Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:26

Chegara ochildi. O‘zbekistonga kelin tushgan ayollar osh damlashdi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanaga yig‘ilgan odamlar.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanaga yig‘ilgan odamlar.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi “Do‘stlik” chegara - o‘tkazish punktining hech qanday cheklovlarsiz bordi-keldi uchun ochilishi Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan minglab ayollar uchun “uzoq yillar kutilgan sovg‘a” bo‘ldi.

Malika Normatova 1984 yili Jalolobod viloyatidan Andijonning Shahrixon tumaniga kelin bo‘lgan. Malika chegara ochilgani haqidagi xabar uni bexad xursand qilganini aytdadi:

-Xudoga shukur. Yaxshi bo‘pti-ya! Qarindosh-urug‘lar endi bemalol bordi-keldi qilsa bo‘larkan-da. Mayli, shu bitta “Do‘stlik” ochilsayam. Bir oylarda qatnov iziga tushib qolar. To‘lib turibman, yig‘layapman, -dedi Malika Normatova.

Yana bir suhbatdoshimiz Nargiza Xudoyqulova. Qo‘qon shahridan. U O‘zbekiston lideri Shavkat Mirziyoevning Qirg‘izstonga safari haqida eshitib, yaxshi yangilikdan umid qilayotgani, shu bois faqat televizorga termulib o‘tirganini aytdi.

Nargiza opaning qo‘lida o‘zbek pasporti yo‘q. “O‘zbekistonda yashaydi” degan guvohnoma bilan yuradi:

- Kechqurun ko‘rdim. Prezidentlar uchrashayotganini ko‘rib, rosa xursand bo‘lib yig‘ladim. Rosa sog‘inganman. Zerikkanman. Zo‘rg‘a yuribman. Kecha eshitganimdan keyin umuman chidamay qoldim... Osh damlayapman, kelinglar.

Andijon shaxriga O‘shdan Sovet davrida ko‘chib borgan Orziqul Madalievning qizlari Qirg‘izistonga turmushga chiqishgan. Orziqul Madaliev qizlarini ko‘rmaganiga yetti yilga yaqinlab qolibdi. U “Do‘stlik” punkti ochilgani haqidagi xabarni Ozodlik muxbiridan eshitdi:

-Chegara ochildi deysizmi? Yo‘g‘e? Yaxshi bo‘pti-da!

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani Qirg‘izstonga yaqin. U joyda yashaganlar O‘zbekiston telekanallaridan tashqari Qirg‘izistonning telekanallarini ham ko‘rishadi.

Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Ibodatxon 1995 yilda Qirg‘izistonning Novkent tumanidan kelin bo‘lib borgan. U ikki davlat o‘rtasidagi yaxshilanib borayotgan aloqani televizordan ko‘rib, radiodan tinglab juda ham xursand bo‘lganini aytdi:

-Xammamizga qullug‘ bo‘lsin! Kecha televizordan chala eshitgandim. Bugun o‘g‘lim ishdan kelib, “Do‘stlik” ochilibdi, pasport bilan o‘taversa bo‘larkan, dedi. Yaxshi bo‘ldi. Eng a’lo yangilik. Shunday tursin-da endi.

Keyingi suhbatdoshimiz Farg‘ona shahridan. Yoshi oltmishdan o‘tib qolgan Ramziya Mansurova ham Qirg‘izstondan bir paytlar kelin bo‘lib kelgan. Ona yurtiga uzatgan qizi esa Bishkekda yasharkan:

-Hayriyat! Hozirgina bolam “prezidentlarimiz uchrashibdi, yo‘llarni ochishvorsa-ya” degandi. Yo‘l ochilgan bo‘lsa, Bishkekka boraman, -dedi Ramziya Mansurova.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat mirziyoev 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan kelgan edi.

Mirziyoev tsharif doirasida hamkasbi Almazbek Atambaev bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining 80 foizdan ortiqrog‘i aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi.

Mazkur shartnoma 5 sentabrda imzolangani ortidan 6 sentabr kuni “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punkti bir necha ming odam ishtirokida rasman ochildi.

Chegaraning ochilish marosimida O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralar 25 yildan beri aniqlanmasdan kelinayotgan, chegara to‘g‘risidagi muzokaralar esa bir necha yil oldin to‘xtatib qo‘yilgandi.

2016 yil kuzida Shavkat Mirziyoevning hokimiyatga kelishi ortidan chegara muzokralari qayta jonlandi.

5 sentabr kuni Mirziyoev O‘zbekiston va Qirg‘iziston Davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnomani imzolar ekan: “Bu kunni o‘zbek va qirg‘iz xalqi 25 yil kutgan edi”, deb bildirgan.

XS
SM
MD
LG