Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:59

Toshkent shahar hokimi Borovskiy kolleji yopilmasligini e’lon qildi


Borovskiy kollejida 8 avgust kuni yuzaga chiqqan stixiyali norozilik tadbirini Toshkent shahar hokimi ikki soatdan keyin bostirishga muvaffaq bo‘ldi.
Borovskiy kollejida 8 avgust kuni yuzaga chiqqan stixiyali norozilik tadbirini Toshkent shahar hokimi ikki soatdan keyin bostirishga muvaffaq bo‘ldi.

Yopilmasligi e’lon qilingan Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji o‘quvchilari ota-onalari prezident Mirziyoev, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov hamda Ozodlikka rahmat aytmoqda.

14 avgust kuni ertalab Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov kollejning 2-, 3- bosqich o‘quvchilari o‘qishni ayni binoda tugatishi va ularga Borovskiy kollejini tugatganlik diplomi berilajagini e’lon qildi.

Bu haqda Ozodlikka mazkur uchrashuvda bevosita qatnashgan ota-onalardan biri ma’lum qildi.

Tonggi majlis

Bizni ertalabki soat 7:45 chaqirishdi. Kollej binosidagi uchrashuvga hokim Usmonov¸ uning o‘rinbosari¸ Sog‘liqni saqlash vaziri¸ O‘rta, maxsus kasb-hunar ta’limi Markazi rahbari keldi. 50 ka yaqin ota-ona qatnashdi. Har bir guruhdan kamida bittadan vakil chaqirishipti¸ yana Tashabbus guruhi a’zolarini chaqirishdi. Majlis 20 minutcha davom etdi. Hokim: “Bolalaringiz Borovskiyni ayni hozirgi binoda o‘qib-bitiradi¸ Borovskiyning diplomini oladi”¸ dedi. Quvonganimizdan yig‘lab yubordik"¸ dedi o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan yig‘in ishtirokchilaridan biri.

Borovskiy kollejiga qabul qilingan o‘quvchilarga uni bitirish imkoni berilishi talabi bilan hokimiyat idoralariga tinimsiz shikoyat qilgan ota-onalar Tashabbus guruhi a’zolaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ kollejda sentabrdan o‘qish jarayonini davom ettirishga hozirlik ishlari boshlangan.

Kollej ma’muriyatining Ozodlik 16 avgust kuni bog‘langan rasmiysi¸ bu ma’lumotni tasdiqladi.

“Hammasi yaxshi hal bo‘ldi. Dushanba kungi majlisda faqat ota-onalar qatnashdi¸ ular hokimning xabaridan xursand¸ albatta. Kollejimiz qanday turgan bo‘lsa¸ shunday turibdi va hozir yangi o‘quv yiliga har yilgidek tayyorgarlik boshlandi. Grafiklar¸ o‘quv rejalari¸ jadvallar tuzilayapti”¸ dedi Borovskiy kolleji xodimlaridan biri.

“Borovskiy haqida hech qanday yozma qaror yo‘q edi”

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan va o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi rasmiysi 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Borovskiy kolleji faoliyatining yana ikki yil davom etishiga qaror berilganini tasdiqladi.

“Dushanba kuni buni shahar hokimining shaxsan o‘zi buni e’lon qildi. Borovskiy kollejini yopish haqida hech qanday qaror yo‘q edi¸ shuning uchun yopilmaydi¸ degan yozma qaror ham yo‘q qo‘limizda. Kollejning 2-, 3-bosqich o‘quvchilari o‘qishini oxiriga yetkazadi. Bor gap shu”¸ dedi mazkur boshqarmaning Ozodlik gaplashgan rasmiysi.

Yopilish tahlikasi tarixi

2- bosqich o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov o‘z kursdoshlari kaltagidan so‘ng iyun oyida vafot etganidan ko‘p o‘tmay¸ Borovskiy nomidagi Toshkent Tibbiët kollejini yopish haqida eng yuqori – prezident darajasida qaror berilgani haqidagi norasmiy xabarlar tarqagan edi.

Borovskiy kollejining 2017-2018 o‘quv yiliga yangi o‘quvchi qabul qilmagani¸ uning butunlay yopilishi haqidagi bu ovozalarni yanada kuchaytirib yubordi.

