Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:21

O‘zbekiston Mustaqilligi kuni kuchaytirilgan xavfsizlik choralari sharoitida nishonlandi


1 sentabr kuni Toshkentning 20 ta xiyobon va maydonida Mustaqillik bayrami munosabati bilan xalq sayllari bo‘lib o‘tdi. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, poytaxt militsiyasi tomonidan jamoat xavfsizligini kuchaytirilgan tartibda ta’minlash choralari ko‘rildi.

Bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan ko‘chalar kirishiga beton bloklar ikki kun avval olib kelinib, maxsus kranlar yordamida o‘rnatilgan.

Oldinroq poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkentga yuk avtomashinalari kirishida cheklovlar bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.

Yengil avtomobillar esa sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilishi, shu jumladan davlat raqamlarni aniqlash maxsus tizimi yordamida nazorat qilinishi haqida ma’lum qilingan.

Xiyobon va maydonlarga kiraverishda qo‘shimcha nazorat joylari o‘rnatilgan. Xodimlar tomonidan hujjatlar va sumkalar tekshirildi. Shuningdek, portlovchi moddalarni qidirishga o‘rgatilgan xizmat itlari yordamida nazorat qilindi.

Mahalliy nashrlarning militsiya xodimlariga tayanib yozishicha,bayram tadbirlarini 18-00 da yakunlash rejalashtirilgan.

"Lekin odamlar bayram qilishni davom ettirishlari mumkin, tadbirlar o‘tkazilgan barcha katta maydonlar yopiladi", degan xodim.

Mustaqillikmi¸ hayit?

Bu yilgi Mustaqillik bayrami Qurbon hayiti bilan bir kunga to‘g‘ri keldi va Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklardan biriga ko‘ra¸ odamlar Mustaqillikni nishonlash uchun bog‘ va maydonlarga borishdan ko‘ra¸ ko‘proq hayit an’analarini bajarish bilan mashg‘ul.

-Bugun qo‘shaloq bayram bir kunga¸ bir kun bo‘lganda ham¸ juma kunga to‘g‘ri keldi. Ertalabdan aksariyat hayit namoziga chiqqan¸ to‘y-aza bo‘lgan xonadonlarga birrov bosh urgan¸ ota-onasini yo‘qlagan. Mustaqillik haqidagi katta pannolar ko‘chalarda ko‘p¸ lekin katta tadbirlarni ko‘rmadim. Ochig‘i¸ hali parkka borishga vaqtim bo‘lmadi¸ hayit amallari bilan bandman. Kechroq chiqmoqchimiz sayil bo‘alyotgan joylarga¸ deydi toshkentlik suhbatdosh.

Samarqand bu yil ham Karimov bilan mashg‘ul

2016 yilning 1 sentabrida O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri Samarqand mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimovni dafn qilishga hozirlik bilan band bo‘lgan bo‘lsa¸ oradan bir yil o‘tib¸ samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaevga ko‘ra¸ yana Karimov bilan bog‘liq ma’rakaga hozirlanmoqda:

- Samarqandda kechagina "Sharq taronalari" festivali tugadi. Endi hamma 2 sentabr kuni ochiladigan Karimov haykali bilan bog‘liq tayyorgarlik bilan ovora. Kecha markaziy amfiteatrda kichik bir rasmiy tadbir bo‘ldi¸ unda viloyat hokimi gapirdi. Undan boshqa tadbir yo‘q. Bu yilgi bayramning kamtar o‘tayotganidan hamma xursand. Har yili amaldorlar bayram qilib ¸ haqqi tadbirkorlardan undirilardi. Bu yil shu narsaning kamayganidan ko‘pchilik xursand. Mustaqillik amaldorlar bayram qilib¸ xalq chetda tomosha qiladigan emas¸ har bir o‘zbekistonlik chin dildan o‘z oilasi va yaqinlari bilan nishonlaydigan bayram bo‘lishi kerak¸ deydi samarqandlik jurnalist.

Joriy yilning 8 fevral kungi chiqishida prezident Shavkat Mirziyoev:

"Biz bu yil Navro‘zni xalq sayli qilamiz. Ana shuni hamma bilsin. Biz hozirdan tayyorgarlik qilaylik. Bu yil odamlar bilan muloqot yili deb e’lon qildik. Navro‘z — sayil bu. Shuning uchun mana hamma rayon hokimlari eshitsin — dalalarda, bog‘larda sayil bo‘ladi. Toshkenda ham mana shu 11ta rayonimizda bog‘lar qurayapmiz, biz topshiriq berdik, sayilda qatnashamiz hammamiz. Odamlar emin-erkin xohlagan bog‘iga borsin, mazza qilsin"¸ degan edi.

Prezident bu gaplarining 2017 yilgi Mustaqillik bayramiga ham taalluqli ekani ko‘rildi - Toshkent markazidagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ida o‘tkaziladigan har yilgi katta bayram tantanalari o‘rniga bu yil Forumlar saroyida kamtarona tadbir va bayram kontserti uyushtirildi¸ xolos.

Prezident Shavkat Mirziyoev Mustaqillik kuni munosabati bilan 31 avgustda so‘zlagan tabrik nutqida sobiq prezident Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilishini ta’kidladi.

Prezidentga ko‘ra, 2 sentabr kuni Samarqand shahrida Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Karimov tavalludining 80 yillgi munosabati bilan 2018 yil 30 yanvarda Qarshi shahrida Islom Karimovga haykal o‘rnatiladi va mana shu sanagacha Samarqandda Karimovga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish ishlari to‘la yakuniga yetkaziladi.

31 avgust kuni Toshkentdagi Oqsaroy rezidensiyasi oldida Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

“Bugun barchamiz bir fikrda yakdilmiz: Birinchi Prezidentimizning Vatan va davlat oldidagi buyuk tarixiy xizmatlari, so‘nmas xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashaydi”, dedi Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG