Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:52

Tojikiston manfaatiga josuslikda ayblangan o‘zbekistonlik ayol 10,5 yilga qamaldi


Alyona Kim¸ Tojikiston foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib 10¸5 yilga qamalgan
Alyona Kim¸ Tojikiston foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib 10¸5 yilga qamalgan

O‘zbekiston Harbiy sudi Sirdaryoning Shirin shaharchasida istiqomat qilgan 36 yashar o‘zbekiston vatandoshi Alyona Kimni Tojikiston manfaatiga josuslikda aybdor deb topilib, 10 yilu olti oyga ozodlikdan mahrum qildi.

12 iyulda chiqarilgan hukm haqida Ozodlikka Alyona Kimning advokati va yaqinlari 21 avgustda ma’lum qildi.

Sudda Alyona Kimni himoya qilgan advokat Nadejda Pakning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ himoyasi ostidagi ayol O‘zbekiston jinoyat kodeksining 157-moddasi, ya’ni davlatga xoinlik qilishda aybdor deb topilgan va hukm joriy yilning 22 iyulidan kuchga kirgan.

Yaqinlariga ko‘ra, sud jarayoni O‘zbekiston davlat sirlariga oid bo‘lgani bois, advokatga va Kimning yaqinlariga hukm nusxasi hozirgacha berilmagan.

Sudda qatnashgan Kimning yaqinlariga ko‘ra¸ mahkum josuslik, chet el davlatiga vakillariga davlat sirlarini yetkazish va O‘zbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borish va davlat xavfsizligiga zarar yetkazish kabi epizodlarda ayblangan.

Alyona Kimning opasi Viktoriya Sultonmurodova Ozodlik bilan suhbatda singlisi Tojikistonga borib ishlab kelgani uchun “josus” deya ayblanganini aytdi.

- Singlim o‘tgan yilning 7 dekabrida uyga kelmadi. U Shirin shahridagi kasalxonada sanitar bo‘lib ishlar edi. Ertasiga uning ma’muriy huquqbuzar sifatida 10 kunga qamalganini aytishdi. Yangiyerdagi izolyatorda ekan. 16 dekabr kuni izolyator polini yuvishdan bosh tortdi deb yana o‘n kun qamoqqa hukm qilindi. O‘sha paytda Siroj degan MXX zobiti singlimni so‘roq qilib uni ustidan jinoiy ish ochdi¸ - deydi Sultonmurodova.

Advokatning aytishicha¸ o‘sha vaqtda O‘zbekiston Ichki ishlar tizimidagi VOXR (Binolarni signalizatsiya ko‘magida qo‘riqlash tizimi)da ishlagan Alyona Kim dugonasi vatandoshligi yo‘q Zulya Halimova ismli ayol bilan 2004 yildan 2005 yilgacha Tojikistonning Xo‘jand shahridagi "Ochil" restoranida ofitsiant bo‘lib ishlagani O‘zbekiston huquq tartibot organlarida shubha uyg‘otgan.

Mahkumaning opasi Viktoriya Sultonmurodovaga ko‘ra¸ o‘tgan yili Zulya Halimova qo‘lga olingan paytda uning fotoalьbomidan Alëna Kimnimng surati chiqqan:

- So‘roq paytida Zulya Halimova singlimga qarshi ko‘rsatma berdi. Lekin, shunga qaramay, Halimovani ham josuslik va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblab, 12 yilga qamashdi¸ - deydi Sultonmurodova.

Josuslikda ayblangan ayolning ikki nafar farazndi bor
Josuslikda ayblangan ayolning ikki nafar farazndi bor

Yopiq jarayon

O‘zbekiston Harbiy sudi 36 yashar o‘zbekiston vatandoshi Alyona Kim ishi yuzasidan Ozodlik muxbiriga izoh bermadi.

O‘zini Harbiy sud matbuot xizmati xodimi, deb tanishtirgan mulozim davlat va harbiy sirlariga oid jarayonlar izohlanmasligini aytish bilan kifoyalandi.

Alyona Kimning hozirgi advokati Nadejda Pak ham Ozodlik muxbiri bilan uzoq suhbatlashmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Yaqinlarining iddao qilishicha Alyona Kimga berilgan dastlabki advokat Suhrob Vohidov tergov jarayonida advokatlik litsenziyasidan mahrum etilgan. Biroq Ozodlik Vohidovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

Sudda guvoh sifatida qatnashgan N.G. ismli sirdaryolik ayol¸ ismi sir qolish sharti bilan ba’zi tafsilotlarni aytib berdi.

O‘zbek tilida o‘qib yoza olmaydigan rusiyzabon N.Gnig davosicha¸ uni pasport bo‘limiga chaqirib, Alyona Kimga qarshi tayyor o‘zbek tilida yozilgan ko‘rsatmani imzolashni talab qilishgan.

Tergovchilar tazyiqi ostida o‘zi tushunmagan tildagi bu ko‘rsatmaga qo‘l qo‘yganligini aytgan N.G sud majlisida bu ko‘rsatmadan voz kechganini bildirdi.

Alyona Kimning tug‘ishgan opasi Viktoriya Sultonmurodovaning iddao qilishicha¸ singlisi Alyona Kim qiynoqlar ostida aybiga iqror bo‘lgan.

- Onam 9 avgust kuni Zangiotadagi qamoqxonada singlim bilan uchrashib qaytdi. Singlim o‘ziga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganligini aytib ko‘kargan joylarini ko‘rsatgan¸ - dedi u.

Bu iddoani Ozodlik mustaqil manbalardan tekshira olmadi.

Josuslikda ayblanib o‘n yarim yilga kesilgan Alyona Kimning ikki farzandi bor.

Alyona Kim Xo‘jandda "Ochil" restoranida ishlagani aytiladi
Alyona Kim Xo‘jandda "Ochil" restoranida ishlagani aytiladi

Tutash chegaralarga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston so‘nggi yillarda o‘nlab vatandoshlarini qo‘shni davlat foydasiga josuslik qilganlik ayblovi bilan Ozodlikdan mahrum qildi.

2013 yilning martida Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan uch ayol O‘zbekistonga qarshi josuslik qilishda ayblanib qo‘lga olingan edi.

"Yoshlar" telekanali "Jinoyat va Jazo" ko‘rsatuvida iddao qilinishicha, bu uch ayol O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatining eng muhim inshootlari, shu jumladan, harbiy va chegara postlari, u yerdagi xavfsizlik darajasi va bu inshootlarda xizmat qilayotganlar haqida "ma’lumot to‘plashlari lozim" bo‘lgan.

Tojikistonda ham O‘zbekiston foydasiga josuslik ayblovlari bilan bir necha kishi qamalgan.

Shunday mahkamalardan biri Tojikiston shimolidagi "Vostokredmet" tashkiloti mas’ullari ustidan bo‘lib o‘tgan edi.

XS
SM
MD
LG