Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:20

8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan siyosatchiga qarashli telekanal ishi to‘xtatildi


Bishkek shahar, Birinchi may tuman sudi "Sentabr" nodavlat telekanali faoliyatiga taqiq qo‘ydi. Bunga O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i Abdilda Qaparovning telekanal jonli efirda bergan bayonoti sabab bo‘lgani aytildi.

"Bosh prokuraturaning “Sentabr” telekanaliga nisbatan bergan arizasini ko‘rib chiqqan sud, 2016 yilning 29 sentabrida “Sentabr” telekanali efiri orqali ekstremistik ruhda material berilgani tan olinishi va teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar, www.september.kg Internet sayti faoliyati to‘xtatilishi haqida qaror qabul qildi”, deya e’lon qildi sudya Jildiz Jumabaeva.

Bosh prokuratura telekanal ko‘rsatuvida Abdilda Qaparov O‘sh viloyati, Aravon tumanidagi maktabning ochilishi vaqtida O‘zbekiston gimni yangraganini tanqid qilgani munosabati bilan ariza bergan edi. Bundan tashqari Abdilda Qaparov o‘z intervyusida Sooronbay Jeenbekov (Qirg‘iziston prezidenti saylovi munosabati bilan kuni kecha iste’foga chiqqan Bosh vazir) va uning ukasi Asilbek Jeenbekovlar (Qirg‘iziston parlamentining sobiq spikeri) “2010 yilning iyun voqealari davrida barqarorlashtirish maqsadlariga ajratilgan 3 million dollarni o‘zlashtirib olganlarini” ham aytib o‘tgan edi. Bosh prokuratura xabarlariga ko‘ra, Abdilda Qaparovning aytgan so‘zlari tegishli ekspertizadan o‘tkazildi va ekstremistik ruhdagi bayonot deya qabul qilindi.

Telekanal rahbariyati o‘z navbatida sud qaroridan norozi ekanliklarini va yuqori sud instansiyalariga murojaat qilishlarni aytishdi. Kanal vakili Qayirgul Urumkanovaning aytishicha, Abdilda Qaparovning intervyusi “Sentabr” telekanalining Jaloloboddagi muqobil efirida berilgan:

- Biz Bosh prokuratura arizasini olmadik. Hatto bizning sha’nimizga bildirilgan ayblov bilan tanishishga ulgurmadik ham. Ikkinchidan, Abdilda Qaparovning intervyusi bizning raqamli telekanalimizda efirga uzatilmadi. Intervyu Jaloloboddagi "Sentabr" telkanalining muqobil efirida berildi. Bu mutlaqo boshqa telekanaldir. Men, ular qaror chiqarishganda qaysi qonunlarga asoslanishganini tushuna olmayapman.

Bunga javoban Bosh prokuratura “Sentabr” telekanali ham Bishkekda, ham Jalolobodda qayta ro‘yxatdan o‘tgan va xar ikki tashkilot bitta OAV hisoblanadi,dedi.

Ayni damda O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i, polkovnik Abdilda Qaparov Norin shahridagi koloniyada jazo muddatini o‘tamoqda. O‘sh viloyat sudining 21 iyun kungi qarori bilan u aka-uka Jeenbekovlarning qadr-qimmati va sha’niga zarar yetkazgani, millatlararo nafrat uyg‘otganlikda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Qaparov qo‘yilgan barcha ayblovlarni inkor qilmoqda, jinoiy ish Jeenbekovlar tomonidan ilgari surilganini aytmoqda.

"Sentabr" telekanali muxolifatdagi siyosatchi, "Ata Meken" partiyasining yetakchisi, “Korrupsiya” moddasi bo‘yicha 8 yil muddatga ozodlikdan maxrum etilgan O‘murbek Tekebaevga tegishli.

Qirg‘izistonlik bir qator tahlilchilar va siyosatchilar O‘murbek Tekebaevning qamalishi va unga qarashli telekanalning yopilishi ortida siyosiy motivlar borligini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG