Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:14

OzodDayjest: Xaridorlar maktab bozoridagi narxlardan nolimoqda


Maktab bozoridagi narxlar xaridorlar noroziligiga sabab bo‘layapti. Toshkentdagi anhorga g‘arq bo‘lgan “Neksiya”dan ikki jasad topildi. Janozada azadorlar tomonidan pul tarqatish odati keskin tanqid qilindi.

_____________________________________________________________

Maktab bozorida narx qimmat, terminal ham ishlamayotir

Yangi o‘quv yili arafasida maktab uchun kerak buyumlar narxi qimmat ekani kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 17 avgust). Ayrim tikuv sexlari maktab formalari bahosini sun’iy ravishda oshirmoqda. Ota-onalar Toshkentda bir komplekt forma 250 ming so‘mga tushayotganini ma’lum qilgan. Aslida esa maktab formasi ota-onalarga yengillik yaratishi, narxi hamyonbop bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, maktab bozorlarida plastik kartochkalar orqali to‘lovni qabul qilishdan bosh tortish hollari kuzatilmoqda. “Bozordagi nechta do‘konga kirgan bo‘lsak, birortasida terminalga ko‘zimiz tushmadi... Savol tug‘iladi: qani uzluksiz ishlayotgan o‘sha terminal? Nega hanuzgacha to‘lovlarda tafovut bor? Nima uchun tadbirkoru sotuvchilar plastik karta uchun qo‘shimcha ustamani emin-erkin so‘raydi?” deb yozadi gazeta.

Toshkentdagi anhorda shirakayf ikki kishi cho‘kib o‘ldi

Toshkent shahrining Oqtepa maydonidan oqib o‘tuvchi anhorga “Neksiya” avtomobili g‘arq bo‘ldi (“Postda”, 12 avgust). Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchi-g‘avvoslari mashinani olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Mashina ichidan ikki kishining murdasi topilgan. Tekshiruvdan keyin ular spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda mashinaga o‘tirgani aniqlangan. G‘avvoslarga ko‘ra, suv tubiga cho‘kib ketgan odam uzog‘i bilan 5-6 daqiqa ichida olib chiqilsa, uning hayotini saqlab qolish mumkin. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ruxsat etilmagan yoki qutqaruv xizmati tashkil etilmagan havzalarda cho‘kish hollari qayd etilayotganini ma’lum qilgan. Boshqarma vatandoshlarni xavfsizlikni ta’minlash imkonsiz bo‘lgan ovloq joylarda cho‘milishdan qaytargan.

Kimga to‘y, kimga aza: janozada pul tarqatish odati davom etmoqda

Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarining ayrim hududlarida boshiga musibat tushgan azadorlarning jonliq so‘yib, kelgan-ketganlarga “hayrot puli” tarqatishi hamon davom etmoqda (“XXI asr”, 17 avgust). Bu hol “insoniylik sha’niga to‘g‘ri kelmaydigan”, “qayg‘uli” odat deya sifatlangan. “Bahonani qarang: yoshi ulug‘ insonning dunyodan o‘tishi ta’ziya emas, “to‘y” emish bu marosim! Kimga to‘y, kimga aza deganlaridek, bir oilaning musibati ortidan o‘zining nafsini nopok to‘ydirishni ko‘zlagan kaslarning o‘ylab topgan “odat”ini qanday izohlash mumkin? O‘ylaymizki, bu masalada O‘zbekiston musulmonlari idorasi, qolaversa, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi mutasaddilari ham jiddiy choralar ko‘rishi kerak”, deb yozadi liberal-demokratik partiya nashri.

XS
SM
MD
LG