Линклар

Buxoro viloyati maktab o‘qituvchilari bu yilgi paxta terimida qatnashish uchun tilxat yozib berishga majburlanyapti. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan o‘qituvchilarning aytishlaricha, barcha maktablar o‘qituvchilari “bu yilgi paxta hosilini nest-nobud qilmay” terib berishga kafolati yozilgan tilxatni terim uchun tashkil qilingan otryadlarning boshliqlariga beryapti. Rasmiylar esa bu yil o‘qituvchilar paxta terimiga chiqarilmasligini aytmoqda.

Buxoro tumanining 39 – umumta’lim maktabida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri, hamkasblaridan biri yozgan kafolat xati nusxasini Ozodlikka yubordi. Unda bunday yozilgan:

“Men 2017 yil uchun yetishtirilgan paxta hosilini nest-nobud qilmay, sifatli va o‘z vaqtida terib berishga kafolat beraman”.

O‘qituvchi yozgan kafolat xati nusxasi
O‘qituvchi yozgan kafolat xati nusxasi

O‘zbek tili adabiyoti o‘qituvchisi nomidan yozilib, imzo qo‘yilgan bu kafolat xati otryad boshlig‘i Ilhom Ne’matov nomiga bitilgan.

Ozodlik bu xatni surishtirish davomida shu maktabning ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir o‘qituvchisi bilan bog‘landi.

O‘qituvchi bunday kafolat xatlarini barcha o‘qituvchilar yozib berganini tasdiqlar ekan, muallimlarni paxta terimiga tayyorlash haqidagi buyruq Buxoro tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Po‘lot Xolov tomonidan berilganini aytdi:

“Bu birgina bizning maktabda bo‘layotgan voqea emas, tumanning barcha o‘qituvchilaridan shunday tilxat olinyapti. Hozir pedsovetlarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, yangi ta’lim standardlarini qanday o‘zlashtirish, qanday qilib ta’lim sifatini oshirish haqida emas, paxta terimiga tayyorgarlik ko‘rish, otryadlar tuzish, tilxatlar olish haqida gap bo‘lyapti. Biz, o‘qituvchi emas, qishloq xo‘jaligi xodimi bo‘lib qoldik”, deydi muallim.

O‘qituvchining aytishicha, har yili ular kuz oylarini paxta dalasida o‘tkazishadi:

“O‘tgan yili 15 kundan yotoqqa borib paxta terdik. Darslar qolib ketdi. Ba’zan maktabda 3-4tagina o‘qituvchi qolardi. Fizik adabiyotdan dars beradi, mehnat muallimi matematikadan. Axir bunday ahvolda, qanaqa ta’lim standarti haqida gap bo‘lishi mumkin. Undan ko‘ra, buni ta’lim va dala ishlari standarti deb atashsa to‘g‘ri bo‘lardi. Ilgari mansabini suiste’mol qilgani uchun sudlanib chiqqan xalq ta’limi bo‘limi mudiri Po‘lot Xolov yana qaytib mudirlikka qo‘yildi. Endi u ta’lim sifatini yaxshilash bilan emas, aksincha yomon ko‘rgan o‘qituvchi va RayONO xodimlarini ishdan bo‘shatish va hokimiyatga yoqish uchun uning buyruqlarini so‘zsiz bajarish bilan shug‘ullanmoqda. O‘qituvchi taqdiri va bolalar savodxonligi umuman esdan chiqib ketgan”, deydi o‘qituvchi.

Ozodlik o‘qituvchilarning bu iddaolariga munosabat olish uchun Buxoro tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Po‘lot Xolov bilan bog‘landi.

Mudir o‘qituvchilarning paxta terimiga kafolat xati yozib berishga majburlanayotganini eshitganidan so‘ng, “bundan xabarim yo‘q”, dedi-da, aloqani uzdi. Mudir bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Amrulla Safarov Ozodlik bilan suhbatda bu yil o‘qituvchilarning paxta terimiga chiqarmaslik haqida prezidentning topshirig‘i borligini aytdi:

- Bu gaplar noto‘g‘ri. Mana prezidentimiz ham oxirgi selektorda birorta ham o‘qituvchi paxta jalb qilinmaydi, deb aytdi. Hech qanday kafolat xati bo‘lmagan, bu yolg‘on gap, dedi Amrulla Safarov.

O‘zbekiston mahalliy nashrlari va televideniesi o‘qituvchilarni dala ishlariga jalb qilinayotganini har zamon tanqid qilib turgan bo‘lsa ham, joylarda o‘qituvchilarni terimga chiqishi haqida og‘zaki ko‘rsatmalar bo‘layotgani aytiladi.

Jumladan, Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev 1 avgust kuni kechasi soat 10 da viloyatdagi korxona, tashkilotlar, byudjet idoralari rahbarlarini chaqirib, shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan edi. Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan rahbarlardan birining aytishicha, hokim sentabr oyida boshlanadigan paxta terimi kampaniyasi uchun 50 kishilik otryadlar tuzishni, barcha tashkilotlar rahbarlariga terimga odam chiqarishni buyurgan edi.

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xalqaro press-klubdao‘qituvchi va shifokorlar endi qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilmasligini va’da qildi.

Hokim o‘qituvchilarning obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani haqidagi savolga javob berar ekan: "Bu bor haqiqat, buni yashirib bo‘lmaydi. Ularni nafaqat obodonlashtirish ishlarida, hatto qishloq ho‘jaligi ishlarida ham ishlatib keldik. O‘qituvchining o‘zining ishini qildirmadik, fermerga bog‘ladik. Vrachlarimizga o‘z ishini qildirmadik, QVPda o‘z ishlari qolib, qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band bo‘lishdi. Natijada nima bo‘ldi, natijada bugun onalar o‘limi oshdi, go‘daklar o‘limi oshdi", - deb ta’kidladi.

O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilishi yillardan beri xalqaro tashkilotlari tarafidan tanqid etib kelinadi.

Human Rights Watch tashkiloti hisobotida qayd qilinishicha, har yili bir milliondan ortiq ishchi O‘zbekistonda majburan paxta terimiga jalb etiladi.

XS
SM
MD
LG