Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:53

Samarqandda Rossiyadan qaytgan qariyb 50 kishi IShIDga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olindi


O‘zbekistonning Samarqand viloyat, Urgut tumanida Rossiyadan qaytgan o‘nlab mehnat muhojiri taqiqlangan IShID yoki "Islom davlati" diniy ekstremistik guruhiga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. Samarqand kuch ishlatar tuzilmalarida ishlovchi mulozim Ozodlikka Rossiyaning Belgorod shahrida ishlab qaytgan 50 ka yaqin dindor ularning sheriklari bergan ko‘rsatmalar asosida IShIDga aloqador deb ko‘rilib, 14 avgust kuni qo‘lga olinganini aytdi.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Rossiyada ishlab, "IShIDga moddiy yordam berishga til biriktirish" da gumonlanmoqda.

- Bu bo‘yicha ish ochilgan va tergov davom etmoqda, - dedi mulozim.

Lekin, qo‘lga olinganlarning yaqinlari ularning IShIDga ham, boshqa diniy ekstremistik guruhlarga ham aloqasi bo‘lmaganini aytishdi.

- Ushlab ketilganlar orasida mening qarindoshim ham bor. Ularni diniy e’tiqodi uchun ushlashgan, IShIDga a’zo, deb. Lekin, ular dindor emas. Belgorodda oddiy usta bo‘lib ishlashgan xolos, - dedi ismi sir qolishini istagan ugrutlik ayol.

IShIDga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olinganlarning hozirda Belgorod shahrida qolgan sheriklaridan biri Sirojiddin Mamatqulov ham Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va u bilan ishlagan urgutlik mehnat muhojirlar diniy g‘oyalardan uzoq odamlar bo‘lganini aytdi.

- Meni SNBdagilar "Mullo Siroj" deb, diniy to‘daning boshlig‘iga chiqarib qo‘yishibdi. Opam xavfsizlik idorasiga borib, "bular nima uchun ushlangan, sababini ayting", desa, "sababi Mullo Siroj, u Rossiyada odamlarni tayyorlar ekan", debdi. "Bu yerda guvohimiz bor, urib-urib namoz o‘qitgan", debdi. Men ularni chechenlarga urdirib, namoz o‘qitgan ekanman. Bu bo‘lmagan gap. Bularni hech qaysisi namoz o‘qishni ham, “Alhamdi”ni ham “Bismilloh”ni ham bilmaydi asli. Mana, shu yerga qishlog‘imizdan besh yuzta yigit kelgan bo‘lsa, mendan boshqa hech kim namoz o‘qishni bilmaydi, men ularga namoz o‘qi deganim ham yo‘q. Nimaga bu tuhmat, hayronman, - dedi Sirojiddin Mamatqulov.

Huquq faollariga ko‘ra, Rossiyadan qaytgan mehnat muhojirlarini diniy ekstremizm ayblari bilan qamash hollari so‘nggi yillarda ko‘paygan.

Toshkentlik huquq faoli, Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida radikallashish hollari ham bor gap.

- Bu Samarqandda qo‘lga olinganlarning IShIDga aloqasi bo‘lgan yo bo‘lmaganini bilmaymanu, lekin Rossiya yoki Turkiyaga ketgan o‘zbek muhojirlari orasida radikal Islomga moyillik kuchli ekani ma’lum. Ammo huquq-tartibot idoralari qidiruvga berayotganlar ro‘yxatiga oddiy namozxonlar yoki ro‘zg‘or tebratish uchun Rossiyaga ishlagani ketgan o‘zbeklar ham tushib qolyapti. Ularni terrorizm yoki IShIDga aloqadorlikda ayblashyapti, lekin ko‘p xollarda isboti yo‘q bo‘lib chiqadi, - deydi Sur’at Ikromov

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari O‘zbekistonda ham "terrorchi tashkilot" deb e’lon qilingan.

O‘tgan yilning oktabr-noyabr oylari va joriy yilning yanvar oylarida Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyatida xorijdan qaytgan yuzlab muhojir hibsga olingani haqida Inson huquqlari tashabbus guruhi xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG