Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:07

OzodDayjest: Armiyaga yuborish evaziga pora olib kelgan mudofaachilar qamaldi


Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi tizimida ishladigan poraxo‘rlar qo‘lga tushdi. Xorazmda nayrang ishlatmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari mahkamaga tortildi. Hokimlikka 4 xonali uyini ixtiyoriy topshirgan oila ko‘chada qoldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi tizimidagi poraxo‘rlar fosh etildi

Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi tizimidagi bir qator poraxo‘r amaldorlar fosh etildi (“Darakchi”, 17 avgust). Pskent tumani mudofaa ishlari bo‘limida mas’ul vazifada ishlagan Uyg‘un Tursunov armiyaga jo‘natish evaziga har bir talabgordan 700-800 dollardan pora olib kelgan. Shu tariqa u 2014-2015 yilgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv davrida 40 dan oshiq vatandoshdan 15000 dollar pora olgan va harom luqmani Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i X. Babajanov bilan bo‘lishib olgan. Angren shahar mudofaa ishlari bo‘limi chaqiruv bo‘linmasi boshlig‘ining yordamchisi X. Nazarov ham armiyaga bormoqchi bo‘lgan o‘nlab yigitlarning ota-onasidan katta miqdorda pora olib, daromadni boshqarma bo‘lim boshlig‘i X. Babajanov bilan arra qilgan. Qayd etilishicha, nomi zikr etilgan uch nafar poraxo‘r mudofaachi to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan. “Bular-ku qo‘lga tushganlar. Hali qo‘lga tushmaganlar qancha? Har yili OAVda sara yigitlar saflarga saralab olindi, deb jar solishni boplaymiz-u, nega bu tizimni ichdan yemirayotgan korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashmaymiz?” deb yozadi gazeta.

Xorazmda 8000 dollarga soxta xulosa olishga uringan hokim o‘rinbosari sudlandi

Xorazm viloyatidagi tumanda hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan mansabdor pora evaziga davlatga zarar yetkazgani bois mahkamaga tortildi (“Huquq”, 17 avgust). Qayd etilishicha, tuman hududida 40 ball bonitetli konturda namunali uylar qurish belgilangan. Ismi oshkor etilmagan hokim o‘rinbosari esa shaxsiy manfaatini ko‘zlab, tuman markaziga yaqin bo‘lgan 55 ball bonitetli konturdagi hududda uy qurishni rejalashtirgan. Hokim o‘rinbosari tuman davlat bo‘limi boshlig‘i bilan birgalikda ball bonitetini past qilib ko‘rsatishi uchun respublika idorasi mutasaddisiga 8000 dollar pora berayotganda ushlangan. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va kadastr idorasi rahbari ishdan olingani va tegishli jazoga tortilgani xabar qilingan.

Toshkent hokimligiga uyini topshirgan oila ko‘chada qoldi

Xususiy mulki sanalgan Sergeli tumanidagi 4 xonali uyini o‘tgan yili o‘z xohishiga ko‘ra davlat ixtiyoriga topshirgan Olimjon Rahimov oilasi ko‘chada qoldi (“Jamiyat”, 11 avgust). Mavjud tartibga ko‘ra, Toshkentda yashovchi vatandosh uy-joyini ixtiyoriy ravishda topshirsa, unga er maydoni ajratilishi belgilangan. Rahimovlar oilasi ham yer ajratilishiga umid qilib, uyini Toshkent shahri hokimligiga topshirgan. Ko‘p qavatli xonadonga esa Toshkentning eski shahridagi uyi buzilgan oila ko‘chib kelgan. Ammo oradan bir yil o‘tsa-da, Rahimovlar oilasini yer bilan ta’mishlash masalasi hal bo‘lgani yo‘q. Bu masalada oila Prezident virtual qabulxonasiga, Ergeodezkadastr davlat qo‘mitasi raisiga murojaat qilgan. Ammo hozircha faqat va’da bilan cheklanilmoqda. “Ayrim mansabdor shaxslarning o‘z manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘yishi, vakolatlarini suiiste’mol qilishi natijasida bir yildirki, fuqaro Olimjon Rahimov sarson-sargardon. Uning birgina “aybi” hovli-joyi buzilib, boshpanasiz qolgan fuqarolarga to‘rt xonali uyini topshirganidir. Aslida bunday jo‘mardlikni har kim ham qila olmaydi”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG