Линклар

Iroq bosh vaziri Haydar al-Abodiy mamlakat armiyasi Talafar shahrini “Islom davlati” jangarilaridan ozod etish amaliyotini boshlab yuborganini bildirdi. Talafar jangarilar boshqaruvida qolayotgan sanoqli hududlarning biridir.

20 avgust kuni ertalab Iroq bosh vaziri Haydar al-Abodiy televidenie orqali chiqishida Talafarni ozod etish amaliyoti boshlab yuborilganini ta’kidladi.

“DAIShga (IShID - “Islom davlati” ekstermist guruhi – tahr.) aytadiganim, tark etish yoki o‘lishdan boshqa chora yo‘q. Yoki taslim bo‘lasiz, yoki halok bo‘lasiz”, dedi al-Abodiy.

18 avgust kuni yuqori lavozimli AQSh harbiy yetakchilari Iroq kuchlari Talafarni ozod etishga tayyorlanayotganini bildirgan edi. Avvalroq to‘qqiz oy davom etgan jangdan keyin Mosul shahri ozod etilgan edi.

Mosul jangida taxminan 1400 iroq harbiysi halok bo‘lgan, 7000 nafar askar jarohat olgan. “Islom davlati” Mosul shahrini 2014 yilda egallab olib, uni o‘zi da’vo qilgan xalifalikning Iroqdagi poytaxti, deb e’lon qilgan edi.

AQShning iroqdagi qo‘mondoni Stiven Taunsend Ikkinchi jahon urushida Tinch okeanida bo‘lib o‘tgan qonli to‘qnashuvni nazarda tutib, “Mosuldagi yakuniy kunlar menga Ivojimani eslatdi”, dedi.

Ammo Taunsend hukumat kuchlari Talafar amaliyotini boshlashga yetarlicha tayyor ekanligini ta’kidladi.

Mosuldan 80 km, Suriya bilan chegaradan 150 km masofada joylashgan Talafar shahri Iroqda haligacha “Islom davlati” boshqaruvida qolayotgan sanoqli hududlardan biridir.

Iroq rasmiylariga ko‘ra, shaharda 1400-1600 jangari bo‘lib, ularning aksari xorijdan kelgan.

Iroq generali Yahyo Rasul hukumat kuchlari hamda shia ko‘ngillilari Talafarni janub tarafdan, kurdlarning peshmerga jangchilari esa shimol tarafdan qurshab olganini aytdi.

“Mosuldagi tajribamizni e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu amaliyot Mosuldagidan mushkul bo‘lmaydi”, dedi general.

19 avgust kuni Norvegiya qochqinlar kengashi amaliyot boshlanishidan avval minglab odam Talafardan kurdlar boshqaruvidagi hududga qochayotganini bildirdi.

Hozirda Karkuk viloyatidagi Havija shahri hamda g‘arbiy Anbar viloyatidagi ayrim hududlar “Islom davlati” jangarilari boshqaruvida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG