Линклар

Yana bir o‘zbek milliarderi tarixiy vataniga qaytib ish boshladi

  • Озодлик

Fattoh (Patoh) Shodiev haqida uning nomidagi shamg‘arma saytida keltirilgan ma’lumot.

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng o‘z tarixiy vataniga qaytib¸ turli biznes va xayriya loyihalari boshlagan xorijdagi o‘zbek milliarderlari yana bittaga ko‘paydi. Alisher Usmonov¸ Iskandar Mahmudov kabi Rossiyadagi o‘zbek milliarderlari ortiday¸ Qozog‘istondagi rasmiy milliarderlardan biri Fattoh Shodiev ham O‘zbekistonda o‘z jamg‘armasini ochdi.

Adliya vaziri Ruslan Davletov 2017 yil 28 avgust kuni imzolagan 92-sonli guvohnomaga ko‘ra¸ "Shodiev Xalqaro fondi"ning O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishiga ruxsat berildi. Guvohnomaga ko‘ra¸ Shodievning Xalqaro fondi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar uylariga gumanitar ko‘mak va aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish”ni faoliyatining asosiy maqsadi qilib belgilagan.

Biznesdan avval – yaxshi nom

"Shodiev Xalqaro fondi" asli jizzaxlik o‘zbek milliarder Fattoh (ko‘p manbalarda Patox) Shodievga qarashli.

Adliya vazirligi saytida e’lon qilingan guvohnoma nusxasi.
Adliya vazirligi saytida e’lon qilingan guvohnoma nusxasi.

Bu jamg‘arma rasmiy saytida yozilishicha¸ unga “Sharqiy Yevropa¸ Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyodagi ilmiy-ijodiy va madaniy potensialni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida 1996 yili fan doktori Fattoh Qayumovich Shodiev tomonidan asos solingan.

“Ayni damda jamg‘arma intellektual taraqqiyotga qaratilgan loyihalar va bu ishda yordamga muhtojlarga ko‘mak berish bilan shug‘ullanmoqda”¸ deyiladi Shodiev fondi rasmiy saytida.

Saytdagi ma’lumotlardan ko‘rilishicha¸ shu paytgacha fond Shodiev o‘qigan MGIMO (Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti)dagi besh fakultet talabalariga stipendiyalar berish loyihasini amalga oshirib kelgan.

Hozircha O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan Shodiev Xalqaro fondining aniq loyihalariga oid ma’lumot e’lon qilinmadi.

Ayni paytda¸ Fattoh Shodiev tarixiy vatanidagi o‘z biznes faoliyatini Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishidan ko‘p o‘tmay boshlagani¸ joriy yil 15 aprelida 64 yoshga kirgan kunini ilk bor o‘z vatanida nishonlagani aytilmoqda.

O‘zbekistonda boshlangan yirik biznes loyihalariga oid ma’lumotlardan yaxshi xabardor mulozimning Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha¸ joriy yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoev bevosita tanishib¸ ma’qullagan “Toshkent metallurgiya zavodi” loyihasi aynan Fattoh Shodievga qarashli.

O‘zbek matbuoti xabarlariga ko‘ra¸ 1000 ish o‘rni yaratadigan bu yangi zavod ikki yil ichida Sergeli tumanidagi 100 gektarlik hududda quriladi. Loyiha ta’sischisi sifatida Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “Quality Trade Supplies L.P. “ nomi keltirildi¸ loyihaning umumiy qiymati 278¸2 million yevroga tengligi aytildi.

Quality Trade Supplies L.P. shirkatiga oid jamoatchilikka ochiq reestr hujjatlaridan uning 2012 yil 8 avgustida “44 Main Street, Douglas, South Lanarkshire, Scotland, ML11 0QW” manzili bilan ro‘yxatdan o‘tgani¸ kompaniyaning “xalqaro savdo va sarmoya” bilan shug‘ullanishi yozilgan¸ ammo uning kimga qarashli ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Ozodlikning Toshkent hukumatiga yaqin yana bir manbasiga ko‘ra¸ O‘zbekiston hukumati tomonidan ma’qullangan Tashkent City loyihasi ham Fattoh Shodievga qarashli. Vazirlar Mahkamasining 28 iyul kungi qarori bilan tasdiqlangan Tashkent city Alisher Navoiy¸ Olmazor¸ Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 70 gektar yerda joylashadi va loyihaning umumiy qimmati 1 milliard AQSh dollariga tengdir.

“Ayni kunlarda Fattoh Shodiev Toshkentda. O‘zbekistonning butun puldorlari uning atrofida yuripti. Toshkent markazida ikkita 20 qavatlik biznes sentr qurmoqchi¸ Toshkentda metallurgiya zavodi qurmoqda. Boylarimizning qaytishida xayr bor. Shodievdek uzoqni ko‘radigan odam Toshkent siti qurayotgan bo‘lsa¸bu O‘zbekistonda biznes qilishning kelajagi yaxshi¸ degan signaldir”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda hukumatga yaqin mulozim.

(Hozircha Ozodlik ixtiyorida Tashkent City loyihasining bosh sarmoyadori Fattoh Shodiev ekanini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar yo‘q.)

Fattoh Shodievning katta biznes loyihalari jamoatchilikka ochiqlanmayotgan bir paytda¸ “yetimlarga xayriya bilan shug‘ullanuvchi” "Shodiev Xalqaro fondi"ning ish boshlagani haqidagi xabarning o‘zbek matbuotida keng yoritilayotganini sharhlagan siyosatshunoslardan biri¸ buni “aqlli piar” harakati deb baholaydi.

“Alisher Usmonov¸ Iskandar Mahmudovdan farqli milliarder Shodievni O‘zbekistonda ko‘pchilik bilmaydi. Karimov paytida u O‘zbekistonda biznes qila olmadi¸ katta oligarx sifatida o‘z vatanida tanilishdan oldin Shodiev yetimparvar¸ kambag‘alparvar sifatida tanilishni istamoqda¸ deyish mumkin”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan siyosatshunos.

Fattoh Shodiev kim?

64 yashar Fattoh Shodiev¸ rasmiy biografiyasida yozilishicha¸ Toshkentda tug‘ilgan. Uning otasi Qayum Shodiev sovet O‘zbekistoni paxta sanoatidagi muhim shaxslardan biri bo‘lgan.

“Qayum Shodiev Sharof Rashidov bilan bitta qishloqdan. Ikkalasi ham Jizzax (hozirgi Sharof Rashidov) tumanidagi Moskva kolxozidan chiqqan. Avvaliga Samarqand xlopkopromida ishlagan Qayum Shodiev 1963 yilda Sirdaryo¸ 1974 yilda Jizzax viloyati tashkil etilgandan keyin Jizzax paxta trestiga boshliq bo‘lgan. Rashidovga yaqin odamlardan bo‘lgan. 1982 yilda hali “paxta ishi” nomini olmagan tergovlar boshlanganida birinchilardan bo‘lib qamalib¸ 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Mustaqillikdan keyin "paxta ishi" bo‘yicha reabilitatsiya qilinganlar qatori¸ O‘zbekistonga qaytgan. Bu odam hali ham hayot¸ hozir 97 yoshda ”¸ deydi bu oilani yaxshi bilgan jizzaxliklardan biri.

Qayum Shodievning olti o‘g‘lidan uchinchisi bo‘lgan Fattoh Shodiev 1976 yili SSSRdagi eng nufuzli Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO)ning Xalqaro huquq fakultetini qizil diplom bilan bitirgan.

Bu oliygohda u o‘zbekistonlik yana bir bo‘lajak milliarder Alisher Usmonov va rossiyalik nufuzli siyosatchi Sergey Yastrjembskiy (1997-2000 yillarda Boris Yelsinning matbuot kotibi¸ 2000-2008 yillarda Vladimir Putinning yordamchisi bo‘lib ishlagan) bilan birga o‘qigan.

MGIMOni bitirganidan so‘ng Shodiev SSSR Savdo palatasining Yaponiyadagi vakolatxonasida sovet-yapon munosabatlari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan. SSSR tarqaganidan so‘ng¸ o‘z biznes faoliyatini Qozog‘istonda davom ettirib¸ 1995 yilda Qozog‘iston prezidentining maslahatchisi maqomiga erishgan.​

Shodiev¸ Forbes jurnali 2017 yil mart oyida e’lon qilgan jahon boylari ro‘yxatida 1161-o‘ringa qo‘yilgan.

“Shodievning ayni paytdagi jami boyligi 1 milliard 840 million dollarga teng. Biznes sheriklari va eski do‘stlari Aleksandr Mashkevich va Alijon Ibrohimovlar (ikkalasi ham milliarderlar ro‘yxatida) bilan Patox Shodiev Qozog‘istondagi metallurgiya va kon imperiyasi bo‘lgan Eurasian Natural Resources Co. (Yevroosiyo tabiiy boyliklari korporatsiyasi) boyligini qayta tiklashga urinmoqda. 2013 yilda bozordagi pastlash o‘sishni to‘xtatgani¸ qolaversa firibgarlikka oid tergov kuchayishi ortidan ENRC aksiyalari qimmatbaho qog‘ozlar birjasi (London birjasi nazarda tutilmoqda – tahr.) sotiladigan shirkatlar ro‘yxatidan chiqarilgan edi. Ular (Shodiev¸ Mashkevich va Ibrohimov) ishi, shuningdek, ENRC Braziliyadagi temir ruda koni uchun 220 million dollarlik so‘ngi to‘lovni Lakshmi Mittal (“po‘lat qiroli” laqabini olgan hind milliarderi¸ dunyo boylari ro‘yxatida 16¸5 milliard dollar bilan 56-o‘rinda – tahr.)ning o‘ng qo‘li bo‘lgan Pramod Agarvalga qarashli Zamin shirkatiga to‘lamaganlik da’vosi bilan mahkamada qolmoqda. Asli o‘zbekistonlik Shodiev bu ikki sherigi bilan Qozog‘istonda guruh tuzgunga qadar¸ Yaponiyada yashagan. Fuqaroligi – Belgiya¸ yashash joyi Olmaota¸ uylangan¸ uchta farzandi bor”¸ deyiladi Forbes jurnali 2017 yil martida yangilagan Shodievga oid qisqa ma’lumotda.

O‘zbekistonda bisnez qilmagan o‘zbek milliarderi

Xalqaro matbuotda siyosiy va qitisodiy mojarolar bois nomi tez-tez tilga tushib kelayotgan Fattoh Shodievning¸ o‘z milllionlarini qo‘shni Qozog‘istonda topgani aytiladi.

“Qozog‘istonda kim – kim?” deb nomlangan biografik ensiklopediya¸ mustaqil Qozog‘istonda amalga oshirilgan privatizatsiya jarayoniga oid kitoblar muallifi siyosatshunos Daniyar Ashimbaevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ Fattoh Shodiev ham SSSR qulaganidan so‘ng postsovet hududida boshlangan privatizatsiya jarayonida milliarderga aylangan ishbilarmonlar sirasiga mansub:

- Bilasiz¸ SSSRning so‘nggi yillari¸ u qulagan 90-yillar boshida sovetlarning yirik korxonalari faol tarzda jahon bozoriga xom-ashyo eksport qilish¸ iste’mol tovarlarini import qilish bilan shug‘ullanishga kirishdi. SSSRda tashqi savdo bo‘yicha mutaxassislar juda kamligidan ularga nisbatan talab kuchli edi. Shodiev ana shu to‘lqinda tug‘ilgan muhim oldi-sotdilarda vositachi-maslahatchilik qilib¸ Qozog‘istonda “Yevraziyskaya troyka” nomini olgan ( Aleksandr Mashkevich¸ Alijon Ibrohimov va Fattoh Shodievlar uchligi nazarda tutilmoqda) guruh a’zosiga aylandi. 1994 yili bu uchlik offshorda ro‘yxatga olingan Eurasian Natural Resources Co. (hozirgisi Eurasian Resources Group S.a.r.l.) kompaniyasiga asos solishdi. Bu shirkatga Qozog‘istondagi eng yirik metallurgiya zavod va konlari (Pavlodar alyuminiy zavodi¸ Donskoy tog‘-kon kombinati va boshqalar) boshqaruvi topshirildi¸ Shodiev prezident Nazarboevning maslahatchisiga aylandi. Shodievning milliarderlikka yo‘li shu tarzda Qozog‘istondan boshlandi¸ deydi Qozog‘iston siyosiy elitasi va biznesida kimning kimligini maxsus tadqiq qilib kelayotgan Daniyar Ashimbaev.

Karimov va oligarxlar

Qozog‘istonlik siyosatshunos¸ qolaversa¸ Shodievlar oilasiga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ Fattoh Shodievning shu paytgacha O‘zbekistonda biznes qilmagani marhum prezident Islom Karimovning boylarga nisbatan ishonchsizligiga borib taqaladi.

“Karimov zehniyati kommunistcha zehniyat edi. Uning mamlakatda katta boylar bo‘lmaydi¸ degan gapi ana shu zehniyatdan kelib chiqqan edi. Usmonov ham¸ Mahmudov ham Shodiev ham o‘z tarixiy vatanida biznes qila olmadi¸ sababi Karimov boylardan¸ puli borning siyosiy hokimiyatga ishtahasi ochilishidan qo‘rqardi”¸ deydi o‘zbekistonlik suhbatdosh.

2016 yilda Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan boshlab¸ Toshkentning xorijdagi o‘zbek boylariga nisbatan munosabati o‘zgardi va bu o‘zgarish ortidan Alisher Usmonov¸ Iskandar Mahmudov va Fattoh Shodievlarning mamlakatga qaytib¸ turli loyihalar ustida ish boshlagani rasmiy xabarlarda ham paydo bo‘la boshladi.

XS
SM
MD
LG