Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:26

Bahodir Jalol: Karimovning birinchi portretini chizgan edim... (Eksklyuziv suhbat)


Rassom Bahodir Jalolov chizgan Islom Karimov rasmi
Rassom Bahodir Jalolov chizgan Islom Karimov rasmi

O‘zbekiston xalq rassomi¸ SSSR davlat rassomi Bahodir Jalol "O‘zbekiston birinchi prezidentining eng yaxshi portreti" respublika konkursining g‘olibi, deb topildi.

69 yashar rassom Bahodir Jalol Ozodlik bilan suhbatda konkursda g‘olib deb topilgan portretni Karimov o‘limidan ikki yil avval¸ undan ruxsat olib chizgani bilan bog‘liq tafsilotlarni aytib berdi:

- Men Janubiy Koreya Badiiy akademiyasida rassomlikdan dars berib yurgan 2014 yilda birdan Isloim Karimov rasmini chizish istagi paydo bo‘ldi. Birov chiz demadi¸ buyurtma ham berishmadi. Savqi tabiiy bilan shu odamning rasmini chizishim kerakligini ichimdan his qildim. O‘sha yili Toshkentga qaytib Islom Karimov bilan uchrashish istagini prtezident devoniga bildirdim. Islom Abdug‘anievich meni tezgina qabul qildi. Men unga sizni chizgim keldi desam¸ u kishi "mayli", deb izn berdi. Men Islom Abdug‘anievichni 1989 yildan beri yaxshi bilaman. U kishi ham meni qadrlab ilk marta Xindisotonga safar qilganida menga rasm byuyurtma qiluvdi. Xullas, ruxsat olib rasm chizishga kirishdim. Birdaniga 5 ta rasm ustida ish boshladim. Rasmlar bitgach, Islom Abdug‘anievich kelib ko‘rdi. Rasmlar u kishiga manzur bo‘ldi. "Menga yoqdi¸ lekin hech kimga ko‘rsatmasdan bekitib qo‘y" dedi. U kishining vafotiga hali ikki yil bor edi o‘shanda¸ - deydi rassom.

Bahodir Jalol O‘zbekiston prezidenti rasmini ilk bora chizgan rassom sifatida tarixga kirgan. 1993 yili Toshkentdagi Lenin muzeyi O‘zbekiston Tarix muzeyiga aylantirildi. Bino ichidagi Markaziy Osiyoda inqilob g‘alabasi aks etgan rangin mozaika panno (rassomlar V. Zamkov¸ V Ionina - muallif).yo‘q qilinib¸ uning o‘rniga rassom Bahodir Jalol freska ishladi.

Freska markazida ot mingan Amir Temur timsolida hokimiyat piramidasi aks ettirilgan. Piramida tepasida esa ochiq turgan Qur’on aks etgan. Qur’ondan chiqayotgan nur fonida esa Karimovning BMT minbarida va’z aytayotgani aks etgan. Bahodir Jalolning eslashicha¸ Islom Karimov aks etgan bu rasm uning buyrug‘iga binoan muzey devoridan o‘chirib tashlangan:

- O‘zi shu rasmni chizganim xato bo‘lgan edi. Karimovdan so‘ramasdan chizuvdim. Eskizda prtret o‘rnida Amir Temur imperiyasining uch dumaloq shakldagi gerbi aks etgan edi. Prezident devonida ishlaydigan amaldor talabi bilan gerbni olib tashlab Karimovning rasmini chizdim. Keyinchalik bu freska Rossiya TV sida laganbardorlik¸ shaxsga sig‘inish, deya tanqid qilindi. Karimov darg‘azab bo‘lib¸ bu rasmni o‘chirtirib tashladi va rasmga buyurtma bergan amaldorni ishdan haydadi¸ - deydi Bahodir Jalol.

1993 yilda chizilib atigi olti oy umr surgan bu freskaga diqqat bilan qaralsa¸ Karimovning Qur’ondan chiqayotgan nurlar orasida yo‘q bo‘lib ketayotganini ilg‘ash mumkin edi. Rassom Jalol nazarida Qur’oni Karim ustiga Karimov potreti chizilishi boshidanoq xato bo‘lgan:

- Men amaldorga Qur’ondan balandga odam siymosini chizsam, kompozitsiya buziladi va mantiqqa ham zid, deb tushuntirdim. Prezidentga yoqish niyatida bo‘lgan bu amaldor chizasan, deb turib oldi. Men rassom sifatida buyurtmani bajardim¸ - deydi Bahodir Jalol.

Рассом Баҳодир Жалол билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:40:49 0:00

Saudiya qiroli Fahd¸ Britaniya qirolichasi Yelizaveta¸ Turkiya prezidenti Sulaymon Damiral¸ Xindiston Bosh vaziri Indira Gandi portretlarini chizgan rassom o‘z vaqtida Leonid Brejnev va Sharof Rashidovning paxta dalasida turgan rasmini ham chizgan edi. Brejnev potreti haqidagi savolimga tabassum bilan javob bergan rassom “Qaëqdan topasizlara shunaqa noyob ma’lumotlarni” deya ba’zi tafsilotlarni aytib berdi:

- Endi o‘sha davrda "Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi" degan shior bor edi. Brejnevning gapi bu. Bu ikkala rahbar dalada birga turganmi yo yo‘qmi - aniq ma’lumot yo‘q. O‘sha payt mafkurasining buyurtmasi edi bu . Goszakaz deyilardi. Do‘stim Javlon bilan birga javlon urib (kuladi) bu rasmni chizgandik¸ deya eslaydi rassom.

Bahodir Jalol
Bahodir Jalol

Islom Karimov: "Bahodir Jalol kabi rassom yashagan davrdagi O‘zbekistonni Karimov boshqargan edi"

Ozodlik bilan suhbatda rassom o‘zining Islom Karimov bilan 27 yil davom etgan ziddiyatli munosabatlartini esladi.

Bahodir Jalolga ko‘ra, “rassom va hukmdorning ilk uchrashuvi” 1990 yili Moskvadagi Markaziy Rassomlar uyida bo‘lib o‘tgan:

- Katta ko‘rgazma uyushtirgan edim Moskvada. Ko‘rgazma afishasi Kremldagi S’ezdlar saroyida ham osig‘liq edi. O‘sha paytda O‘zkomfirqa 1- kotibi bo‘lgan va SSSR Oliy kengashi deputati sifatida Moskvadagi s’ezdga kelgan Islom Karimov bu afishani ko‘rib Moskvani lol qoldirgan o‘zbekistonlik rassom ko‘rgazmasiga borishni ixtiyor qildi. (Kompartiya mulozimlarining san’at dunyosidan boxabar bo‘lishi kuratorlar tarafidan olqishlanar edi - tahr).

Марҳум Ислом Каримов ҳаëти ва фаолиятига бағишланган фотокўргазма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:23 0:00

Rassom Bahodir Jalolning eslashicha¸ Islom Karimov ishtirok etgan ko‘rgazma ochilish marosimida moskvalik munaqqidlar rassom haqida otashin maqtovli gaplarni aytishgan:

- Endi san’atshunoslar biri olib, biri qo‘yib, meni Leonardo Da Vinchi¸ Salvador Dali va Alfred Sikeyrosdan ham zo‘r rassom, deb mubolag‘a qivorishdi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan va bu otashin gaplar tagidagi mubolag‘ani ilg‘amagan Islom Karimov so‘z so‘rab qoldi. O‘zi tezda ketmoqchi edi. Ammo san’atshunoslar gapidan ta’sirlanib mana bu gapni aytdi: “Oradan vaqt o‘tadi¸ O‘zbekistonga rahbar bo‘lgan karimovlar unutiladi¸ ammo rassom Bahodir Jalol ismi va san’ati unutilmaydi. Balki "Bahodir Jalol kabi rassom yashagan davrdagi O‘zbekistonni Karimov boshqargan edi" deb eslashar¸ agar shunday bo‘lsa, men baxtli bo‘lar edim. Men Bahodir Jalol kabi rassom bilan bir davrda yashayotganimdan faxrlanaman", deb yuborsa bo‘ladimi¸ deya eslaydi rassom.

Bahodir Jalol asari
Bahodir Jalol asari

Sal o‘tmay, Islom Karimov umrida ilk bor ostona hatlab, Hindistonga yo‘l olganida¸ Bahodir Jalolovga rasm buyurtirdi.

Bu rasmni Hindiston rahbariyatiga taqdim qilish aks etgan va O‘zbekiston TVsida namoyish qilingan lavhada Karimov yana bir bor “Bu rasmni buyuk rassom Bahodir Jalol chizdi”, degan so‘zlarni takrorlagan edi.

San’atshunos Boris Chuxovich nazarida¸ Karimovlar oilasida Bahodir Jalolga nisbatan murakkab munosabat tadriji mavjud.

"Karimov nazarida Jalol ulug‘ rassom bo‘lsa¸ to‘ng‘ich qiz Gulnora Karimova nazarida Jalol shunchaki eklektik muqallidga moyil rasmkash. 1993 bilan boshlab O‘zbekiston prezidentining rassom Bahodir Jalolga munosabati sovuqlashgani kuzatiladi. Bahodir Jalolning freskalari butun mamlakat bo‘ylab vayron qilina boshlandi. Birin-ketin. Turkiston saroyiga ishlangan freska hali bo‘yog‘i qurimasdan o‘chirib tashlandi. Bahor konsert zalidagi Mukarrama Turg‘unboevaga bag‘ishlangan freska nobud qilindi"¸ - deydi Boris Chuxovich.

Bahodir Jalolning o‘zi Islom Karimov haqida salbiy xotiralarni eslashni hush ko‘rmaydi.

- Men rassomman¸ ko‘rgan narsamni¸ his qilganim mavzuni chizaman. U odamning yaxshi yoki yomonligiga tarix baho bersin. O‘z vaqtida SSSR rahbari Nikita Xrushchev Ernst Neizvestniy degan rassomni haqorat qilib¸ mamlakatdan badarg‘a qilgan edi. Ammo bu rassom gina-kuduratni unutib Xrushchevning eng yaxshi haykalini yasadi, dedi rassom Bahodir Jalol.

XS
SM
MD
LG