Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:30

OzodDayjest: Odamlarni "namozxon va benomozga" ajratgan imom jarimaga tortildi


“To‘xtaboy” jome’ masjidi sobiq imomi Ishoqjon Begmatov milliy urf-odatlarni bid’at deb atagani hamda odamlarni namozxon va benamoz toifasiga ajratgani uchun jarimaga tortildi. Elektr korxonasi nazoratchisi bo‘lgan ayol iste’molchi tomonidan kaltaklandi. Qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihaga birorta bank yordam bermayapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Tadbirkor: Qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihaga birorta bank yordam bermayapti

O‘zbekistonda qog‘oz ishlab chiqarish uchun xomashyo xorijdan keltirilayotgani bois bu boradagi tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi qiyin kechmoqda (“Jamiyat”, 25 avgust).

Bu haqda qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Topinamsel” firmasi rahbari Yunus Sodiqov ma’lum qiladi.

Tadbirkorga ko‘ra, ayni paytda 500 gektar yerga topinambur o‘simligi ekib, undan qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan, ammo mamlakatdagi birorta bank ushbu muhim ishga ko‘mak bermayapti.

Ishbilarmonning ta’kidlashicha, qog‘oz O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilmas ekan, tobora qimmatlab boraveradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining qog‘ozga bo‘lgan talabi 470 ming tonnani tashkil etib, uning 70 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda istifoda etiladigan qog‘ozning 95 foizi chetdan keltiriladi.

Elektr korxonasi nazoratchisi bo‘lgan ayol iste’molchi tomonidan kaltaklandi

Qashqadaryo viloyati Koson tumani Saripul mahallasida yashovchi Alisher Haydarov tuman elektr korxonasi nazoratchisi vazifasida ishlagan G.Negmatovani kaltakladi (“Huquq”, 31 avgust).

Qayd etilishicha, A.Haydarov xonadonini yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulab, undan istagancha foydalanib kelgan.

Nazoratchi G. Negmatova tekshiruv payti bu holni fosh qilib, noqonuniy elektr manbaini uzgan. Bu paytda xonadon sohibi A.Haydarov uyda bo‘lmagan. Uyga qaytib, elektr tarmog‘idan uzilganidan xabar topgan A.Haydarov nazoratchi G.Negmatovaning ishxonasiga borgan va uni haqoratlab, tepkilagan.

Atrofdagilarning aralashuvi bilan G. Negmatova hayoti saqlab qolingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi Alisher Haydarovga ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish jazosi tayinlagan.

“To‘xtaboy” jome’ masjidi sobiq imomi Ishoqjon Begmatov milliy odatlarni bid’at deb atagani bois jarimaga tortildi

Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome’ masjidining sobiq imom-xatibi Ishoqjon Begmatov noo‘rin targ‘ibot, nojoiz tashviqot olib borganlikda ayblandi (“Darakchi”, 31 avgust).

Qayd etilishicha, imom-xatib “Kelin salom bid’atmi yoki...” maqolasida kelin salom marosimini sho‘ro davrida milliy qadriyat bayrog‘i ostida yuzaga kelgan bid’at deb xato yozgan.

“To‘xtaboy” masjidi sobiq imomi sumalak tayyorlash marosimini bid’at va xurofotga tenglashtirgani uchun ham tanqid qilingan. Qolaversa, imom-xatib odamlarni namozxon va benamoz deya toifaga ajratib xatoga yo‘l qo‘ygani xabar qilingan.

“I.Begmatovning turli sabablarga ko‘ra namoz o‘qimay yurgan kishilarga bepisandlik bilan qarashi, ularga nisbatan nojoiz so‘zlarni qo‘llashi odamlar o‘rtasida ayirmachilik kayfiyatiga sabab bo‘lmaydimi?” deyiladi maqolada.

Imom-xatib yana boshqa xatolarga yo‘l qo‘ygani qayd etilgan. Toshkent viloyati Zangiota tuman sudi sobiq imom-xatib Ishoqjon Begmatovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG