Линклар

«Yagona darcha» markaziga litsenziyasi uzaytirilishini so‘rab murojaat qilgan Toshkent shahridagi 63 ta xususiy apteka egasi¸ qonunda belgilangan muddat tugaganiga qaramay¸ o‘z arizasiga javob ola olmay¸ ishsiz o‘tirishga majbur qolmoqda.

Litsenziyasiz qolgan aptekachilarning Ozodlikka aytishicha¸ prezident Mirziyoev tomonidan tadbirkorlik faoliyatini rasmiylashtirishni tezlashtirish va soddalashtirish maqsadida vakolatlari kengaytirilgan "Yagona darcha" markazi¸ bunday cho‘zilishga idoralararo ma’muriy chalkashliklarni ro‘kach qilmoqda.

«Aptekalarga lizentsiya berish 1 apreldan boshlab Toshkent shahar hokimligiga o‘tdi. Oldinlari Sog‘liqni saqlash vazirligi berardi¸ unda muammo bo‘lmagan. 1 apreldan boshlab litsenziya berish fakticheski to‘xtatildi. Shahar hokimligi 1 iyuldan lizentsiya uchun hujjatlarni «Yagona darcha» orqali rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘ydi. 6 iyuldan boshlab “Yagona darcha” hujjat qabul qilishni boshladi. Qonun bo‘yicha¸ arizaga 15 kun ichida javob berilishi kerak. Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi¸ hech qanday javob yo‘q. Bu darchaga kuniga 2-3 martalab borayapmiz¸ “pasport yo‘q¸ hokim qo‘l qo‘ymagan¸ yo‘q”¸ deyishdan nariga o‘tmayapti”¸ dedi lizentsiyasi tugagani bois¸ aptekasini yopib uyida o‘tirishga majbur qolgan tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan 16 avgust kungi suhbatda.

“Aptekam yopiq qolayotgan har bir kun menga millionlab zarar keltirmoqda”

Ozodlik suhbatlashgan xususiy apteka egalaridan biri¸ hokimiyat idoralaridagi ma’muriy sansalorlik ortidan¸ o‘zi va o‘ziga o‘xshagan aptekachilar ko‘rayotgan zararni tasvirlashga urindi.

Bankdan kredit olganman¸ uni foizi bilan oyma-oy qaytarishim kerak. Aptekam arendaga olingan binoda¸ ishlasa-ishlamasa¸ ijara pulini to‘lashim kerak. To‘rtta ishchim uyida o‘tiripti¸ ularga oylik berish kerak. Lekin bularning birortasiga pul yo‘q¸ chunki aptekam qulflog‘liq¸ savdo yo‘q¸ daromad yo‘q. Bundan tashqari¸ aptekaning o‘z ichki ziyonlari bor. Asosiysi¸ dorilar muddati o‘tib ketadi va ularni keyin axlatga tashlashim kerak. Uje ikki millionlik dorini tashladim. O‘tayotgan har bir kun bizga nihoyatda qimmatga tushmoqda¸ shunaqa cho‘zishni davom ettirishaversa¸ butunlay bankrot bo‘laman. Bundan davlat ham zarar ko‘rayapti¸ chunki soliq ham¸ bankka pul ham tushmayapti”¸ deydi toshkentlik tadbirkor.

“Pasport tayyor¸ 17 avgustdan litsenziya berishni boshlaymiz”, degan va’da bajarilmadi

16 avgust kuni Ozodlik muxbiri toshkentlik xususiy aptekachilar shikoyatiga munosabat bildirishni so‘rab¸ Toshkent shahar hokimligiga murojaat qildi.

Hokimlikning aptekalarga litsenziya berish jarayoniga bevosita aloqador rasmiysi¸17 avgustdan boshlab litsenziyasi uzaytirilishini so‘rab “Yagona darcha”ga hujjat topshirganlarga javob berilishini bildirdi.

