Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 18:01

Qozog‘istonda kam boyitilgan uran banki ishga tushdi


Qozog‘iston energetika vaziri Vladimir Shkolnik (o‘ngda) va XAEA rahbari Yukia Amanov bilan Qozog‘istonda uran ombori qurish haqidagi shartnoma imzolanganidan so‘ng. Astana, 2017 yil, 27 avgust.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) Qozog‘iston hukumati va “Yadro tahdinini kamaytirish tashabbusi” (YaTKT) loyihasi bilan hamkorlikda Sharqiy Qozog‘iston viloyatida yangi kam boyitilgan uran (KBU) bankini ishga tushirmoqda.

Uning ochilishi marosimi bugun Sharqiy Qozog‘iston viloyatining ma’muriy markazi O‘skamen shahrida bo‘lib o‘tdi. 150 million AQSh dollarilik sarmoyaga ega kam boyitilgan uran bankining bosh qarorgohi aynan shu shahar joylashadi.

Ma’lumki, har yili 29 avgust BMTning Yadro qurollari sinoviga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi raisi Qosimjo‘mart To‘qaev o‘tgan haftada ma’lum qilganidek, bankning ochilish marosimida prezident Nursulton Nazarboev va XAEA rahbarlari ishtirok etadi.

Qarorgohi AQShda joylashgan YaTKT tarqatgan bayonotda aytilishicha, KBU banki “mamlakatlarga yadro energiyasi uchun sarmoya ajratadi, undan tinch maqsadda foydalanish uchun yoqilg‘i yetkazib beradi, va bu ularning o‘z boyitish inshootlarini yaratish uchun oshiqcha xarajat qilishiga hojat qoldirmaydi va atom qurolining global miqyosda tarqalish xavfini kamaytiradi”.

Bankka qarorgohi Vena shahrida joylashgan Xalqaro atom energiyasi agentligi egalik qiladi va uni boshqaradi.

XAEA BMTning atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni nazorat qiladi va u “biror alohida mamlakat nazorat qilmaydigan tashkilotdir”, deyiladi o‘sha bayonotda.

Qozog‘iston hukumati vakillarining bildirishicha, ushbu mamlakat bank faoliyati xavfsizligini ta’minlaydi.

XAEAning yoqilg‘i bankida 90 tonna kam boyitilgan uran saqlanadi. Ushbu miqdor yadro yoqilg‘isi tayyorlashga va yirik bir shaharni uch yil davomida elektr quvvati bilan ta’minlashga etadi, deb xabar qildi YaTKT.

Bank yadro qurollari tarqalishining oldini olish maqsadida tashkil etildi, chunki yadro energetikasini rivojlantirishga intilayotgan o‘nlab mamlakatlar uranni boyitishga harakat qiladigan bo‘lsa, yadro qurollarining tarqalish ehtimoli ortadi. Yadro reaktorlari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish texnologiyasi asosida atom bombasi uchun material ham tayyorlash mumkin.

– XAEAning kam boyitilgan uran banki ishga tushirilishi yadro xavfsizligi va yadro qurollari tarqalishi oldini olish borasidagi muhim qadamdir, – dedi AQSh senatori va YaTKTning hamraisi Sem Nann. – Bank yadro qurollari xavfini kamaytirish uchun alohida ahamiyatga ega. U jahon hamkorlik va halokat poygasiga kirishib ketgan paytda xalqaro hamkorlik qanday foyda berishining yorqin namunasidir.

YaTKT 2006 yildayoq KBU bankini tashkil etish taklifini o‘rtaga tashlagan edi. Biroq Qozog‘iston hukumati bilan XAEA ushbu loyiha bo‘yicha 2015 yilga kelibgina bitimga erishdi.

AQShlik milliarder va dunyodagi eng boy kishilardan biri Uorren Baffet ushbu loyihaga 50 million AQSh dollarilik sarmoya kiritdi. Qolgan 100 million dollarlik mablag‘ni esa Amerika Qo‘shma Shtatlari, Norvegiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Qozog‘iston va Kuvayt to‘lab berdi.

XS
SM
MD
LG