Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 19:00

AQSh va Rossiyaning maxsus vakillari Ukraina bo‘hronidan chiqish yo‘llarini muhokama qildi


AQShning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus elchisi Kurt Volker
AQShning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus elchisi Kurt Volker

AQShning Ukraina bo‘yicha yangi maxsus elchisi Kurt Volker kuni kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha yordamchisi Vladislav Surkov bilan uchrashdi.

Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Surkov “konstruktiv”, deb baholadi.

Jurnalistlar bilan o‘tkaziglan suhbatda Surkov: “Uchrashuv foydali va konstruktiv bo‘ldi”, dedi. Surkov har ikki taraf 2015 yilning fevralida qabul qilingan Minsk kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlaganini aytdi.

Minsk kelishuvi Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatish hamda Donbassning Rossiya dastaklayotgan ayirmachilar boshqaruvidagi hududlari maqomini hal qilish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab bergan edi. Ammo kelishuv to‘liq amalga oshirilganicha yo‘q.

Surkov: “Tinchlik jarayoni hamda siyosiy yo‘nalish hamda xavfsizlik sohalari tezroq olg‘a siljiy olishi, shunday qilinishi kerakligi bo‘yichi fikrimiz bir joydan chiqdi”, dedi.

Volker esa, uchrashuvni sharhlamadi.

Volkerning Surkov bilan Minskdagi uchrashuvi Ukraina sharqida hukumat kuchlari va Rossiya dastaklayotgan ayirmachialr o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha uch kunlik AQSh diplomatik muzokaralarining boshlanishi bo‘ldi. Ukraina sharqidagi mojaro tufayli 2014 yilning aprelidan beri 10 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi.

Volker 22 avgust kuni Litva poytaxti Vilnyus shahriga borib, Ukraina kelajagini muhokama qilish uchun yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashadi. Bu haqda 18 avgust kuni AQSh Davlat departamenti bildirdi.

23 avgust kuni esa Volker AQSh mudofaa vaziri Jim Mettis bilan birga “Ukraina suverenitetini hamda hududiy yaxlitligini tiklashga qaratilgan diplomatik muzokaralarning navbatdagi qadamlarini muhokama qilish uchun” Ukraina hukumatining yuqori lavozimli rasmiylari bilan uchrashadi.

2014 yilning fevralida Rossiya bilan yaqindan aloqa qilish tarafdori bo‘lgan prezident Viktor Yanukovich hukumati “Yevromaydon” nomini olgan namoyishlar ortidan ag‘darilgan, buning ortidan Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib, sharqiy va janubiy Ukrainada o‘ziga xayrixoh ayirmachilarni dastaklay boshlagan edi.

Rossiya qo‘llovi bilan ayirmachilar Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh Donetsk hamda Lugansk viloyatlarining ayrim hududlarini egallab oldi. 2015 yilning fevralida Minskda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilgan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar to‘xtagani yo‘q.

AQSh hamda Yevropa ittiqofi joriy qilgan sanksiyalar Rossiyani ayirmachilarni qo‘llashni bas qilishga yoki Minsk kelishuvi bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishga unday olgani yo‘q.

Tillerson AQShning NATOdagi sobiq elchisi Volkerni Ukraina bo‘yicha maxsus elchi etib joriy yilning iyulida tayinlagan.

Volker iyulda Current Time TV telekanaliga bergan intervyusida “mojaroni tugatish uchun barcha taraflar ikki asosiy printsip – Ukrainaning hududiy birligi, barchaning xavfsizligi” bo‘yicha kelishuvga erishishi kerakligini hamda Rossiya o‘z munosabatini o‘zgartirishi zarurligini ta’kidlagan edi.

Suhbat davomida Volker, shuningdek, Tramp ma’muriyati Kiev o‘zini Rossiya dastaklayotgan ayirmachilardan himoya qila olishi uchun Ukrainaga qurol-aslaha yuborish haqida o‘ylayotganini aytgan edi.

Hozirgacha AQSh Ukrainaga faqat noletal harbiy anjomlar bilan yordam ko‘rsatib keladi.

Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi, Suriyadagi urush hamda Moskvaning AQSh prezidenti sayloviga aralashuvi ortidan Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar Sovuq urush yillaridagidek sovub ketgan.

XS
SM
MD
LG