Линклар

Rossiyalik diplomatlar 48 soat ichida uchta vakolatxonani bo‘shatib, chiqib ketgandan so‘ng AQSh hokimiyat idoralari binolarni o‘z nazoratiga oldi. Bunga javoban Kreml AQShning yetakchi diplomatini chaqirib, qo‘liga norozilik notasini tutqazdi. Unda AQSh idoralarining harakati “misli ko‘rilmagan tajovuzkor xatti-harakat, deb qoralangan.

Rossiya tomoni AQSh rahbariyatidan o‘z diplomatlariga tegishli bo‘lgan binolarni qaytarishni so‘ramoqda va bu harakatlarni "oshkora dushmanona harakat" deb baholamoqda.

"Biz AQSh rahbariyatini o‘ziga kelish va Rossiya diplomatik korpusi binolarini darhol qaytarishni talab qilamiz. Aks holda, AQSh tomoni davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarda davom etayotgan ortga ketish uchun mas’ul bo‘ladi", deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 3 sentabr kuni tarqatgan bayonotda.

AQSh Davlat departamenti Rossiyaning San-Fransisko shahridagi konsulligi hamda Vashington va Nyu-York shaharlaridagi savdo vakolatxonalarini 2 sentabr mahalliy vaqt bilan soat 14:00 ga qadar yopishni buyurgan edi.

Rasmiy Moskva avgust oyida AQSh hukumati oldiga sentabr oyigacha Rossiyadagi diplomatiya vakolatxonalari xodimlaridan 755 kishini qisqartirib, 455 kishini qoldirish talabini qo‘ygan edi. Vashingtonning bu qarori o‘sha talabga javoban qabul qilindi.

Rossiyaning Vashington shahridagi savdo vakolatxonasida o‘sha muhlat tugagandan so‘ng nima voqea ro‘y bergani xususida AQSh va Rossiya tomonlari turlicha izoh bermoqda.

Moskva, AQSh rasmiylari “vakolatxona eshigini buzib kirish” bilan tahdid soldi, Federal tergov boshqarmasi (FRB) “binoda tintuv o‘tkazdi”, deb iddao qildi.

Davlat departamenti esa bu iddaolarni rad etdi. Uning xodimi fikricha, AQSh rasmiylari Rossiya vakillari bilan birga diplomatlar chiqib ketgan-ketmaganini tekshirish uchun uchta vakolatxonaning barchasini ko‘rikdan o‘tkazgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Moskvadagi elchixonasi rahbari o‘rinbosari Entoni Godfrini chaqirib, norozilik bildirdi.

Entoni Godfri esa: “Hali ham Rossiyaning AQShdagi dimlomatik mol-mulki AQShning Rossiyadagi diplomatik mol-mulkidan ko‘p. Rossiyaning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi konsulligini yopish va ular sonini tenglashtirish to‘g‘risidagi qaror munosabatlarimizning bundan buyon ham keskinlashishiga barham berish uchun qabul qilindi”, deb izoh berdi.

Rossiyaning AQSh poytaxtidagi savdo vakili Aleksandr Stadnyukning davlat nazoratidagi TASS axborot agentligiga bildirishicha, AQSh hokimiyat idoralari Vashington shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan binoni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da o‘z nazoratiga olgan. Shu bilan birga u rasmiy Vashingtonni “johillik”da va “Rossiyaning chet eldagi mulkiga hujum qilganlik”da aybladi.

AQSh hokimiyat idoralari diplomatik korpus binolarida tintuv o‘tkazish niyati borligini ommaga ma’lum qilgani yo‘q.

Rossiya Tashqi ishlari vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova 1 sentabr kuni AQShning noma’lum idoralari vakillari San-Fransisko shahridagi konsullik va ayrim diplomatlar yashab turgan xonadonlarda tintuv o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning fikricha, bu Rossiya vatandoshlarining hayotiga “bevosita tahdid”dir.

Rossiya rasmiylari San-Fransiskodagi diplomatlar va oilalari yashab turgan uylarni bo‘shatish uchun bor-yo‘g‘i 48 soat vaqt berilgani xususida shikoyat qila boshladi. Bunga javoban AQSh rasmiylari oilalarga buyumlarini jo‘nab ketish uchun tayyorlash va konsullik hududidagi xonadonlarni bo‘shatib qo‘yishiga “yetarli vaqt” berish uchun “alohida kelishuv”ga erishilganini ma’lum qildi.

Davlat departamenti vakili ushbu vazirlik barcha mol-mulkdan foydalanishni nazorat qilishni, binolarning xavfsizligi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas’uliyatni zimmasiga olishini aytdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov oldinroq o‘z hukumati AQShning vakolatxonalarni yopish talabini o‘rganib chiqayotganini va bunga qanday javob berish xususida keyinroq qaror qabul qilishi haqida bayonot bergan edi.

“Prezident Vladimir Putin ko‘p marta aytib keladi: Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan janjallashishni istamaymiz. Biz har doim Amerika xalqiga nisbatan do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaganmiz. Manfaatlarimiz mos keladigan sohalarda konstruktiv hamkorlik qilishga tayyormiz. Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muhit normallashishini chin dildan istaymiz. Lekin tango raqsiga tushish uchun sherik kerakligini bilasizlar. Nazarimda, AQShlik hamkorlarimiz yakka o‘zi breyk-dans raqsiga tushmoqda”, dedi Sergey Lavrov.

Moskva bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Rossiya Ukrainaga tajovuz qilgandan va uning 2016 yili bo‘lib o‘tgan AQSh prezident saylovi kampaniyasiga aralashgani xususida gumonlar paydo bo‘lgandan so‘ng keskin yomonlashdi.

XS
SM
MD
LG