Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:39

Qaysi biri to‘g‘ri: O'zbekiston, O’zbekiston, O`zbekiston yoki Oʻzbekiston?


 «o‘» va «g‘» harflari hamda tutuq belgisi qanday yozilganiga e’tibor qarating: «Assalom navroʻz!» va «Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi».
«o‘» va «g‘» harflari hamda tutuq belgisi qanday yozilganiga e’tibor qarating: «Assalom navroʻz!» va «Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi».

Yozuvning zer-zabariga e’tibor beradigan sinchkov saytxon, albatta, sarlavha zamiridagi "yumor"ni darrov ilg‘adi: gap 4 marta yozilgan "O‘zbekiston" so‘zidagi "O‘"ni "O‘" qilgan tutuq belgisi ustidadir. Belgilari, demadik. Belgisi, dedik. Chunki 4 variantdan bittasidagina "O‘" "O‘" dir.

Yetakchi o‘zbek vikipediyachilaridan biri, yosh tadqiqotchi Nodir Otaevning latinitsa asosidagi o‘zbek yozuvining ayrim muammolariga bag‘ishlangan maqolasini "kirillmi-lotin?" bahsi avjiga chiqqan shu kunlarda e’tiboringizga havola qilayapmiz.

Nodir boshlab berayotgan mavzuni davom ettirmoqchi mutaxassislar uchun saytimiz doim ochiq.

***

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonun bundan qariyb 25 yil oldin - 1993 yilning 2 sentabrida qabul qilingan. Ammo yangi yozuvga o‘tish jarayoni haligacha o‘z yakuniga etgani yo‘q. Yangi yozuvda muammolar, noaniqliklar bisyor. Shu sababdanmi yo boshqa sabablari bormi, har holda, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning 2008 yilgi yangi nashri kirill yozuvida nashr qilindi.

Yangi yozuvda eng katta noqulayliklarni «o‘» va «g‘» harflari hamda tutuq belgisi keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda ushbu harflarni yozishda qabul qilingan belgilar o‘rniga turli-tuman belgilar ishlatilmoqda.

Ko‘pchilik «o‘» va «g‘» harflarini hamda tutuq belgisini yozishda inglizcha apostrofdan (Yunikod kodi U+0027) foydalanadi, masalan: o'zbek, ma'no.

Ayrimlar esa, o‘ng yakka qo‘shtirnoq (Yunikod kodi U+2019) ishlatadi: o’zbek, ma’no.

Yana ba’zilar esa, keskin urg‘u belgisidan (Yunikod kodi U+0060) foydalanadi va o`zbek, ma`no, deb yozadi.

Vaholanki, bularning barchasi xato. Aslida oʻzbek, maʼno yozilishi kerak.

«O‘» va «g‘» harflari

O‘zbek lotin yozuvida «o‘» va «g‘» harflarini yozish uchun Polineziya xalqlari tillarida ishlatiladigan, okina deb ataluvchi belgiga o‘xshash belgidan foydalanish kerak. O‘zbek tilidagi belgini okina deb atay olmaymiz, chunki uning vazifasi boshqacharoq.

O‘zbek lotin yozuvida «o‘» va «g‘» harflarini yozishda yoki yozuvni o‘zgartuvchi teskari vergul (ingl. modifier letter turned comma) (ʻ) (Yunikod kodi U+02BB), yoki chap yakka tirnoq (ingl. left single quotation mark) (‘) (U+2018) qo‘llanilishi kerak. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan. Shunday bo‘lsa-da, Unicode Consortium saytida o‘zbekcha „o‘“ va „g‘” harflarini yozish uchun yozuvni o‘zgartuvchi teskari vergul ishlatilishi kerak, deyilgan.

Bu belgilar o‘rtasidagi farqni aksar shriftlarda anglab bo‘lmaydi:

O‘zbekcha Vikipediya va boshqa ba’zi bir saytlarda yozuvni o‘zgartuvchi teskari vergul ishlatiladi. Aksar davlat saytlari esa chap yakka tirnoqni ishlatadi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilangunicha, har ikki belgidan foydalanish mumkin. Asosiysi, ishlatilgan belgi chiziqdan yuqorida yozilgan, teshigi bo‘yalgan 6 raqamiga o‘xshashi kerak (6). Ko‘p shriftlarda bu 180 gradusga aylantirilgan vergulga o‘xshaydi.

Tutuq belgisi

O‘zbek lotin yozuvida tutuq belgisini yozishda yoki yozuvni o‘zgartuvchi apostrof (ingl. modifier letter apostrophe) (ʼ) (U+02BC), yoki o‘ng yakka tirnoq (ingl. right single quotation mark) (’) (U+2019) qo‘llaniladi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan. Unicode Consortium saytida tutuq belgisini yozish uchun yozuvni o‘zgartuvchi apostrof ishlatilishi kerak, deyilgan.

«O‘» va «g‘» harflari misolidagidek, yozuvni o‘zgartuvchi apostrof bilan o‘ng yakka tirnoq o‘rtasidagi farqni aksar shriftlarda ko‘z bilan anglab bo‘lmaydi:

O‘zbekcha Vikipediya va boshqa ba’zi bir saytlarda yozuvni o‘zgartuvchi apostrof ishlatiladi. Aksar davlat saytlari esa o‘ng yakka tirnoqni ishlatadi. Asosiysi, ishlatilgan belgi chiziqdan yuqorida yozilgan, teshigi bo‘yalgan 9 raqamiga o‘xshash bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak (9). Ko‘p shriftlarda bu qator yuqorisida yozilgan vergulga o‘xshaydi.

U+02BB bilan U+02BC ma’qulmi, yoki U+2018 bilan U+2019?

O‘zbek lotin yozuvida «o‘» va «g‘» harflarini yozishda yozuvni o‘zgartuvchi teskari vergul (U+02BB) ishlatilgan joyda tutuq belgisini ifodalash uchun yozuvni o‘zgartuvchi apostrofdan (U+02BC) foydalanish kerak. Mos ravishda, «o‘» va «g‘» harflarini yozishda chap yakka tirnoq (U+2018) ishlatilsa, tutuq belgisini o‘ng yakka tirnoq (U+2019) yordamida yozish kerak. Bu ikki guruh belgining ijobiy va salbiy jihatlari bor. Ular bilan quyidagi jadvalda tanishishingiz mumkin:

Qaysi belgilar sizga ma’qul kelishidan qat’i nazar, o‘bek lotin yozuvida «o‘» va «g‘» harflarini yozishda 180 gradusga aylantirilgan vergul va tutuq belgisi uchun chiziq tepasida yozilgan vergulga o‘xshash belgi ishlating. Inglizcha apostrof (') va `, ya’ni keskin urg‘u (ingl. grave accent) belgisidan foydalanish esa mutlaqo xatodir.

Rasmiy qonun chiqarilgunicha, har kim xohlagan belgisini ishlatishda davom etadi. Quyida ayrim o‘zbekcha saytlar asosan qaysi belgilardan foydalanishi ko‘rsatilgan.

Nodir OTAEV

XS
SM
MD
LG