Линклар

Xalqaro o‘yinlar oldidan Turkmaniston politsiyasi poytaxtni tilanchi bolalardan tozalamoqda


Sentabrda boshlanadigan xalqaro musobaqalar oldidan avtobus haydovchilariga ham bir xil kiyim kiyish buyurildi.

Sentabr oyiga belgilangan Yopiq inshootlarda jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlari (AIMAG) oldidan Turkmaniston politsiyasi ko‘chalarni tilanchi bolalardan tozalashga kirishdi. Bu haqda Ozodlik radiosiga oddiy ashxobodliklar, oilasini farzandlaridan biri tilanchilik bilan topayotgan pulga boqayotgan ota-onalar aytib berdi.

Ashxobodda yashovchi Amanmurat Bugaeving aytishicha, politsiya xodimlari shahar ko‘chalarida tilanchilik qilib yurgan bolalarni uylariga jo‘natib, ularga boshqa ko‘chaga qaytib chiqmaslikni buyurmoqda.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektor, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan, shahar ko‘chalari qanday qilib tilanchi bolalardan tozalanayotgani haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, politsiya xodimlari tilanchi bolalarni ota-onalariga olib borib, ularni bolalarga tilanchilik qildirish qonunga xilof ekanligi haqida ogohlantirmoqda. Inspektorga ko‘ra, ayrim hollarda bunday bolalarning ota-onalarini politsiya bo‘limiga chaqirib, rasmiy ogohlantirish berishmoqda.

Zobit ushbu amaliyotdan asosiy maqsad mamlakat imijini saqlab qolish ekanligini, lekin yana bir maqsad bolalarni himoya qilish ekanligini ta’kidladi.

“Nogironlik aravachasida tilanchilik qilayotgan nogiron odam har qanday mamlakat imijini buzadi. Asosiy maqsad milliy obro‘ga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalar bilan kurashishdir”, dedi u.

Ashxobod ko‘chalarida tilanchi bolalarni ko‘p uchratish mumkin. Ayrim oilalar bolalari tilanchilik qilib topgan pul bilan kun kechiradi.

Bolalari tilanchilik qiluvchi ayrim ota-onalar hukumat ularni yagona daromad manbaidan quruq qoldirayotganidan nolidi.

Ozodlik radiosi turkman xizmati Ashxobodda yashovchi to‘rt ota-ona bilan suhbatlashdi. Ular farzandlari ko‘chada topgan pul kun ko‘rishlari uchun muhim ekanligini aytishdi.

O‘g‘li ko‘chada tilanchilik qiladigan ishsiz ona: “Oialamizda nogiron o‘g‘limdan boshqa yana uch kichik bolamiz bor”, dedi. Oila kun kechirish uchun nogiron o‘g‘ilga hukumat ajratadigan mablag‘ga tayanadi.

“Ish bo‘lsa, ishlagan bo‘lardim. Shuning uchun bolalarimizni ko‘chaga chiqarib, saxiy odamlar xayriyalarini kutamiz”.

Ota-onalar farzandlari ko‘chada qancha pul topishini aytishdan bosh tortishdi.

Turkmanistonda ishsizlik keng tarqalgan. Ammo hukumat ishsizlik haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilmaydi. Ayrim nashrlarga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik 50-60 foizni tashkil qiladi.

Turkmaniston Turizm vazirligi vakillarining ma’lum qilishicha, Ashxobodda sentabrda o‘tuvchi Yopiq inshootlarda jangovar yakkakurashlar bo‘yicha Osiyo o‘yinlariga “dunyo mamlakatlaridan 150 mingga yaqin tomoshabin” kelishi kutilmoqda va bu tadbir Turkmaniston uchun uzoq kutilgan daromad manbai bo‘lishi mumkin.

AIMAG tashkilotchilariga ko‘ra, 62 mamlakatdan o‘zaro kurashish uchun taxminan 5500 nafar sportchi, yana 1200 nafar ularga hamrohlik qiluvchilar, jumladan, trenerlar va rasmiy delegatsiyalar a’zolari keladi.

Rasmiylar o‘yinlar oldidan viloyatlarda yashaydiganlarning poytaxtga kelishini cheklab, shaharni it va mushuklardan ham tozalamoqda.

XS
SM
MD
LG