Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:02

Qirg‘izistonda terrorchilikda gumonlanganlar otib o‘ldirildi


Chuy viloyatining Jayil tumanida 29 avgust kuni ertalab Milliy xavfsizlik qo‘mitasi o‘tkazgan maxsus amaliyot paytida terrorchilikda gumonlangan ikki shaxs otib o‘ldirildi, bir gumonlanuvchi yaralandi.

Қирғизистонда террорчиликда гумонланганлар отиб ўлдирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00

Milliy xavfsizlik xizmatining bildirishicha, 24 avgust kuni Bishkekda “Nissan Presaj” avtomashinasini yo‘l patrul militsiyasi to‘xtatishga harakat qilgan. Biroq mashinada o‘tirgan odamlar militsionerlarga to‘pponcha va granata bilan tahdid qilib, qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Maxsus xizmat tomonidan tarqatilgan rasmiy bildiruvda ta’kidlanishicha, bu voqea yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda qurolli guruh 31 avgust kuni nishonlanadigan mustaqillik kunida Bishkekda va Chuy viloyatida terror harakatlarini sodir etishga tayyorlanayotganlari to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlangan.

Milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Raxat Sulaymanovga ko‘ra, 28 avgust kuni terrorchi guruhga a’zolikda gumonlangan bir odam qo‘lga olingan va uning mashinasidan qurol hamda o‘q-dorilar topilgan. Buning ortidan 29 avgust kuni terrorchi guruhga a’zolikda gumonlanganlarning izi Jayil tumanidan topilgan.

Maxsus amaliyot paytida gumonlanuvchilar qurolli qarshilik ko‘rsatgan. Maxsus xizmat xodimlari otishma paytida terrorchilikda gumonlanayotganlarning ikki nafarini otib o‘ldirgan, bir nafarini yaralagan.

- Maxusus amaliyot paytida terror guruhi a’zolariga taslim bo‘lish taklif qilindi. Biroq ular taslim bo‘lmay, o‘q ota boshladi. Shundan so‘ng Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ham ularga qarata o‘q otib, terrorchi guruhning 2 a’zosini o‘ldirdi, bir a’zosini yaraladi. Amaliyot paytida maxsus xizmat xodimlari jabrlanmadi, -dedi Raxat Sulaymanov.

Rasmiyning bildirishicha, terrorchilikda gumonlanayotganlarga ko‘mak ko‘rsatganlikda ayblanib 57 va 32 yoshdagi ikki odam ham qo‘lga olingan.

Bu voqeaga qadar avgust oyi boshlarida Milliy xavfsizlik xizmati Qirg‘iziston hududida terrorchilikda gumonlangan 6 kishi qo‘lga olinganini bildirgan edi.

Bishkekdagi “Qilim shami” huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulova esa bu kabi maxsus amaliyotlar paytida gumonlanuvchilarning jismonan yo‘q qilinishini xalqaro me’yorlarga zid ko‘rinish sifatida baholadi.

-Maxsus xizmatlar bu kabi amaliyotlarni tayyorlayotgan paytida bitta maqsadni –terrorchilarni yo‘q qilishni ko‘zlaydi. Biz har doim talab qilib kelamiz, terrorchilikda gumonlanib yo‘q qilingan odamning terrorchilikka qanday aloqasi bo‘lganini, uning terrorchi ekanini qaysi sud, qaysi tergov anilqab berdi, deb. Ikki yoki to‘rt kishini otib o‘ldirib, bular terrorchilar edi, deb aytishayapti, -dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari esa bu kabi amaliyotlarda yo‘q qilingan shaxslarning terrorchi ekaniga ishonilishini aytib keladi.

Milliy xavfsizlik xizmati terrorchilarni yo‘q qilish amaliyoti o‘tkazilgani ortidan bayram kunlari aholini ogohlikka chaqirmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Suriyadagi janggari guruhlar saflarida 500 qirg‘izistonik jang qilmoqda.

XS
SM
MD
LG