Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:31

Tadbirkorlardan paxta terimida qatnashish uchun tilxat yozdirib olinyapti


Toshkent viloyat, Bekobod shahridagi tadbirkorlardan paxta terimida ishtirok etish majburiyati bitilgan tilxat yozdirib olinyapti. Bu haqda xabar bergan tadbirkorlarning aytishicha, ular tilxat bilan o‘z zimmalariga paxta terimiga o‘zlari yoki o‘rniga mardikor yollab chiqarish majburiyatini olmoqda. Ayni paytda, viloyatning Angren shahridagi bog‘cha va maktablar tarbiyachi va o‘qituvchilari ham paxta terish uchun o‘z o‘rniga odam topish haqida ogohlantirilgan.

Bekobod shahridagi ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, hokimlik mulozimi savdo-sotiq, qurilish bilan shug‘ullanadigan, bozorda savdo qiladigan tadbirkorlardan paxta terimida ishtirok etish majburiyati yozilgan tilxatga imzo qo‘ydirib olmoqda. Tadbirkor tilxatning nusxasini Ozodlikka taqdim qildi:

Тадбиркорлардан пахта теримида қатнашиш учун тилхат ёздириб олиняпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

“Paxta 2017 yil” mavsumi davomida biriktirilgan otryad tarkibida paxta terish uchun ajratilgan dala maydoniga borib, belgilangan kunlik normani bajarishga, dala maydonida talab etilayotgan qoidalarga rioya etishga va yo‘l harakati xavfsizligiga to‘liq amal qilish yuzasidan ogohlantirildim va yuqoridagi talablarni bajarishga tilxat beraman”, deb yozilgan tadbirkorlarga imzolash uchun berilgan tilxatda.

Tadbirkorlardan yozdirib olinayotgan tilxat nusxasi
Tadbirkorlardan yozdirib olinayotgan tilxat nusxasi

​Bekobod dehqon bozorida savdo do‘koni bor tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha, tilxatga imzo qo‘ygan shaxslar paxta terimiga o‘zi yoki o‘rniga odam chiqarishi kerak:

“O‘zi har yili shunday bo‘lardi. O‘rnimizga odam yollab chiqarar edik. Bu yil mardikorning ham narxi ko‘tarilgan. Bir oyga kamida 800 ming so‘rayapti. Agar chiqarmasak keyin bozor ma’muriyati bilan problema bo‘ladi”, deydi tadbirkor.

Bekobod tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, paxta terimi uchun otryadlar tashkil qilinganini tasdiqladi, lekin tadbirkorlardan “tilxat” olinayotganini inkor qildi:

“Otryadlar paxta terimida ishtirok etadigan ixtiyoriy odamlardan tuzilgan. Shaharda, qishloqda bekor yurgan, ishsiz odamlarni jalb qilyapmiz. Hech qanaqa tilxat-pilxat olingani yo‘q”, dedi tuman hokimligi mulozimi.

Ozodlik o‘z tasarrufida tilxatning nusxasi borligini aytib, bunga izoh so‘ragandan so‘ng, mulozim go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Ayni paytda, Angrendagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ham, shahar hokimi 10 sentabrga hamma terimga shay bo‘lib turishi haqida ogohlantirganini aytdi:

“Bugun maktab direktorimiz 10, uzog‘i bilan 15 sentabrda hamma paxtaga chiqishi mumkin, dedi. Lekin, kasalxonada ishlaydigan hamshira singlimning aytishicha, bosh shifokor ularni ham tayyor bo‘lib turishga yoki 875 ming so‘m tayyorlab qo‘yishlarini aytgan. Singlimning oyligi 400 ming ham emas, qaerdan topsin u bu pulni? Vazirlar Mahkamasining o‘qituvchiyu shifokorlar paxta terimiga jalb qilinmaydi, degani nima bo‘ldi endi? Nahotki Kabmin Xalqaro Mehnat tashkiloti uchun “radi galochka” aytgan bo‘lsa?”, deydi o‘qituvchi.

O‘zbekistonda shu paytgacha paxta terimiga byudjet tashkilotlari ishchi va xodimlari, tadbirkorlarning majburiy chiqarilishi kuzatilgan.

Ammo, Shavkat Mirziyoev prezident etib saylanganidan so‘ng, qishloq xo‘jalik ishlariga o‘qituvchi va shifokrlarning majburiy jalb etilishi mamlakat televideniesida va yig‘ilishlarda bir necha marta tanqid qilindi.

Xalqaro press klub o‘tkazgan yig‘ilishlarda Namangan, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimlari ham bu yil biror nafar o‘qituvchi va shifokor paxta terimiga jalb etilmasligi haqida va’da bergan.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, vazir muovini Erkin Muhitdinov AQSh Senati xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi hay’ati a’zolari bilan uchrashuv chog‘ida majburiy mehnatni taqiqlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 8 avgust kungi bayonnoma qarori imzolanganini va o‘qituvchiyu shifokorlar paxta terimiga chiqarilmasligini aytgan edi.

Ozodlik terim jarayonidagi majburiy mehnat holatlarini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG