Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:40

O‘nlab madaniyat arbobi Serebrennikovni yoqlab Rossiya hukumatiga xat yozdi


Rossiyalik teatr va kino rejissyori Kirill Serebrennikov.

Turli mamlakatlarning 30 dan oshiq madaniyat arbobi Rossiya hukumatiga xat yo‘lladi. Ular mashhur teatr va kino rejissyori Kirill Serebrennikovga nisbatan boshlangan tergovni bekor qilishni so‘ramoqda.

Nemis teatr rejissyori Tomas Ostermayer, rejissyor va ssenariynavis Marius fon Mayenberg o‘tgan haftada qalloblikda ayblanib, uy qamog‘iga hukm qilingan Serebrennikov nomidan Rossiya hukumatiga murojaatnoma yozdi.

Serebrennikov aybsiz ekanini aytmoqda. Kreml siyosati tanqidchilari bu holni 2018 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovidan oldin o‘zgacha fikrlovchilarning ovozini o‘chirish uchun tayyorgarlik sifatida baholamoqda.

Nemis madaniyat arboblari o‘z hukumatini Serebrennikovning “siyosiy o‘yinlar qurboni bo‘lishi va qamalishi” oldini olishga da’vat qildi.

Murojaatnomaga avstraliyalik aktrisa Keyt Blanshett, germaniyalik aktrisa Nina Hoss va kinorejissyor Folker Shloyondorff qo‘l qo‘ygan.

23 avgust kuni Moskva shahar sudi Serebrennikovni ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘iga hukm qildi. Endi u surishtiruv va sud majlislari tugaguncha hech qayoqqa keta olmaydi. Rejissyorga davlat byudjetidan bir loyiha uchun ajratilgan yirik mitqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirganlik aybi qo‘yilmoqda.

22 avgust kuni Sankt-Peterburg shahrida hibsga olingan 47 yashar rejissyor ayblovlarni “mutlaqo bema’ni va quyushqonga sig‘maydigan ish” deb atadi.

Agar sud uni aybdor deb topsa, 10 yilga kesilishi mumkin.

Ish yuzasidan sud tinglovi vaqtida uning binosi yoniga rejissyorning yuzlab tarafdorlari keldi, ko‘plab rus san’atkorlari Serebrennikov himoyasiga otlandi.

Putin hukumatiga norozilik bildirgan va ziddiyatli asarlarni sahnalashtirgan Serebrennikov ayni paytda Moskva shahridagi Gogolь markazining badiiy rahbaridir. U “Yettinchi studiya” drama jamoasiga asos solgan.

U Kreml yuritayotgan siyosat boshdan-oyoq yolg‘on va korruptsiyaga asoslanganini, amaldagi prezident Putin hukmronligi davrida hokimiyat keskin konservatizmga yuz tutganini tanqid qilib keladi.

Tergovchilarening iddao qilishicha, rejissyor Rossiya madaniyat vazirligi 2011-2014 yillarda “Platforma” loyihasiga ajratgan 68 million rubllik (1,1 million AQSh dollari) mablag‘ni talon-taroj qilgan.

Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning fikriga ko‘ra, Serebrennikov ustidan jinoyat ish qo‘zg‘atilishi hukumatning o‘z siyosati bilan kelishmayotgan madaniyat arboblariga yo‘llagan ogohlantirishidir. Bu bilan ularga 2018 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida yana Putinning nomzodi qo‘yilishiga qarshilik qilmasliklari kerakligiga shama qilinmoqda.

Serebrennikovga nisbatan ish qo‘zg‘atilishiga qarshi arboblar orasida Putinning dastlabki ikki prezidentlik muddatida Moliya vaziri bo‘lib ishlagan Aleksey Kudrin, putinparast teleboshlovchi Vladimir Solovyov ham bor.

XS
SM
MD
LG