Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 15:27

OzodDayjest: Samarqandda mardikor bolalar muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda


Samarqanddagi mardikor bolalar muammosiga e’tibor qaratildi. Qashqadaryoda bemor bir martalik sun’iy buyrak apparatidan qayta-qayta foydalanishga majburlanmoqda. Filmi qaytarilgan rejissyor Said Muxtorov boshini devorga urib yordi.

_____________________________________________________________

Qashqadaryoda bemor bir martalik sun’iy buyrak apparatidan qayta-qayta foydalanishga majburlanmoqda

Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari bemor Ismatullo Azimovni bepul berilishi lozim bo‘lgan bir martalik sun’iy buyrak apparatidan qayta-qayta ishlatishga majburlamoqda (“Huquq”, 10 avgust). Bemorning bildirishicha, shifokorlar qonni tozalash uchun ishlatiladigan dializator filьtlarini ham bir necha marta foydalanishga majbur etmoqda. Shikoyat asosida o‘tkazilgan tekshiruvda boshqa yana bir qator qonun buzilishi hollari, xususan, muddati o‘tgan yaroqsiz dorilardan foydalanish aniqlangan. Umuman, shifokorlar mas’uliyatni chuqur his etmayotir degan xulosaga kelingan. “Sohada juda ko‘plab kamchiliklar, muammolar yig‘ilib qolganki, ular odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Davr ana shu kamchiliklarga tezroq barham berib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishni taqozo etmoqda” deb yozadi prokuratura nashri.

Ota-onasiga yordam berish uchun tsexda ishlayotgan 8-sinf o‘quvchisi barmog‘idan ajraldi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi 8-sinf o‘quvchisi ehtiyotsizlik oqibatida bitta barmog‘idan ajraldi (“Hurriyat”, 9 avgust). O‘smir ota-onamga yordam beray, maktabga kerakli narsalarni xarid qilay deya pomidor saralash sexida ishlayotgan bo‘lgan. “Bu bir baxtsiz hodisa dersiz. Lekin yetarli mehnat sharoiti yaratilmagan, xavfsizlik ta’minlanmagan, ta’minlansa-da, hali unga rioya etish ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan o‘spirinning qismati uchun kimdir javob berishi kerak-ku! Nainki uning unib-ulg‘ayishiga mas’ul ota-ona aybdor bo‘lsa!” deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, bugun Samarqand viloyatida ko‘plab bolalar pul topay, ro‘zg‘orning bir kamini to‘ldiray deya o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmoqda. “Ishonmaganlar Samarqand shahridan chiqib, Qarshiga ketadigan yo‘l bo‘yidagi mardikor bozorini ko‘rishlari mumkin. Bu yerga har kuni yuzlab yigitlar, qizlar, ayollar va bolalar kunlik ish ilinjida kelishadi. Gohida ularni ichki ishlar xodimlari olib ketayotgan yoki tarqatayotgan holatni ko‘rish mumkin”, deb yozadi gazeta.

Rejissyor Said Muxtorov Kino vaziri xonasida boshini devorga urib yordi

Rejissyor Said Muxtorov filmi namoyishiga ruxsat bermagani uchun “O‘zbekkino” agentligi bosh direktori Otabek Musaevning xonasida boshini devorga urib yordi (“Darakchi”, 10 avgust). Otabek Musaevga ko‘ra, u rejissyor S.Muxtorovga filmini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga ko‘rsatib ko‘rishni taklif qilgan, ammo u ko‘nmagan. Suhbatda aynan qaysi film haqida so‘z borayotgani ochiqlanmagan. “Kino bu san’at, professionalizm, shu bois undan tadbirkorlik tushunchasini ajratib tashlash kerak. Filmini Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrda namoyish qilishga ruxsat olish uchun sanoqsiz “rejissyor”lar keladi. Lekin birortasii kino mohiyati bo‘yicha so‘z ochmaydi. “Qarz olganman, qizimni uzatishim kerak” kabi uzundan-uzoq dardini dasturxon qiladi. Mana bu haqiqiy fojia!” degan O.Musaev. Qayd etilishicha, ayni paytda kinodagi plagiatlik – g‘oyaviy o‘g‘irliklarga qarshi kurash ham dolzarb ahamiyat kasb etgan. “Yarim yil ilgari plagiatlikka qo‘l urgan rejissyorning “Daydi” filmi namoyishini to‘xtatgandik. Hozirgacha ustimdan tegishli idoralarga shikoyat xati bilan murojaat qiladi”, degan O‘zbekiston kino vaziri.

XS
SM
MD
LG