‘llamasligini ma’lum qildi.

Shimoliy Koreya vaziri Koreya yarim orolidagi mojaro uchun faqat AQShni aybladi.

XS
SM
MD
LG