Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:05

Testdan yiqilgan toshkentliklarni Chirchiq pedinstituti qabul qiladi


Test sinovlarida 68 balldan kam to‘plaganlar Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga qabul qilinishiga umid qilishi mumkin.

Bu ma’lumotni Ozodlik tilga olingan o‘quv yurti vakilidan oldi.

O‘zbekiston prezidenti 27 iyulda imzolagan qaror bilan tashkil etilayotgan Chirchiq pedinstitutiga faqat Toshkent viloyatida doimiy yashayotganlar qabul qilinadi.

Test sinovlarida to‘plagan ballari ozligi uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy o‘quv yurtlariga kirolmaganlar ChDPI talabasi bo‘lishi mumkin.

Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijalari e’lon qilingan 15 avgust kuni Xalq ta’limi vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, Chirchiq davlat pedagogika institutiga qabul qilinadiganlar ro‘yxati Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy o‘quv yurtlariga qabul yakuniga etgach, tuziladi.

Binobarin, vazirlikning o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, abiturientlar to‘plagan ballarning ChDPIga qabul qilinish uchun yetarli bo‘ladigan eng quyi chegarasi haqida gapirish, hozircha, erta.

Prezident qarori bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyi hamda Chirchiq ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binolarini egallayotgan yangi pedinstitutda shu kunlarda birinchi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda.

ChDPIga qabul tartibi

ChDPIga talaba qabul qilishning tartibiga to‘xtalgan yangi o‘quv yurti xodimining aytishicha, abiturient 68 balldan ko‘proq to‘plagan bo‘lsa va propiskasi Toshkent viloyatida bo‘lsa, Davlat test markazi uning familiyasini avtomatik tarzda Chirchiq pedinstitutiga yuboradi va abiturientga Test markazidan telefon qilib, “siz Toshkent davlat pedagogika universitetida emas, Chirchiq pedinstitutida o‘qishga tavsiya etildingiz”, deb aytishadi.

Institut vakili yana bir muhim jihatga to‘xtaldi. Aytaylik, propiskasi Toshkent viloyatida bo‘lgan abiturient 68 balldan kam to‘plagan, lekin undan oldin turgan abiturient ko‘proq to‘plaganu ammo boshqa viloyatdan. Bu holatda o‘qishga 68 dan kam to‘plagan Toshkent viloyatilik qabul qilinadi.

Bu yil ChDPIga hammasi bo‘lib 750 talaba qabul qilinadi, o‘qish barcha talabalar uchun pullikdir.

"68" qaerdan keldi?

Oliy o‘quv yurtiga qabul qilinishi uchun abiturient test sinovlarida to‘playdigan ballarning eng quyi chegarasi (68 ball) O‘zbekiston prezidentining joriy yil 5 mayidagi qarorida belgilab qo‘yilgan.

“To‘lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abiturientlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi”, deyilgan qarorda. Shu qarordan so‘ng abiturientlar va ularning orasida “superkontrakt” tushunchasi muomalaga kirdi.

ChDPIda kontrakt narxi necha pul?

Prezident qarorida “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga 2017/2018 o‘quv yili uchun talabalar o‘qishga amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori bo‘yicha tasdiqlangan kvota doirasida qabul qilinsin”, deyilgan.

Xalq ta’limi vazirligi mulozimi Ozodlikka “Kontrakt bo‘yicha to‘lov miqdori boshqa pedinstitutlarda qancha bo‘lsa, Chirchiqda ham shuncha bo‘ladi”, - dedi.

Prezident Mirziyoev 23 iyunda imzolagan qarorga muvofiq¸ 2017-2018 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavr va magistrlik bosqichida o‘quvchilar to‘laydigan kontrakt summasi oshmaydigan bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2016 yilning 17 avgustida bir yillik o‘qish narxlari tasdiqlagan edi.

O‘zbekiston prezidentining Chirchiq pedinstitutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorida bu hujjat “Toshkent viloyati maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish” maqsadida qabul qilingani aytilgan.

Chirchiq - o‘quv yurtlar shahri?

Chirchiqda bu yil pedinstitutdan tashqari Jismoniy tarbiya instituti ham ish boshlaydi.

Mahalliy nashrlarning xabar qilishicha, prezident Mirziyoev 10 avgustda imzolagan "O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti poytaxtdan Chirchiq shahriga ko‘chiriladi.

2017-2018 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida ta’limning sirtqi bo‘limi ham tashkil etiladi.

XS
SM
MD
LG