Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:54

Malobrodskiy ziyolilarni hukumat “odamxo‘rligi”ga qarshi turishga da’vat qilmoqda


Aleksey Malobrodskiy 21 iyun kungi sud majlisida.
Aleksey Malobrodskiy 21 iyun kungi sud majlisida.

Taniqli rus teatr va kino rejissyori Kirill Serebrennikov ustidan olib borilayotgan jinoyat surishtiruvida gumondor sifatida hibsga olingan Malobrodskiy hokimiyat idoralarining tahdidi ortayotganidan ogohlantirdi va bunday tovlamachilikka “murosasiz qarshilik ko‘rsatish”ga chaqirdi.

Moskvadagi “Gogol-sentr” teatri direktori Aleksey Malobrodskiy joriy haftada qamoqdan o‘ziga davlat mablag‘ini talon-taroj qilish aybi qo‘yilayotgani haqida qamoqxonadan xat chiqardi.

Xatda Ivan Grozniy zamonlaridagi davlat qatag‘oniga sabab bo‘lgan oprichnina siyosati esga olinadi. Ma’lumki, Rossiya tarixida shafqatsizligi bilan nom qozongan ushbu podshoh yerlarni yakka o‘zi idora qilish uchun boyarlardan kuch ishlatib tortib olish bilan shug‘ullangan.

– Agar biz birinchilardan bo‘lib keskin qarshilik ko‘rsatmasak va g‘olib chiqmasak, oprichninaga o‘xshash yalpi odamxo‘rlik boshlanib ketishi mumkin, – dedi u 28 avgust kuni AQShning Moskvada istiqomat qiluvchi teatrshunosi Jon Fridmen va yozuvchining umr yo‘ldoshi Oksana Misinaga yozgan xatida.

59 yashar Malobrodskiy ayni paytda Moskvadagi “Matrosskaya tishina” tergov izolyatorida ushlab turilibdi. U Serebrennikovning “Yettinchi studiya” teatrida davlat mablag‘ini talon-taroj qilish singari soxta ayblov bilan iyun oyida qamoqqa tashlangan edi.

Rossiya hukumatini tez-tez va shafqatsiz tanqid qilib turadigan Serebrennikov esa yaqinda hukumat 2011-2014 yillarda bir loyiha uchun ajratgan 68 million rubllik (1,1 million AQSh dollariga teng) mablag‘ni talon-taroj qilganlikda gumon qilinib, hibsga olindi. Undan tashqari, “Yettinchi studiya” teatrining yana ikki xodimi ham ushlandi.

Ushbu tergov ishi Rossiya madaniyat arboblari, hatto Kremlga sodiq bo‘lgan kishilarning ham tanqidiga sabab bo‘ldi. Serebrennikov tarafdorlarining aytishicha, uning qamoqqa olinishi madaniyat arboblarini 2018 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi oldidan qo‘rqitib qo‘yishdir.

Joriy oyning boshida bir guruh rus yozuvchilari, jurnalistlari, aktyorlari va rejissyorlari Malobrodskiyni tergov izolyatoridan ozod qilishni so‘rab, hokimiyat idoralariga ochiq xat bilan murojaat qildi. Ular orasida yozuvchilardan Lyudmila Ulitskaya, Viktor Yerofeev va Vladimir Sorokin bor.

“Ko‘pchiligingizning xabaringiz bor, yaqinda meni qayg‘uga solgan bir voqea ro‘y berdi. Hamkasbim va do‘stim uy qamog‘iga tashlandi. Fikrimcha, bu ish noqonuniy, adolatdan bo‘lmadi. Qo‘rqib ketayapman. Bir necha kundan beri o‘zimga kela olmayapman. Gap Kirill Serebrennikov haqida ketayapti”, deb yozdi taniqli aktrisa Cho‘lpon Xamatova.

Yana dunyoning 30 dan oshiq madaniyat arboblari ham Serebrennikovga nisbatan olib borilayotgan soxta tergovni to‘xtatishni talab qilib chiqdi.

Bundan tashqari, o‘zini Rossiyaning “yosh madaniyat arboblari” deb atagan 300 dan oshiq kishi yozgan ochiq xatida Serebrennikov bilan Malobrodskiyga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni “Yettinchi studiya”ning sobiq direktori Yuriy Itin va hisobchisi Nina Maslyaevaning “siyosiy sabablarga asoslangan” fitnasi deb atadi.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov oldinroq Serebrennikov bilan bog‘liq tergovning “na siyosat¸ na san’at”ga daxli bor”, shu sababli bu yerda Kreml izoh berishi mumkin hech qanday sabab yo‘q, deb aytgan edi.

Rossiya Madaniyat vaziri va konservativ tarixchi Vladimir Medinskiy fikriga ko‘ra, hukumat “xalq saylagan rahbarlarni sharmanda qiladigan” filmlarga mablag‘ ajratmaydi.

XS
SM
MD
LG