Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:06

Afg‘oniston prezidenti AQShning o‘z mamlakatiga doir yangi strategiyasini olqishladi


Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Qo‘shma Shtatlarning Afg‘oniston bo‘yicha prezident Tramp e’lon qilgan yangi strategiyasini qo‘llab-quvvatladi. 22 avgust kungi bayonotida Afg‘oniston rahbari AQSh prezidenti Donald Trampga hamda Amerika xalqiga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Afg‘oniston prezidenti fikricha, Qo‘shma Shtatlar bilan Afg‘oniston hamkorligi shu kunda juda yuqori darajaga ko‘tarilgan.

Virjiniya shtatidagi Fort-Mayer harbiy bazasida qilgan chiqishi davomida Tramp Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarning yakuniy muddati cheklanmaganligi to‘g‘risida bayonot berdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 21 avgust oqshomida so‘zlagan nutqida AQShning Afg‘onistondagi yangi strategiyasini ochiqladi. Yangi strategiyaning asosiy maqsadi, Trampga ko‘ra, toliblarga qarshi kurashda zafar qozonishdir.

«Davlatimiz berilgan qurbonlarga munosib sharafli va barqaror natijalarga erishishi kerak. Bu jangda millat uchun xizmat qilayotgan erkaklar va ayollar g‘alaba rejasiga loyiqdirlar, ular jang qilish va g‘alabaga erishish uchun o‘zlari uchun kerak bo‘ladigan vositalarga ega bo‘lishga munosibdir”,- dedi Tramp.

2016 yilda Tramp AQSh prezidentligiga nomzod sifatida Iroq va Afg‘onistondagi harbiy kampaniyalarni harajatlari ko‘pligi va samarasi kamligi bois tanqid qilgan edi. Endilikda u “Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi “maqsadga muvofiq emas”ligini aytmoqda. Trampning fikricha, AQSh harbiylari chiqib ketsa, Afg‘onistonda bo‘shliq hosil bo‘ladi va bu bo‘shliqni terrorchilar to‘ldirishi mumkin.

Prezident Tramp Afg‘oniston bo‘yicha yangi strategiyaning detallariga to‘xtalmadi. U AQSh harbiylari soni qanchaga oshishi, ular Afg‘onistonda qancha vaqt qolishi haqida hech narsa demadi. Amerika harbiylarining Afg‘onistondagi soni bir necha ming kishiga oshishi kutilmoqda.

AQSh Prezidenti Pokistonni ham tanqid qildi. Trampning fikricha, bu mamlakatda “amerikaliklarni har kuni o‘ldirayotgan tashkilotlar boshpana topgan”. Prezident Tramp Hindistonni Afg‘onistonga har tomonlama iqtisodiy ko‘mak berishga chaqirdi.

2014 yili NATO kuchlarining katta qismi Afg‘onistondan olib chiqilgan va hozirda bu mamlakatda 8400 nafar atrofida AQSh harbiylari bor.

Bundan tashqari AQSh maxsus kuchlarining Tolibon va “Islom davlati” ekstremistik guruhiga qarshi kurashayotgan 2000 ga yaqin askari bor. Shuningdek, Afg‘onistonda NATO ga a’zo davlatlarning 5000 ga yaqin harbiy xizmatchisi mavjud.

XS
SM
MD
LG