Линклар

Halima Xudoyberdieva: Shoir podshohni madh qilsa, mamlakat baxtsiz bo‘ladi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Shoira Halima Xudoyberdieva

Madaniyat, san’at va adabiyot vakillari ishtirokida 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi so‘ngida taniqli shoira Halima Xudoyberdieva so‘z olib, prezident Shavkat Mirziyoevga oq yo‘l tiladi.

Ozodlik bilan suhbatda 70 yashar shoira “Shavkat Mirziyoevning ochiqlik siyosatiga” oq yo‘l tilagani va aynan Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng “ozgina bo‘lsa ham adolat o‘z o‘zaniga tushganini” ta’kidladi.

- Qora ro‘yxatlardan ijodkorlarning o‘chirilganligini qo‘llayman, albatta. O‘zim o‘sha qora ro‘yxatda edim. 22 yil istalmagan shaxs bo‘ldim. 22 yil radio va TV dan uzoq tutildim. 22 yillik tanaffusdan keyin o‘tgan yilning dekabridagina TV da yuzim ko‘rindi¸ deydi shoira.

Ozodlik bilan suhbatda shoira Mirziyoevning nutqidagi pafosga qaramasdan, u kishining niyati ezgu va nutqi samimiyat bilan yo‘g‘rilganiga e’tibor qaratdi:

- Bu odam "yozuvchilar turmush mashaqqatlari tagida ko‘milib ketmasin", deganida juda samimiydir. Qarang, Rauf Parfi degan xalq shoiri umrining oxirgi kunlari uysiz¸ pulsiz va o‘ta g‘arib sharoitda kechirdi. Aytmatov aytganidek, mayda tirikchilik tashvishlari eng ulug‘ ijodkorlarni ham yemirib tashlaydi. "Bu yemirilishdan qutqaraman ijodkorlarni", degan samimiy niyatni sezdim men prezident bilan uchrashuvda¸ dedi shoira.

Ayni paytda bu uchrashuvda ba’zi og‘riqli masalalarni, masalan, taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov va rassom Vyacheslav Oxunovlarga chiqish vizasi berilmayotgani bilan bog‘liq masalani hech kim ko‘tarmadi. Bu holatni izohlagan Xudoyberdieva hala ham ichimizda hadik bor deya tan oldi:

- Birdaniga yurib ketishi qiyinku aravaniyam?! Lekin ozgina bo‘lsa ham adolat o‘z o‘zani tarafiga burilyapti¸ - deydi shoira.

Ozodlik bilan suhbatda Halima Xudoyberdieva madhiyabozlik illatiga, ijodkorning hukmdorni madh qilishi masalasiga ham to‘xtaldi:

- Laganbardorlik¸ maddohlik barcha davlarda bo‘lgan va mutlaqo qoralanishi kerak bo‘lgan illatdir. Men 3 avgust kungi uchrashuvda so‘z olib, ana shu holatga e’tibor qaratib, Amir Temurdan iqtibos keltirdim. "Agar, - deydi Amir Temur¸ - podshoh shoirni siylasa o‘sha mamlakat baxtli bo‘ladi¸ agar shoir podshohga maddohlik qilsa, o‘sha mamlakat baxtsiz bo‘ladi.” Bu gapim bilan nimaga ishora qilganimni prezident ham uchrashuv qatnashchilar ham yaxshi tushundi deb o‘ylayman¸ dedi shoira.

Suhbat so‘ngida Halima Xudoyberdieva faylasuf Demokritning “Hukmdor - xalq xizmatkori”, degan gapi ijobat bo‘ladigan davr yaqinlashganga shukrona aytdi.

Shoira davlat arbobi va 22 yil istalmagan shaxs

Shoira Halima Xudoyberdievaning "Ilk muhabbat" she’riy to‘plami 1967 yili. u Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakulteti, birinchi kursida o‘qib yurgan paytda nashr etilgan edi.

Shoira "Yosh gvardiya" nashriyotida bo‘lim mudiri, "Saodat" jurnalida Bosh muharrir sifatida ishlagan. Bundan tashqari u O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Xudoyberdieva 1994 yilda turmush o‘rtog‘i, o‘sha paytlarda Prezident Karimovning Davlat maslahatchisi bo‘lgan Mavlon Umrzoqov ishdan olingani ortidan barcha lavozimlardan bir kunda mosuvo bo‘lganini aytib berdi.

Shoiraga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda u, eri qamoqda o‘tirgan ikki yil davomida, uydan ko‘chaga chiqmagan.

Hozirga qadar shoiraning 16 ta she’rlar va bitta publitsistik asarlar to‘plami bosmadan chiqqan.

22 yillik tanaffusdan keyin 2016 yil dekabrida chop qilingan nasriy to‘plami haqida gapirarkan, Halima Xudoyberdieva: "Bu -"Yuragimning og‘riq nuqtalari", ya’ni unda jamiyatdagi yuragimga og‘riq bergan voqea-hodisalar aks etgan", - dedi.

XS
SM
MD
LG