Линклар

Tojikiston 8 avgust, seshanba kuni 1990- yillardagi fuqarolar urushi davrida sodir etilgan shov-shuvli qotilliklar, jumladan Tojikiston parlamentining sobiq raisi Safarali Kenjaevning 1999 yilda o‘ldirilishi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangani borasida bayonot berdi.

45 daqiqali hujjatli film Tojikiston davlat televideniesi orqali namoyish etildi. Unda Tojikiston IIV rahbari bayonot berib, Tehron Tojikistonda fuqarolar urushi alanga olishidan manfaatdor bo‘lganini va go‘yoki Tojikiston Islom partiyasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaganini va Eron hududlarida bu partiya uchun jangarilarni tayyorlab berganini ta’kidladi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, moliyaviy yordam va qotillik borasidagi ko‘rsatma Islom partiyasi jangarilariga Xoji Halim Nazarzoda orqali berilgan. Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari bo‘lmish bu shaxs 1990-yillarda Islom partiyasining qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan edi. Nazarzoda 2015 yilning noyabr oyida isyonga bo‘lgan urinishni bostirish maqsadida Dushanbe yaqinida o‘tkazilgan maxsus amaliyot mobaynida o‘ldirilgan edi.

1997 yildan 2004 yillarga qadar Tojikistonda bir qator jamoatchilik namoyandalari o‘ldirilgan edi. Tojikiston va Eron o‘rtasidagi keskinlik avvallari ham kuzatilgan, biroq namoyish etilgan hujjatli filmda ilk bor Dushanbe ochiqchasiga Eronni 20 yil muqaddam sodir etilgan siyosiy qotilliklarni uyushtirish va moliyalashda ayblamoqda.

O‘z navbatida film namoyish etilganidan so‘ng, Eron elchixonasi tojik tomoniga murojaat qilib, tushuntirish berilishini talab qildi. Eron diplomatik vakolatxonasining matbuot xizmati 9 avgust kuni “ayni damda Eronning Tojikistondagi elchisi mamlakat tashqarisida ekanini, elchixona rahbariyati yaqin orada mazkur filmning namoyishi bilan bog‘liq masalani muhokama qilishi” xaqida xabar berdi. "Biz, bu kabi yolg‘on ma’lumot qaerdan payddo bo‘lgani va uning manbasini oydinlashtirishimiz kerak” deyiladi elchixona xabarida.

XS
SM
MD
LG