Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:43

Surxondaryoda kelin uy talashib, qaynonasini yoqib yubordi


Ozodlik arxividan olingan bu suratning Termizda yuz bergan voqeaga aloqasi yo‘q.
Ozodlik arxividan olingan bu suratning Termizda yuz bergan voqeaga aloqasi yo‘q.

Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynoanasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizildi. 14 avgust kuni sodir bo‘lgan bu voqea Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi. Termiz prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi "Qasddan o‘t qo‘yish va odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, Termizdagi Haitovlar oilasidagi kelin va qaynona o‘rtasidagi janjal etti yildan buyon davom etib kelgan va 14 avgust kuni fojiali yakun topgan.

Shu kungi hodisa haqida xonadon qo‘shnilaridan biri Ozodlikka gapirib berdi.

- Uch farzandi bor kelin qaynonasi bilan yashar edi. Er o‘n yildan beri Rossiyada. Qaynona menga boqimanda kelin kerak emas, deb uni farzandari bilan uydan haydamoqchi bo‘lgan. Kelin uy meniki, kerak bo‘lsa yoqib yuboraman, deb benzin kanistrni ko‘tarib kelib, uyga o‘t qo‘yib yuboradi. Oqibatda keksa qaynona halok bo‘ldi, ikkinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li etmish foizi kuygan holda kasalxonaga yotqizildi, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan termizlik ayol.

Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridan birining mas’ul xodimi Termizning T. Mirzaev ko‘chasidagi xonadonda ro‘y bergan yong‘in oqibatida 72 yoshli Davrongul Boyqulova ismli ayol halok bo‘lgani va 10 yoshli bola kuyish jarohati bilan og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi.

- Bu bo‘yicha tergov ishlari olib borilyapti. Jinoyat kodeksining 97-moddasi - qasddan o‘t qo‘yish va odam o‘ldirish bandi bo‘yicha ish ochilgan. Kelin jinoyatda asosiy gumonlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda. Chunki, surishtiruv davomida voqeaga guvoh bo‘lgan qarindoshlari uyga aynan kelin o‘t qo‘yganini aytishdi. Uy yonib ketgan, keksa ayol o‘tni ichda qolib o‘lgan, - dedi huquq-tartibot idoralaridan birining mas’ul xodimi.

Termiz shahar kasalxonasi vrachlari yong‘inda jabr ko‘rgan 10 yoshli Rasul Haitov tanasining 70 foizi kuygan holatda olib kelingani, ahvoli nihoyatda og‘ir ekanini aytishdi.

- Hozir bemor reanimatsiya bo‘limida, ahvoli o‘ta og‘ir, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan shifokor.

O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojealar to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

Shu oy boshida Farg‘onada 51 yoshli ota 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yilning fevral oyida Buxoroda 47 yoshli o‘g‘il o‘zaro janjal payti jahl ustida ota-onasi ustiga benzin sepib, yoqib yuborgandi.

Xorazmning Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida esa 2016 yilning yanvarida 30 yoshli ayol oilada yetishmovchilik sabab ikki farzandini pichoqlagan edi.

Oqibatda 7 yoshli qizi hayotdan ko‘z yumgan, 10 yoshli o‘g‘li og‘ir yaralangandi.

Bunday voqealar qo‘shni mamlakatlarda ham qayd etilgan holatlar bor. Masalan, 23 avgust kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 39 yoshli ayol oilaviy janjal sabab 59 yoshli qaynonasini bo‘g‘izlagani haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG