Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:05

OzodDayjest: Kirill - asosiy, lotin ikkinchi alifbo?


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.

Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev prezidentga yo‘llagan maktubida ona tiliga e’tibor susayib ketganidan tashvish bildirdi. Matbuot agentligi rahbari tarbiyaga “salbiy ta’sir”li nashrlarga qarshi ayovsiz urush e’lon qildi. Prokuratura prezident virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarga beparvolik bilan yondoshayotgan mansabdorlarni jazolamoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealarga e’tibor qaratdi.

_____________________________________________________________

Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev Prezident Shavkat Mirziyoevga: O‘zbek tili hakka cho‘qigandek chuchmal tilga aylanayotganidan xavotirdamiz

Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yo‘llab o‘zbek tiliga e’tibor susayib ketganidan xavotir bildirdi (“Kitob dunyosi”, 9 avgust). “Ko‘cha-ko‘ydagi peshlavhalarga qarasangiz, O‘zbekistonda emas, ajnabiy yurtda yurgandeksiz. Unda-bunda ko‘zga tashlanadigan “Dorixona” yoki “Milliy taomlar” degan yozuvlargina qaerda ekaningizni yodga soladi. Ochig‘i, ona tilimizning mav­qei va kelajagi bilan bog‘liq xavotirli mulohazalar bisyor. Biz bugun yoshu kattadan ingliz tilini bilishni talab qilyapmiz-u, o‘zbek tiliga beparvomiz. Hakka cho‘qigandek chuchmal til va rango-rang shevayu lahjalar rasmiy-norasmiy barcha jabha-jarayonlarga singib boryapti” deyiladi maktubda. Ona tili mavqeini ko‘tarish uchun esa xorijiy va milliy tajriba asosida “O‘zbek tili jamiyati” tuzish lozimligi ta’kidlanadi.

Maktubda, shuningdek, “o‘ta muhim va g‘oyat og‘riqli muammo” sifatida alifbo masalasiga e’tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, lotin alifbosi o‘zbek tili tabiatiga unchalik muvofiq emas va shu bois mana, uchinchi o‘n yillik to‘lib boryaptiki, ko‘pchilik hanuz bu yozuvga moslasha olmayotir. Adabiyotshunos Shuhrat Rizaev Prezident Shavkat Mirziyoevga fursat o‘tmasidan kirillni – asosiy, lotinni ikkinchi alifbo sifatida qonunlashtirishni taklif etadi.

Matbuot agentligi rahbari tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xususiy nashrlarga qarshi ayovsiz urush e’lon qildi

Yaqinda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori etib tayinlangan Laziz Tangriev “Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz” nomli murojaat bilan chiqdi. Bir qator matbuot nashrlarida chop etilgan murojaatga ko‘ra, agentlik ma’naviyatga zarba berayotgan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xususiy ommaviy axborot vositalariga qarshi murosasiz urush e’lon qilgan. “Endi ularni “qonunni buzmang” degan yumshoq va sip-silliq taqdimnomalar yuborib, ogohlantirish emas, balki qilayotgan noma’qulchiliklarini ko‘rsatib, xalqimiz, jamoatchilik oldida izza qilish fursati etdi”, deb hisoblaydi agentlik rahbari L.Tangriev.

Prezident virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarga beparvo rasmiylar jazolanmoqda

Prokuratura idoralari Prezident virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga beparvolik qilayotgan mansabdorlarni jazolashda davom etmoqda. Bu haqda “Huquq” nashri xabari qiladi. Masalan, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimligi 23 nafar fuqaroning murojaatlarini ko‘rib chiqishni kechiktirgan. Baxt shahri va Sirdaryo tumani hokimligi tomonidan ham bu kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qayd etilishicha, zikr etilgan hududlar hokim o‘rinbosarlari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

XS
SM
MD
LG