Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:39

Andijon hokimi o‘qituvchilarni Gulnora Karimova qurdirgan shaharchani tozalashga haydadi (VIDEO)

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalayapti

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev 10 avgust kuni maktab va bog‘chalar o‘qituvchi va tarbiyachilarini Bolalar shaharchasi hududini tozalashga majburiy tarzda chiqartirdi. Ana shu majburiy “hashar”da qatnashgan guvohlarning aytishicha, o‘z xodimini ko‘cha supurishga chiqarmagan rahbarlarga ishdan haydash bilan tahdid qilingan. Shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri bugungi hashardan xabari yo‘qligini bildirdi.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev 9 avgust kechqurungi videoselektor yig‘ilishidan so‘ng maktab direktorlari va bog‘chalar mudirlarini zalda qolishga buyurgan.

Bu haqda shu yig‘ilishda qatnashgan maktab direktorlaridan biri 9 avgust kuni kechasi Ozodlikka yozdi:

“Hozirgina respublika bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yakunlanib, mikrofonlar o‘chirilgandan so‘ng, shahar hokimi direktor va mudirlar qolishini aytdi. Hokim juda ham qo‘pol tarzda bizga buyruq bera boshladi. U ertaga ertalab soat 6.00 da Andijon shahridagi Boburshoh ko‘chasida joylashgan, Gulnora Karimova tomonidan qurilgan Bolalar shaharchasi(Mehribonlik uyi) hududini obodonlashtirish hamda tozalash uchun maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilarini jalb etishga topshiriq berdi”, deb yozadi ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorlaridan biri.

Uning aytishicha, ayni kunlarda Andijon shahar 10- mavzesidagi ko‘p qavatli uylar atrofini tozalayotgan maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilariga bu qo‘shimcha topshiriq bo‘lgan:

“Shahar hokimi o‘z so‘zining oxirida "muhitni sasitmaslik"ni, bo‘layotgan topshiriqlarni muhokama qilmaslikni buyurib, “kimda kim hashardan bosh tortsa ishdan olaman”, deb do‘qladi. Aslida yuqori minbarlarda aytilayotgan so‘zlar yolg‘on, Senat a’zolari majburiy mehnat yo‘q deb cho‘pchak aytyapti, o‘qituvchi va murabbiylar tekin ishchi kuchi, mardikor sifatida quldek ishlatilayotganiga kim ishonmasa ana kelib bizning ahvolimizni ko‘rsin. Hashar degan balndparvoz chaqiriqlar jon-jonimizdan o‘tib ketdi. Hashar bo‘lsa, hokimning xotini, prokurorning qizi ham kelib ketmon chopsin. Axir hamma hududning o‘z homiylari va texnik xodimlari bor. Nega endi hamma joyni o‘qituvchi tozalab berishi kerak”, deb e’tiroz bildiradi maktab direktori.

Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalayapti
Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalayapti

Majburiy hasharda ishtirok etgan o‘qituvchilardan biri ko‘pchilik mehnat ta’tilida bo‘lgani uchun ular telefon va SMS orqali chaqirib olinganini aytadi:

“Maktabimiz direktori hamma o‘qituvchi va texnik xodimlarga ertalab soat 6.00 da Boburshoh ko‘chasidagi “Andijon” to‘yxonasi oldiga paqir, supurgi va ketmon bilan to‘planishimiz haqida SMS jo‘natdi. Hamma ham kelmadi, turli maktablardan yig‘ilganlar taxminan yuz kishi atrofida edi. Bolalar shaharchasi atrofidagi yo‘l bo‘yida qurib qolgan xas-xashaklarni ketmon bilan chopdik, yig‘dik, o‘t qo‘ydik, supurdik. Tushgacha ishlab, keyin tarqaldik”, dedi o‘qituvchi.

Ozodlikning Andijondagi mobil muxbiri 10 avgust kuni soat 14 da Boburshoh ko‘chasida ko‘cha tozalayotgan o‘qituvchi va bog‘cha tarbiyachilarini surat va videoga tushirdi.

Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalayapti
Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalayapti

O‘qituvchilar mobil muxbirga ertalab juda ko‘p o‘qituvchi va tarbiyachilar kelganini, ularning ko‘pchiligi ishini tamomlab, uyiga qaytganini aytgan.

“Men borganda 11- maktabda hokimiyat yig‘ilish qilayotgan ekan. Shuning uchun uning atrofida o‘qituvchilar ko‘cha tozalash bilan band edi. Ular bilan gaplashsam, ertalab juda ko‘pchilik bo‘lganini, Gulnora Karimova detdomini atrofidagi ko‘chalar o‘tini tozalaganini, gullar ekishganini, qurigan o‘tlarga o‘t qo‘yganini aytishdi. O‘qituvchilarning ishni tugatib ketayotganini ham videoga oldim”, deydi mobil muxbir.

Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining mudiri Muhiddin Turg‘unov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchi va tarbiyachilarning ko‘cha tozalashga chiqarilganiga oid savolga bunday javob berdi:

“Mening bundan xabarim yo‘q. Men Qirg‘izistondan kelgan mehmonlar bilan yuribman”, dedi mudir.

Andijon shahar hokimligidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda o‘qituvchi va shifokorlarning majburiy mehnatga jalb etilishi haqida so‘nggi olti oy davomida mahalliy internet nashrlari va televidenie ham har zamon gapirib turibdi.

O‘zbekiston televideniesida o‘qituvchilarning majburiy hasharlarga chiqarilishi va majburiy obunani tanqid qilgan “Bekajon” gazetasi bosh muharriri Karimberdi To‘ramurod, bu chiqishidan keyin ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi ham o‘qituvchilar majburiy mehnatga chiqarilayotganini tan olgan va bundan so‘ng bu holatga yo‘l qo‘yilmasligiga va’da bergan edi.

XS
SM
MD
LG