Bugun (16 avgust – tahr.) nihoyat to‘rtta tashkilot – Toshkent shahar hokimligi¸ Adliya vazirligi¸ Savdo-sanoat palatasi va Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan qo‘l qo‘ydirib¸ “Yagona darcha” markazining aptekalarga litsenziya berish bo‘yicha pasportini (hujjatlar ro‘yxati – tahr.) ishlab chiqish tugadi. Buning ustida to‘rtta idoraning o‘ndan oshiq yuristi ishladi¸ yuzlab qonun va qonun osti hujjatlari muvofiqlashtirildi. Hozir prezident tomonidan tasdiqlangan komissiya yig‘ilishi bo‘layapti¸ hokim ruxsatnomalarga qo‘l qo‘yadi¸ ertadan litsenziyasi tugagan 63 ta aptekaga kengashdan o‘tgan-o‘tmagani haqida xabar beramiz. 25 apteka mutaxassislar guruhi tomonidan normaga muvofiq emas¸ deb topilib¸ ularga litsenziya bermaslikka qaror qilindi¸ qolgan 38 tasi ertadan litsenziyasini olib¸ ishini davom ettiradi”¸ dedi hokimlik rasmiysi.

Ozodlik bu va’da ijrosini kuzatish maqsadida¸ aptekachilar shikoyatini e’lon qilishni bir kunga to‘xtatib¸ jarayon rivojini kutdi.

18 avgust kuni Ozodlik qayta bog‘langan arizachi aptekachilar¸ 17-18 avgust kunlari ham “Yagona darcha”dan hech qanday aniq javob bo‘lmagani¸ ular eski gapni takrorlashdan nariga o‘tmayotganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimligi rasmiysining 17 avgustdan xususiy aptekachilardan 38 tasi o‘z litsenziyasini olib¸ ishni boshlashi mumkin¸ arizasi qondirilmagan 25 apteka esa¸ o‘z faoliyatini talab darajasiga ko‘tarsa¸ ularga ham beramiz¸ degan va’dasi ijro etilmadi.

Davlat organi litsenziya berishni cho‘zsa¸ tadbirkor litsenziyasiz ishlashga haqli - Qonun

Shavkat Mirziyoev prezident sifatida qo‘l qo‘ygan ilk hujjatlaridan to so‘nggilari (2017 yilning 18 avgustiga qadar – tahr.)ga qadar xususiy tadbirkorlik yo‘lidagi ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish¸ ular faoliyatiga nazorat organlari aralashuvini to‘xtatish va tadbirkorlik sub’ektini rasmiylashtirishni soddalashtirish va tadbirkor haqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Prezident tadbirkorlar manfaatini himoya qilish haqida kunora gapirib turgan bir paytda¸ birgina poytaxtning o‘zida 63 ta xususiy aptekaning ma’muriy loqaydlik bois sinish yoqasiga kelganidan¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Adliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasining ham xabari bor.

“Bunday vaziyatda tadbirkor haqlarini himoya qilish maqsadida nima qilayapsizlar”¸ degan Ozodlik savoliga javob bergan boshqarma rasmiysi¸ “jarayonning kuzatilayotgani¸ bunday kechikish uchun chora ko‘rilganini” aytdi¸ ammo bu choralar tafsilotini aytishga vakolatli emasligini ta’kidlash bilan kifoyalandi.

Ayni paytda¸ bu rasmiy¸ litsenziyasi uzaytirilishni so‘rab¸ tegishli hujjatlarni “Yagona darcha”ga topshirganidan 15 kun o‘tib ham javob ola olmayotgan aptekachilarning¸ o‘z faoliyatini lizentsiyasiz davom ettirishga haqqi borligini bildirdi.

Ular bizga xat yozsa¸ biz ham ularga “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun asosida¸ javob beramiz. Hokimiyatga litsenziyasi uzaytirilishini so‘rab hujjat topshirgan bo‘lsayu¸ qonunda belgilangan muddatda unga javob berilmagan bo‘lsa¸ “bizga javob berilmadi¸ qonunga ko‘ra¸ faoliyatimizni boshlaymiz”¸ degan xabarnomani “Yagona darcha”ga berib¸ ishlarini boshlashlari mumkin. Bunday vaziyatda nazorat organlarining ularga litsenziyang yo‘q¸ deb e’tiroz bildirishga haqqi bo‘lmaydi¸ bizning xatimiz faoliyatini davom ettirishlari uchun asos bo‘ladi”¸ dedi Adliya vazirligining Tadbirkorlik sub’ektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi rasmiysi.

XS
SM
MD
LG