Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:18

OzodDayjest: Nukusda qurolfurush militsiya zobiti qo‘lga olindi


Buxoroda 8 oyda 110 ta ona va bola o‘limi qayd etildi. Qoraqalpog‘iston poytaxtida qurol sotgan militsioner ozodlikdan mahrum etildi. Toshkent shahar hokimligi chiqindi qutilari yetishmasligi muammosiga barham berishga kirishdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Buxoroda tibbiy vaziyat chatoq: ona va bola o‘limi ko‘paymoqda

Buxoro viloyatida onalar va bolalar o‘limining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarli emas (“Huquq”, 24 avgust). Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2 nafar ona va 108 nafar go‘dak o‘limi qayd etilgani buni isbotlab turibdi. Masalan, 1984 yilda tug‘ilgan ayol Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Buxoro filialiga qorin sohasidagi og‘riqdan shikoyat qilib kelgan. Ammo shifokorlarning mas’uliyatsizligi bois hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Shu bilan birga, onalar o‘limiga sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari yetarli olib borilmayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Prokuratura tekshiruvlari chog‘i viloyatda tez tibbiy yordam faoliyati bo‘yicha ham qator kamchiliklar aniqlangan. Qolaversa, yuqumli kasalliklarga qarshi kerakli choralar ko‘rilmagani bois ularning ayrim turlari ko‘paygan.

Qurolfurushlik bilan shug‘ullangan militsiya ofitseri yetti yilga qamaldi

Nukus shahar IIB jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi boshlig‘i Qurmang‘azi Undaliev noqonuniy ravishda qurolfurushlik bilan shug‘ullanib kelgani fosh etildi (“Postda”, 19 avgust). Ichki ishlar ofitseri vatandoshlar topshirgan o‘qotar qurollarni rasmiylashtirib, kerakli joyda saqlash o‘rniga uyiga olib ketgan va ularni xaridor topib pullagan. Masalan, Q. Undaliev M. Bekmuratov nomida bo‘lgan ov miltig‘ini I. Xudoybergenovga 1 million so‘mga sotgan, xaridorga qurol saqlashga oid soxta hujjat ham tayyorlab bergan. Militsiya ofitseri nukuslik A. Gapurinova ixtiyoriy ravishda topshirgan “TOZ-63” miltig‘ini A. Aytmuratovga sotayotganda qo‘lga olingan. Tezkor guruh IIB xodimi uyini tekshirganda sotishga mo‘ljallangan to‘rtta miltiq va ko‘plab gilza topilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtako‘pir tumani sudi Q. Undalievga 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan. “Q. Undaliev o‘zi qonun ustuvorligini ta’minlovchi, jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘laturib qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ydi. Uning noqonuniy faoliyatlar bilan muntazam shug‘ullanganini nahotki hamkasblari, yon-atrofidagilar sezmagan, bilmagan bo‘lsa?” deb yozadi Ichki ishlar vazirligi nashri.

Toshkent hokimligi chiqindi qutilari muammosini yil yakunigacha hal etishga va’da berdi

Toshkent shahar hokimligi poytaxt ko‘chalarida chiqindi qutilari yetishmasligi muammosiga barham berishga kirishdi (“Jamiyat”, 18 avgust). Shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saidumar Aglaevga ko‘ra, yil yakuniga qadar barcha hududlarda maxsus qutilar o‘rnatiladi. Bu maqsadda 200 million so‘m ajratilgan bo‘lib, ko‘chalar gavjumligiga qarab chiqindi qutilarini har 50, 100 yoki 200 metr masofada joylashtirish rejalashtirilgan. Ko‘pdan buyon mahalliy matbuotda Toshkentda chiqindi qutilari yetishmasligi, bu esa shahar tozaligi va imijiga salbiy ta’sir etayotgani yozib kelinayotgan edi.

XS
SM
MD
LG