Линклар

Angren hokimi tashkilot rahbarlaridan paxta teruvchilarning suratini so‘radi

  • Озодлик

"Paxta-2016": Samarqand davlat universiteti talabalari paxtadan qaytmoqda.

Angren shahar hokimining korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga yuborgan "tezkor xabarnoma"sida belgilab qo‘yilgan vazifalar orasida paxta terimida qatnashadigan otryadlar a’zolari suratlari jamlanmasi – vinetkalarni shakllantirish topshirig‘i ham bor.

Shahar hokimligi mulozimi tashkilotlar rahbarlariga “Xabarnoma” jo‘natilganini bilvosita tasdiqladi. Mavzuni o‘rganish jarayonida paxta terimiga tayyorgarlik viloyatning boshqa tumanlarida ham har yilgi usulda davom etayotgani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent viloyatida paxta terimiga qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga aloqasi yo‘q tashkilotlarni jalb etishga tayyorgarlik boshqa viloyatlar hokimlari majburiy mehnatdan voz kechishga va’da berayotgan kunlarda kechmoqda.

Nusxasi Ozodlikda mavjud “Xabarnoma” mazmunidan uning kechi bilan 7 avgustgacha yozib, tarqatilgani tushuniladi.

Xabarnomada nima deyilgan?

Joriy yil iyulida Angren shahar hokimi etib tayinlangan Hakimjon Abdulazizov korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga yo‘llagan xabarnomasida “2017 yil paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan yetishtirilgan paxta hosilini nest-nobud qilmay terib olish uchun” qilinishi lozim bo‘lgan tashkiliy ishlarni “amalga oshirishni" so‘ragan.

Tashkilotlar rahbarlaridan otryadlarni shakllantirish, hasharchilar uchun yotoqxonalarni tayyorlash, oziq-ovqat zahiralarini g‘amlash, fermerlar bilan shartnomalar tuzish kabi topshiriqlar va ularni bajarish muddatlari belgilab qo‘yilgan.

Masalan, 30 avgustgacha “Otryad tarkibi va terimchilar ro‘yxati, vinetkasini shakllantirish” to‘g‘risida topshiriq berilgan.

Otryad nimayu vinetka nima?

Angrendagi maktablardan biri direktorining tushuntirishicha, “otryad” – turli tashkilotlar xodimlaridan tarkib topadigan, kamida 150 kishilik guruh; “vinetka” o‘sha guruh a’zolari tushadigan kollektiv suratdir.

Hokimlik mulozimlari nima dedi?

Angren shahar hokimi qabulxonasi telefonini ko‘targan mulozim bu hujjat to‘g‘risidagi savolga “paxta terimiga mas’ul” mutaxassis ismini aytib, u bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Hokimlikning “paxta terimiga mas’ul” S. ismli mulozimi hokimlikdan chiqqan “Xabarnoma”ga oid savolni yozma shaklda jo‘natishni so‘radi.

"Xabarnoma"ni olganlar nima dedi?

Angrendagi banklardan biri rahbari Ozodlik savoliga javoban hokimlik xabarnomasini olganini, bu yil paxta terimiga uning bankidan 15 kishi chiqishini aytdi.

Angrenda joylashgan viloyat miqyosidagi tibbiyot muassaslaridan birining rahbari bu yil ishga yangi kelganini, o‘tgan yili uning muassasasidan 16 kishi paxtaga chiqqanini aniqlaganini, bu yil ham shuncha kishi terimga chiqishini aytdi.

Xafsalasi pir bo‘lgan o‘qituvchi

Angrendagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi Ozodlikka yozgan xatida bu yilgi terim mavsumida yana cho‘ntagidan chiqim qilishga majbur bo‘lishlarini kutayotgani to‘g‘risida yozdi:

“Biz o‘qituvchilarni jo‘natishmaydi, balki bir sezonga pul undiriladi. Bu pulga biz, o‘tgan mavsumdagidek, vodiydan hasharchilarga pul berib tergizamiz. Bu yilgi mavsumda 800.000 so‘m yoki 100 $ bo‘larmish degan gap shaharda tarqalib bo‘ldi”.

Chinozda ham Angrendagi gap

Paxta terimiga hasharchilarni jalb etishga tayyorgarlik Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida ham boshlab yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Chinoz tumani markazidagi mahallalardan biri oqsoqolining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, bundan 10 kuncha muqaddam hokimlikda hokimning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari majlis o‘tkazgan.

Yig‘ilishda paxta terimi bo‘yicha har yilgi gap takrorlangan. Bu yilgi farq shundaki, paxta otryadlari boshliqligiga avvalgi yillarda odatda maktab direktorlari tayinlansa, bu yil ko‘proq mahalla raislari tayinlanmoqda.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, har bir maktab pedagog va texnik xodimlarining umumiy sonidan 20 foizi terimga jalb etiladi.

Oldinroq Buxoro viloyatida o‘qituvchilardan paxta chiqaman, degan mazmunda tilxat olinayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Ayni paytda qator viloyatlar hokimlari Toshkentdagi Xalqaro press-klubda qilgan chiqishlarida, mahalliy jurnalistlarga bergan suhbatlarida paxtaga majburlab chiqarishni qoralamoqdalar.

Hokimlarning va’dalari

Xususan, Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Xalqaro press klubning Surxondaryoda bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasida paxta yig‘im terimiga byudjet tashkilot xodimlarining jalb qilinishi borasidagi savollarga javoban bunday degan:

- Men viloyat rahbarligiga kelgan kunimoq, ushbu masalani ko‘targanmiz. O‘qituvchi va shifokorlarning dala ishlariga, ko‘chada qator bo‘lib obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanishiga to‘liq barham beramiz.

Bunday va’dalarni avvalroq Farg‘ona, Namangan hokimlari ham berganini, ularning va’dalaridan angrenlik o‘qituvchilar ilhomlanganini, endilikda esa, shahar hokimining topshirig‘idan o‘qituvchilarning xafsalasi pir bo‘lganini angrenlik o‘qituvchi yozdi.

Xalqaro tanqid

O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilishi yillardan beri xalqaro tashkilotlari tarafidan tanqid etib kelinadi.

Human Rights Watch tashkiloti hisobotida qayd qilinishicha, har yili bir milliondan ortiq ishchi O‘zbekistonda majburan paxta terimiga jalb etiladi.

Qonunlar nima deydi?

O‘zbekiston Republikasida majburiy mehnat O‘zbekiston Republikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi, «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasi, Mehnat kodeksining 7-moddasi, shuningdek, «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konvensiya (1930 yil 28 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) hamda «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi Konvensiyaga (1957 yil 25 iyunda qabul qilingan, 1997 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan) ko‘ra taqiqlanadi”

XS
SM
MD
LG