Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:40

O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi barcha o‘tkazish punktlarining ochilishi kutilmoqda


"Do‘stlik"- "Dostuk" chegara maskanining ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimga kelgan qirg‘izistonliklar. 2017, 6 sentabr.
"Do‘stlik"- "Dostuk" chegara maskanining ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimga kelgan qirg‘izistonliklar. 2017, 6 sentabr.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati mulozimining Ozodlikka ma’lum qilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi barcha chegara punktlarini ochish ustidagi so‘zlashuvlar yuzasidan so‘nggi qaror 12 sentabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining Andijon-O‘sh avtomobil yo‘lidagi “Do‘stlik”-“Dostuk” o‘tkazish-nazorat maskani 6 sentabr kuni ikki davlat rasmiylari ishtirokida tantanali ochilgan edi.

“Do‘stlik”-“Dostuk” - O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi 15 ta o‘tkazish-nazorat maskanining biridir.

Chegaradan qanday o‘tishayapti?

Andijonlik 53 yashar Ahmadjon “Do‘stlik” chegara maskanidan O‘shga 10 sentabr kuni o‘tdi.

“O‘zbekiston chegarasida yarim soatcha vaqtim ketdi. Vaqtim, asosan, deklaratsiya to‘ldirishga ketdi. Pasportimni ko‘rishdi, deklaratsiyani ko‘rishdi. Boshqa qog‘oz so‘rashmadi. Undan keyin Qirg‘izistonning chegarasidan o‘tdim. Bu yerda yanayam ozroq vaqt sarfladim. Hammasi bo‘lib, 1 soatcha vaqt ketdi, xolos”, dedi Ahmadjon.

Chegara punkti rasman ochilgan kun – 6 sentabrdan 2 kun o‘tib, “Dostuk” punkti rahbari Baxtiyar Esengeldievning Ozodlikka bildirishicha, bir kecha-kunduzda (7-8 sentabrda) 2,5 ming kishi o‘tgan. Rasmiyga ko‘ra, oldin bu maskandan sutkasiga 1,5 ming kishi o‘tib turgan.

Ozodlikning O‘shdagi muxbiriga ko‘ra, 7 sentabr kuni tushgacha chegara maskanining O‘zbekiston qismida “vaziyat tushunarsiz” bo‘lib turgan. Ya’ni o‘zbekistonlik chegarachilar o‘tkinchilardan yana avvalgiday telegramma talab qilish holatlari kuzatilgan. Biroq, kunning ikkinchi yarmida vaziyat izga tushgan va 6 sentabr kungi ochilish marosimida va’da qilingan hamda Qirg‘iziston hukumatining rasmiy saytida ma’lum qilingan rejimda: sutkasiga 24 soat, hech qanday chaqiruv telegrammalarsiz ishlay boshlagan.

Chegara ochilgani Qorasuvdagi bozorda hozircha aks etgani yo‘q

“Do‘stlik” ochilganidan so‘ng O‘sh viloyat, Qorasuv shahridagi yirik ulgurji bozorda o‘zbekistonlik savdogarlar ko‘paygani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda postlar paydo bo‘la boshladi. Biroq tilga olingan bozorda ishlovchi savdogarning Ozodlikka aytishicha, bunday deyishga hozircha erta.

“Chunki, chegara, amalda, payshanba, 7 sentabrdan ochildi. Ertasi – 8 sentabrda Qorasuv bozori qariyb yopiq bo‘ldi - dam olish kuni, bugun, ya’ni 11 sentabr – dushanba yana dam olish kuni, dushanba kuni savdogarlarning 90-95 foizi ishga chiqmaydi. Buni o‘zbekistonliklar yaxshi biladi. Shuning uchun hozircha o‘zbekistonliklar ko‘paydi, deyish qiyin”, dedi savdogar.

Esdan chiqayozgan shartnoma

“Do‘stlik” chegara maskanining kechayu kunduz ishlaydigan rejimga o‘tkazilishi, o‘tkinchilardan telegramma talab qilmaslik to‘g‘risida ikki davlat o‘rtasida qandaydir maxsus hujjat imzolangani to‘g‘risida Qirg‘iziston hukumatining rasmiy bildiruvda hech qanday gap yo‘q.

Gap shundaki, 2010 yil, Iyun voqealaridan so‘ng O‘zbekiston chegara orqali qatnovga bir tomonlama cheklov joriy qilgan edi.

Endilikda, Toshkent, Shavkat Mirziyoevning 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga qilgan davlat tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan so‘zlashuvlardan so‘ng, ikki davlat o‘rtasida imzolangan va 2007 yil 12 fevraldan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risida”gi bitim holatiga qayta boshladi.

Bitimdagi eng asosiy gap

Bitimning 1- moddasida bunday deyilgan:

“Bir Tomon davlatining fuqarolari <…> vizasiz 60 sutkagacha boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari, chiqishlari tranzit o‘tishlari hamda unda vaqtincha bo‘lishlari mumkin.

Tomonlar davlatlarining fuqarolari 60 sutkadan ortiq muddatga Tomonlar davlatlari hududlariga kirish va u yerda bo‘lishni ko‘zlasalar, oldindan vizalarni Tomonlarning qonunchiligi bilan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiradilar”.

Qirg‘izistonlik O‘zbekistonda va o‘zbekistonlik Qirg‘izistonda qayddan o‘tmay yura oladimi?

Qirg‘iziston hukumatining 2016 yil, 19 dekabrdagi qarori bilan jahonning 92 ta mamlakati fuqarolari Qirg‘izistonga kelgach, tegishli organlar va mehmonxonalarda qayddan o‘tishdan ozod qilingan. O‘zbekiston bu ro‘yxatga kiritilmagan. Bunday ro‘yxatga kiritilmagan mamlakatlar fuqarolari esa, Qirg‘izistonga kelgach, 5 kun ichida tegishli organlarda qayddan o‘tishi kerak.

Qirg‘iziston hukumati mulozimining 11 sentabr kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha, Qirg‘izistonga keladigan o‘zbekistonliklarni qayd etish yoki etmaslik masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Qirg‘izistonliklarning O‘zbekistonda, xususan poytaxt Toshkentda bo‘lishi ancha murakkab edi.

Ozodlik 2013 yilning dekabrida shu mavzuni o‘rganar ekan, qirg‘izistonlik Toshkentdagi qarindoshining uyiga propiska yoki qaydga qo‘yilishi mumkin emasligini, faqat xorijlik mehmonlar yashashi mumkin bo‘lgan mehmonxonada qayddan o‘tishi lozimligini, qirg‘izistonlik Toshkentdagi qarindoshining uyida tunab qolishi mumkin emasligini aniqlagan edi.

Xo‘sh, “Do‘stlik”ning ochilishi ortidan bu tartib biroz yumshadimi?

Ozodlikning bu savoliga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi mulozimi bunday javob berdi:

“To‘g‘ri, qirg‘izistonlik Toshkentga viza bilan, ya’ni 60 kundan ortiqqa kelgan bo‘lsa, qarindoshinikida turishi mumkin edi. Vizasiz, ya’ni 60 kungacha bo‘lgan muddatga kelgan bo‘lsa, mehmonxonada turishi kerak edi. Bu masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar Toshkent shahar boshqarmamizga tushirilgan, o‘sha idoradan so‘rang”, dedi rasmiy.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Toshkent shahar boshqarmasi mulozimi "bu masalada xat bilan murojaat qilishni" so‘rab, gapni qisqa qildi.

XS
SM
MD
LG