15 iyun kuni kollej o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan favqulodda majlisda kollej rahbariyati o‘quv ishlari, ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani va kollejning o‘quv xonalari talabga javob bermasligi bois uni yopishga qaror qilinganini ma’lum qildi.

2-, 3- bosqich o‘quvchilarini “o‘qishni boshqa kollejda davom ettirishga ruxsat berishingizni so‘rayman” degan mazmundagi tilxat yozdirishga majburlash jarayoni ortidan¸ 8 avgust kuni ota-onalarning stixiyali norozilik yig‘ini yuzaga chiqdi.

Borovskiyning 2-, 3- bosqichida 2127 ta o‘quvchi bor. Ular ruscha yevropotok va o‘zbekcha natspotokda o‘qishadi. Yevropotok ota-onalari shikoyat yozib¸ Tashabbus guruhi tuzib¸ prezident va boshqa rahbarlarga murojaat qilishga kirishganidan keyin¸ ularni tinchitish uchun natspotokdan foydalanmoqchi bo‘lishdi. O‘zbeklar nima desak¸ indamay rozi bo‘ladi¸ deb o‘ylashdi shekilli. 8 avgust kuni o‘zbek guruhlari o‘quvchi va ota-onalarini chaqirtirib¸ “boshqa kollejda o‘qishga roziman”¸ deb yozinglar¸ deyishdi. Lekin bu bosimga o‘zbek o‘quvchi va ota-onalar shu qadar keskin norozilik bildirishdiki¸ hokim ularni zo‘rg‘a tinchitdi. Oradan bir haftacha o‘tib¸ hukumatning ota-onalar talabiga yon berganini ma’lum qilishdi”¸ deydi 8 avgust kungi stixiyalik norozilik tadbirida qatnashgan ota-onalardan yana biri 16 avgust kungi suhbatda.

“Jarayonga o‘zbekcha xotima yasaylik”

Ikki oydan ko‘proq davom etgan Borovskiy kolleji taqdiri bilan bog‘liq jarayonlarni kuzatish asnosida Ozodlik kollej o‘quvchilari ota-onalaridan bir nechtasi bilan muntazam bog‘lanib keldi.

16 avgust kungi suhbatda ular o‘z noroziliklari inobatga olinib¸ hokimiyat to‘g‘ri qaror chiqargani uchun minnatdorlik bildirish istagini bildirishdi.

O‘zlari muammo yaratib¸ o‘zlari bizni notinch qilib¸ shuncha asabbuzarliklarga sabab bo‘lishdi. Lekin bugun endi o‘zbekchiligimizga borib¸ baribir rahmat aytmasak bo‘lmaydi.

Birinchi minnatdorchiligimiz¸ shaxsan prezidentimiz Mirziyoevga. U kishiga Borovskiyda faqat poraxo‘rlarning savodsiz¸ bezori bolalari o‘qiydi¸ deb kollejni rosa yomonlashdi¸ jahlini chiqarishdi. Lekin prezident bunaqa noto‘g‘ri gaplarni shipshitgan rasmiylarga emas¸ xalqqa quloq soldi. U kishi bizning arzimizni¸ balki Ozodlik orqali eshitdi¸ sizlargayam rahmat.

Ikkinchi minnatdorchiligimiz¸ Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovga. Bu odam boshidanoq xalq tarafida bo‘ldi¸ bizga ërdam berish uchun astoydil harakat qildi. Rahmat u kishiga. Lekin Sog‘liqni saqlash vazirligidan rozi emasmiz. Ular bizni yopib¸ binomizni kimlargadir olib berish uchun o‘z o‘yinini o‘ynadi¸ lekin o‘xshamadi”¸ dedi Borovskiy kolleji o‘quvchilari ota-onalari Tashabbus guruhi nomidan gapirgan suhbatdosh.

Iyun oyida Borovskiy kolleji o‘rnida MXX maktabi ochilishi rejalangani haqidagi xabar paydo bo‘lgan va 8 avgust kuni Ozodlikka bog‘langan kollejdagi jarayonlardan xabardor ayrim ota-onalar¸ 6 avgust kuni kollejda MXX maktabi uchun texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari boshlanganini bildirgan edi.

Ozodlik bilan 16 avgust kungi suhbatda kollej ma’muriyati vakili¸ bunday jarayondan bexabarligini¸ uni na tasdiqlay va na inkor qila olishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG