Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:20

Davlat "Alp Jamol bank" mijozlari pulini ham olib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi


O‘zbekistonda 7 yil avval yopilgan “Alp Jamol bank”ning o‘nlab mijozlari shu bank hisoblarida qolgan mablag‘larini haligacha ololmay sarson bo‘lmoqda. Toshkentdagi ismi sir qolishini istagan hususiy shirkat egalaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana o‘nlab tadbirkorlarning milliardlab so‘m mablag‘lari shu bank hisobida qolib ketgani, ularni qaytarib olish urinishlari esa shu paytgacha natija bermay kelayotganini aytdi.

- Bank yopilganidan so‘ng “Alp Jamol bank”ning barcha ko‘char va ko‘chmas mulklarini, mablag‘larini hamda hisoblarimizdagi bizning mablag‘larni ham qo‘shib davlatga o‘tkazib yuborishgan. Yetti yildan beri shu pulimizni qaytarib ololmayapmiz. Prezidentga ham murojaat qildik, natija bo‘lmadi.- deydi toshkentlik tadbirkor.

2010 yilda O‘zbekiston Markaziy banki "Alp Jamol bank" mamlakat bank qonunchiligini buzdi, deya uning litsenziyasini bekor qilgan, bank rahbari Muhiddin Asomiddinov o‘shanda O‘zbekistondan qochib ketgan edi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, faoliyati tugatilgan paytda "Alp Jamol bank"ning aktivi 118 milliard so‘m yoki qariyb 67 million AQSh dollariga teng bo‘lgan, mijozlari soni esa 115 ming nafarni tashkil etgan.

Bank moliyaviy hujjatlari bilan yaxshi tanish ekanini aytgan toshkentlik tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, 3000 ga yaqin tadbirkorning bankdagi puli davlat hisobiga o‘tkazib yuborilgan.

- Uch mingta tadbirkor yoki firmaning 22 milliard so‘mdan oshiq puli shu bank hisobida qolib ketdi va davlatga o‘tkazib yuborildi. Hozir biz o‘ntacha firma shu pullarimizni qaytarib olishga harakat qilyapmiz. Boshqalar ham harakat qilyapti. Shaxsan mening firmamning 80 million so‘mi qolib ketdi. O‘sha paytdagi rasmiy kurs bo‘yicha 70 ming dollardan oshiq pul bu. Markaziy bankka borsak, "mablag‘lar davlat hisobiga o‘tkazilgani haqida sud qaror chiqargan, sud qarorini o‘zgartirsa qaytarib beramiz", deydi. Xullas, bank yopilishidan tadbirkorlar ancha zarar ko‘rdi, xususiy tadbirkorlarga zarba bo‘ldi bu, - deydi ismi sir qolishini istagan toshkentlik tadbirkor.

Hukm qat’iy

Toshkentning Olmazor tumani sudi 2010 yilning iyun oyida “Alp Jamol bank”ning barcha ko‘char va ko‘chmas mol-mulkini davlat foydasiga o‘tkazish haqida hukm chiqargan.

Shu hukm asosida bank mablag‘lari Xalq banki va Markaziy bankka o‘tkazilgan, Toshkentdagi "Versal" to‘yxonasi va "Sayohat" mehmonxonasi kimoshdi savdosi orqali sotilgandi.

O‘sha paytda "Alp Jamol bank"ini tugatish komissiyasining a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda etti yil avval ular sud qarorini bajarishga majbur qolganliklarini aytdi.

- Sud qarorini bajarishga majbur bo‘lganmiz. Bilasiz, bizda qonun ustivorligi bor. Sud bankni hamma mablag‘lari davlat byudjetiga o‘tkazib yuborish haqida qaror chiqardi, o‘shanda biz qaror ijrosini bajarib, hamma mablag‘larni byudjetga o‘tkazib yuborganmiz, - dedi komissiya a’zosi.

"Alp Jamol bank" mijozi bankdagi o‘z hisobiga pul qo‘ysayu bank yopilsa va sudni qarori bilan bankdagi puli boshqa mablag‘lar qatori davlat byudjetiga o‘tkazib yuborilsa, buni qanday tushinish mumkin?

Bu savolga "Alp Jamol bank"ni tugatish komissiyasining a’zosi shunday javob berdi: - Biz ijrochimiz. Sud menga mana buni mana bu yerga o‘tkaz deb qaror bersa, o‘tkazaman, o‘tkazmasam, meni jinoiy javobgarlikka tortadi. Shuning uchun byudjetga o‘tkazib yuborildi. Mijozlarning puli egasiga qaytarilishi uchun sud qarori o‘zgarishi kerak, - dedi komissiya a’zosi.

Pul mablag‘larini qaytarib olishga urinayotgan tadbirkorlar Toshkentning Olmazor tumani sudining qarorini o‘zgartirishni so‘rab o‘tgan yili Toshkent shahar va viloyat sudiga arz qilishgan, lekin Toshkent shahar va viloyat sudlari bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.

- Sudning qarori noto‘g‘ri bo‘lgan. Chunki, bank qonunni buzgan bo‘lsa, biz buzmaganmiz, bizni hech kim jinoyat ishiga tortmagan. Shuning uchun biz Toshkent shahar sudiga murojaat qildik. 2016 yil dekabrida ular ko‘rishdi va hukmni o‘zgartirishsiz qoldirdi. Biz o‘ylayapmizki, o‘sha paytda “Alp Jamol”ni balansida restoran va mehmonxonalar bo‘lgan, u narsalar hozir davlat hisobiga o‘tib ketgan. Sud qarori o‘zgartirilsa ularni ham qaytarishiga to‘g‘ri kelib qoladi-da, shuning uchun o‘zgartirishmayapti. Bizni qonuniy pullarimiz ham musodara bo‘lib ketyapti, - deydi toshkentlik tadbirkor.

Endi tadbirkorlar O‘zbekiston Oliy sudiga arz qilishmoqchi.

Mijozlar huquqlari buzilgan

Toshkentlik huquqshunos Shuhrat Qosimov tadbirkorlarning bankdagi mablag‘lari bankning noqonuniy faoliyati tufayli yopilgani sabab davlat hisobiga o‘tkazib yuborilishini qonunga zid ekanini aytadi.

- Men bu ish bilan yaxshi tanish emasman. Lekin ko‘rayotganimiz bu xolatda mijozlarning huquqlari buzilyapti. Mijozlarning bank hisobidagi puli bankning mulki emas, shuning uchun egalariga qaytarib berilishi kerak edi, - deydi toshkentlik yurist.

“Alp Jamol bank” O‘zbekistonda yopilgan va mablag‘i davlat hisobiga o‘tkazilgan yagona hususiy tijorat banki emas.

2005 yilning 19 mart kuni Markaziy bank qarori bilan o‘sha paytdagi yirik xususiy banklardan biri "Biznes bank" noqonuniy bank amaliyotlarini amalga oshirganlikda ayblanib¸ litsenziyadan mahrum qilingan edi.

Mingdan oshiq shirkat va 70 mingdan oshiq fuqaroga xizmat ko‘rsatib kelgan "Biznes bank"ning 50 million dollardan oshiq aktivlari davlat hisobiga musodara qilingan edi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda yo‘q qilingan xususiy banklar ro‘yxatida "Rustam bank" va "Parvina bank" lar ham bor.

XS
SM
MD
LG