Линклар

73 000 ga yaqin Rohinja musulmoni Myanmani tark etib, Bangladeshga qochib o‘tdi

  • Озодлик

Myanma. 2017 yil, 25 avgustda olingan bu suratda Rohinja musulmonlari yashab turgan joylarini tark etayotgan payt aks etgan.

Myanmadagi zo‘ravonliklar oqibatida 73 mingga yaqin Rohinja musulmonlari mamlakatni tark etib, qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tdi. Bu haqda 3 sentabr kuni BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi ma’lum qildi.

Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissar matbuot kotibi Vivnan Tan roxinja musulmonlari 25 avgust kuni zo‘ravonliklar boshlanganidan so‘ng ommaviy ravishda Bangladeshga qochishga majbur bo‘lganlarini aytdi.

Rohinja musulmonlari va Myanma hukumati zo‘ravonliklar boshlanib ketishida bir-birlarini ayblamoqdalar. Hukumat asosiy qismi janggarilar bo‘lgan 400 musulmon o‘ldirilganini bildirmoqda.

Qochqinlar harbiylar va butparastlar Roxinja viloyatiga hujum qilganlarini va tinch aholini qirishni boshlaganlarini aytmoqdalar.

Ma’lumotlarga qaraganda, mojaro 25 avgust kuni Rohinja qo‘zg‘olonchilari politsiya idorasiga hujum qilgandan so‘ng avj olib ketgan.

Hukumat qo‘shinlari ular hujumiga javoban keng qamrovli harbiy amaliyot boshladi. Oqibatda 90 ming rohinja Bangladeshdan boshpana topishga majbur bo‘ldi.

Aholisi asosan buddaviylik diniga e’tiqod qiladigan Myanmada Rohinja elati kamchilikni tashkil qiladi. Ular siquvga olinayotganidan shikoyat qilmoqda.

Rohinja qochqinlaridan biri shunday deydi:

– Buddaviylar bizni qirg‘in qilmoqda. Uylarimizni yoqib yubordi, bizga qarata o‘q uzishdi, ular erimni otib o‘ldirdi.

Mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Rakhayn shtatida elatlararo mojaro ancha yillardan beri davom etmoqda.

BMT joriy yilning fevral oyida Myanma hukumatini Rohinja musulmonlarini ommaviy qirg‘in qilganlik va ayollarini zo‘rlaganlikda aybladi.

Hozirga kelib esa, vaziyat o‘ta keskinlashib ketdi.

Hozirda buddaviylar orasida ham qochqinlar bor. Ular qo‘shni monastirlardan boshpana topdi.

Buddaviy qochqin:

– Boshimdan tillo sochsa ham, endi men u yerda yashamayman. U yerga faqat musulmonlar bo‘lmasa, qaytib boraman. Toki musulmonlar bor ekan, qaytib boradigan ahmoq yo‘q. Yuragim ezilib ketyapti. Ular erimni bo‘g‘izlab o‘ldirdi.

Myanma televideniesi hukumat rahbari Aun San Su Chji BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan bilan uchrashgani va mojaroni hal etishda undan so‘ragani haqida xabar tarqatdi.

Su Chji – Nobel-Tinchlik mukofoti laureati, ammo Rohinja musulmonlari siquvga olinayotgani xususida o‘z fikrini bayon qilmayotgani obro‘siga putur yetkazdi.

Annan qonli jinoyatga qo‘lgan urgan kishilar sud oldida javob berishi shartligini ta’kidladi. Uning bu so‘zlari Myanmada noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Su Chji hukumati esa, terrorchilarga qarshi kurashyapmiz, deb hisoblaydi.

Taung Tun, Myanmaning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi:

– Biz terrorchilik amaliyotida qatnashayotganlar ham, uni rejalashtirib, mablag‘ bilan ta’minlayotganlar ham sud oldida javob berishiga erishamiz.

Myanmadan Bangladeshga qochib o‘tayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda.

Human Rights Watch tashkiloti Rohinja viloyatidagi bitta qishloqda 700dan ortiq uy yondirib yuborilgani aks etgan suratlarni e’lon qildi.

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Bangladesh bilan Myanma chegarasining zo‘ravonlik to‘xtamayotgan narigi tarafida o‘n minglab qochqin to‘planib qoldi.

2012 yilda butparastlar va Rohinja musulmonlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar paytida yuz ming musulmon mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG