Линклар

O‘zbekiston prezidenti islom dunyosi mamlakatlari orasida ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar uchun Islom hamkorlik tashkiloti maxsus mukofotini ta’sis etishni taklif qildi. O‘zbekiston prezidentining bu taklifi tashkilotning Ostonadagi fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitida yangradi.

O‘zA agentligi xabarida aytilishicha, IHTning bu tadbiri ilm-fan, texnologiya hamda islom olamini modernizatsiya qilish mavzuida o‘tmoqda.

Sputnik nashrining xabar qilishicha, sammitda chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev musulmon dunyosining zamonaviy fan va texnologiya sohasida ancha ortda qolayotganini ta’kidlagan.

Bunga yechim o‘laroq esa ilm-fan sohasida yangilik qilgan musulmon olimlarga IHT mukofotini berishni taklif qilgan.

"Masalan, dunyoning eng yaxshi 500 universiteti reytingiga bizning tashkilotimizga ishtirokchi davlatlarining atigi 11tasidagi oliygohlar kiritildi. 2015 yilda IHT davlatlaridan patent olish bo‘yicha berilgan arizalar soni bor-yo‘g‘i 1,9 foizni tashkil qilgan. Taassuf bilan aytmoq joizki, boy tabiiy resurslar va moliyaviy salohiyatga egaligiga qaramay, musulmon davlatlarining aksariyati innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni iqtisodiyot sohasiga joriy etish borasida faollik ko‘rsatmayaptilar", deya prezident Mirziyoevdan iqtibos keltiradi Sputnik nashri.

Prezidentga ko‘ra, IHT tomonidan Samarqand shahrida zamonaviy teleskop o‘rnatish bo‘yicha kiritilgan taklifni O‘zbekiston hukumati minnatdorchilik bilan qabul qilgan.

Mirziyoev, shuningdek, IHTning fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitini uch yilda bir marta o‘tkazish va navbatdagi sammitni 2020 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

2016 yil 18 oktabrda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiToshkentda bo‘lib o‘tgan va unda “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” mavzusi kengashning bosh mavzui qilib olingan edi.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev IHTga a’zo 15 yetakchi davlat rahbarlariga norasmiy tarzdagi bir guruhga birlashishni taklif qildi. Misol tariqasida "Katta yigirmalik"ni tilga olgan Nazaorboev shu yo‘l bilan Islom dunyosida ilm-fan, iqtisodni rivojlantirish mumkinligini aytdi.

Shuningdek, Qozog‘iston rahbari IHT davlatlari yetakchilarini musulmon olamini G‘arb bilan birlashtirish, musulmonlar orasidagi tarqoqlikka barham berishga chaqirdi.

Ushbu sammitda qator Turkiya va Qozog‘iston prezidentlari Myanmadagi vaziyatga alohida to‘xtaldilar.

Jumladan, Qozog‘iston prezidenti Nazarboevdan: "Biz Myanmadagi nizo yuzasidan xavotirdamiz. Biz barcha taraflarni zudlikda ro‘ravonlikni to‘xtatish va BMT doirasida muloqot qilishga chaqiramiz", deya iqtibos keltiradi «Interfaks» agentligi.

BMT bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi kunlar ichida Myanmadagi etnik nizolar ortidan 300 mingga yaqin etnik Rohinja musulmonlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Ostonada 10 sentyabr kuni ochilgan sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat va kuzatuvchi mamlakatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 80 ga yaqin delegatsiya ishtirok etmoqda.

Sammit yakunida Ostona deklaratsiyasi imzolanishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG