Линклар

Xorazm viloyatining har bir tumanida “Nuroniylar maskani” qurilishiga mahalliy tadbirkorlar mablag‘ o‘tkazishga majbur qilindi. Viloyatdagi xususiy do‘kon va dorixona egalarining Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimligi ulardan maskanlar qurilishi uchun, daromadiga qarab, 4 million so‘mdan 10 million so‘mgacha soliq solgan, pul o‘tkazmagan tadbirkorlarning bank hisobi muzlatilishi haqida ogohlantirgan. Viloyat hokimligidagilar bu jarayonning “ko‘ngilli” tarzda o‘tayotganini iddao qildilar.

Urganch shahridagi dorixona egalaridan biri Ozodlik bilan suhbatda “Nuroniylar maskani” qurilishi uchun Nuroniy jamg‘armasiga 5 million so‘m o‘tkazib berganini aytdi.

- Nuroniylar uchun maskanlar qurilayotgan ekan, shunga yordam berish so‘raldi. 5 million so‘m o‘tkazib berdik. Hokimni ko‘rsatmasi bor, deyishdi. Bermasdan ilojimiz yo‘q, bo‘lmasa tekshir-tekshirga tushmaslik uchun berishga majbur bo‘ldik, - dedi xorazmlik tadbirkor.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan xorazmlik boshqa bir tadbirkor "maskan solig‘i" solinishi sababi viloyatdagi qurilishlar uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘ yetmay qolganligida, deb bilishini aytdi:

- Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Urganchning rekonstruksiyasi uchun ham yordam berganmiz. Tushunishimcha, byudjetda pul yo‘q yoki qurilish uchun mo‘ljallangan pullarni o‘zlashtirib bo‘lishgan. Bermasang hisobingni muzlatamiz, deyishdi. 5 million so‘m pul o‘tkazdik, - dedi tadbirkor.

O‘zbekistonning har bir shahar va tumanida “Nuroniylar maskanlari” qurilmoqda.

Bunday maskanlarda kitobxonlar zallari, trenajyorlar, shaxmat, shashka o‘ynash uchun dam olish xonalari bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yil 28 dekabrda imzolagan farmonga muvofiq maskanlar 2017 yilning 1 sentyabriga qadar qurib topshirlishi kerak.

Farmonda bunday deyilgan:

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2017 yil 1 sentabrgacha har bir tuman va shaharda, qoidaga ko‘ra madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari hududida "Nuroniylar maskani" majmualari faoliyat ko‘rsatishini, ularda "Nuroniy" jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlardagi (shaharlardagi) bo‘limlarini joylashtirish uchun xonalar ajratilishi yoki qurilishini ta’minlasinlar".

Farmonda, shuningdek, mana bu gap ham bor:

"2017 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni nazarda tutsin". ​

“O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmon keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingani aytilgan.

“Nuroniylar maskani” qurilishi uchun tadbirkorlarga soliq solingani yuzasidan izoh olish uchun Ozodlik muxbiri Xorazm viloyati hokimligiga bog‘langanida hokim yordamchisi savollariga javob berishni istamadi.

Xorazm viloyat hokimligining ismi sir saqlanish sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulzimiga ko‘ra, “Nuroniylar maskan”lari qurilishi byudjetda pul etishmovchiligi sababli cho‘zilyapti.

Byudjetda pul yetishmayotgani uchun mahalliy tadbirkorlardan zudlikda bu ishni qo‘llab-quvvatlash so‘ralgan.

- 26 sentabrgacha qurib bitirish bo‘yicha qattiq topshiriq bor, tadbirkorlardan bu ishni qo‘llab-quvvatlash so‘ralyapti, - dedi Xorazm viloyati hokimligidagi Ozodlik manbasi.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning og‘zaki buyruqlari bilan tadbirkorlardan qurilishlarga, turli xil tadbirlarga pul o‘tkazishga majburlaniishi odatiy holga aylangan.

Bundan avval Urganch shahri rekonstruksiyasi uchun mahalliy tadbirkorlar va byudjet tashkilotlari ishchilaridan pul yig‘ilayotgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yili esa Xorazm viloyati tumanlariga Toshkentdan yuborilgan IIV, MXX va prokuraturaning tekshiruvchilar guruhlarini yotoq joyi, uch mahal ovqat va mashina bilan ta’minlash vazifasi ham mahalliy fermerlar va tadbirkorlarga zimmasiga yuklatilgan edi.

XS
SM
MD
LG