Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:13

Shimoliy Koreya vodorod bombasini muvaffaqiyatli sinaganini iddao qildi


Piyodalar Tokio shahrida Pxenyan o‘tkazgan sinov haqidagi yangiliklar berilayotgan teleekran yonidan o‘tib bormoqda.
Piyodalar Tokio shahrida Pxenyan o‘tkazgan sinov haqidagi yangiliklar berilayotgan teleekran yonidan o‘tib bormoqda.

Shimoliy Koreya ballistik raketalarga yuklash mumkin bo‘lgan vodorod bombasini muvaffaqiyatli ravishda sinaganini da’vo qilmoqda. Yaponiya hukumati Pxenyan yadro qurolini sinadi, deb bayonot tarqatdi va Bosh vazir Shinzo Abe buni "mutaqo qabul qilib bo‘lmas" amal deb qoraladi.

3 sentabr kuni Shimoliy Koreya hukumatiga qarashli ommaviy axborot vositalari bergan xabarga ko‘ra, Pxenyan o‘tkazgan oltinchi sinov “o‘ta muvaffaqiyatli” bo‘lgan va mamlakatning yadro quroli dasturini yakunlashda “muhim” bosqichdir.

Ushbu xabar seysmologlar Shimoliy Koreya ilgari yadro quroli sinovlari o‘tkazgan joyda zilzila ro‘y berganini qayd etgan so‘ng oradan bir necha soat o‘tib tarqaldi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Taro Kono o‘z hukumati ushbu yadro quroli sinovi amalga oshirilganini tasdiqlaganini ma’lum qildi. Bosh vazir Shinzo Abe buni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” ish deb qoraladi:

“Shimoliy Koreyaning yadro quroli sinovi bilan mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Biz bunga keskin norozilik bildirishimiz kerak. Axborot yig‘ish va uni tahlil qilish uchun Milliy xavfsizlik kengashi majlisini boshlayapmiz”.

Rasmiy Pxenyan 2006 yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlarini buzgan holda yadro quroli sinovlarini o‘tkazib keladi. Bu hol Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa mamlakatlarning keskin norozligiga sabab bo‘lmoqda.

Janubiy Koreya rasmiylari Shimoliy Koreyaning Kilju tumanidagi Pungeri yadro poligonida “sun’iy zilzila” ro‘y berganini tasdiqlagandan so‘ng mamlakat prezidenti Mun Chje-in Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda majlisini chaqirdi.

Koreya Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Chung Iyu-yong: "Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ittifoqchi ekanimizdan kelib chiqib, ushbu mamlakatning eng baquvvat harbiy kuch va vositalarini Koreya yarim oroliga joylashtirish masalasini muhokama qilamiz”, deb ma’lum qildi.Janubiy Koreya Shtab boshliqlari qo‘mitasi vakilining ma’lum qilishicha, mamlakat harbiy kuchlari jangovor tayyorgarlik holatiga keltirilgan hamda AQSh bilan birga ushbu sinovga javob chorasi ko‘rishi mumkin.

Janubiy Koreya meteorologiya agentligi rahbari Li Mi-sunning ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya 2016 yil sentyabrida o‘tkazgan yadro quroli sinovi bilan solishtirganda, ushbu sinov chog‘ida “ajralib chiqqan quvvat 5-6 barobar ko‘p bo‘lgan”.

Pxenyanning beshinchi yadro sinovi 10 kilotonna quvvatga ega bo‘lib, u AQSh 1945 yili Hirosima shahrini vayron qilish uchun tashlagan 15 kilotonnalik bombadan kuchsizroq edi.

Dastlab Shimoliy Koreyaning davlatga qarashli OAV o‘z mamlakati kuchli vodorod bombasini yaratgani va bunday bombalar qit’alararo ballistik raketalarga (QBR) yuklanishi mumkinligi to‘g‘risida shov-shov ko‘tardi. Oradan bir necha soat o‘tib esa zilzila ro‘y berdi.

Ushbu iddaolarni mustaqil manbalardan tasdiqlashning hozircha iloji bo‘lmadi.

Shimoliy Koreya markaziy axborot agentligi tarqatgan xabarda vodorod bombasi eng ilg‘or yadro quroli va u “ulkan buzmakor kuch”ga ega ekani aytiladi.

Ushbu bayonotdan so‘ng AQSh Geologiya xizmati 3 sentabr tongida Shimoliy Koreyaning Sunjibaegam shahridan 24 kilometr uzoqlikda bo‘lgan portlash oqibatida 6,3 magnitudalik yer silkinishi ro‘y berganini qayd etdi.

Ushbu yadro quroli sinovi o‘tkazilishidan oldin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe telefon orqali Shimoliy Koreya bilan bog‘liq vaziyat taranglashayotganini muhokama etdi. Tomonlar Pxenyanga bosim o‘tkazish uchun izchil hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Shu yil Pxenyan AQShning milliy bayrami – 4 iyul kuni, QBR sinovini o‘tkazgandan so‘ng, Tramp bilan Shimoliy Koreya rahbari Kim urush tahidi haqidagi bayonotlarni bergan edi. O‘shanda Pxenyan sinagan raketalar 10 ming kilometr radiusdagi masofani qamrab olishi va AQShning aksariyat qismiga etib borishi mumkinligi aytilgan.

Bunga qadar, Shimoliy Koreya tashkil etilgan sana – 9 sentabr kuni yana yadro quroli sinovlari o‘tkazilishi aytilayotgan, biroq bu mamlakat vodorod bombasiga ega ekani yoki emasligi xususida hech kim ochiq gapirishga botina olmayotgan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Janubiy Koreya vakillari 1 sentabr kuni Janubiy Koreya himoyasini kuchaytirishga kelib olganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Vashington Shimoliy Koreyaga qarshi turishi uchun ushbu mamlakatga milliardlab dollarlik qurol-yaroq sotishga qaror qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 sentabr kuni e’lon qilingan maqolasida Shimoliya Koreyaning yadro quroli va raketa sinovlari sababli paydo bo‘lgan qarama-qarshilik jahonni “ulkan miqyosdagi mojaro yoqasiga keltirib qo‘ydi”, deb yozdi.

XS
SM
MD
LG