Линклар

Kun.uz sayti Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida avgust oyi oxirida ro‘y bergan voqea aks etgan videoni e’lon qildi.

Videoda "Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiev", deb taqdim qilingan shaxs tumandagi maktablarning direktorlarini bir qatorga terib olib, bir chekkadan kaltaklagani tasvirlangan. Maktab direktorlari esa Mustaqillik bayramiga o‘qituvchilarni olib bormagani uchun kaltaklanayotgani ko‘rinadi.

«Bechora rayono mudirini itdek qilaman, aslida sen ham aybdor. Nega rayoningni hurmat qilmaysan?», deya baqiradi direktorlarni kaltaklayotgan kishi.

U direktorlardan birining yuziga urarkan, «Vatan mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi? Bayrammasmi?» deya baqirib, haqoratlashda davom etadi.

Kun.uz nashrining o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, tumanda Mustaqillik bayrami avvaliga 25 avgust kuniga belgilangan, keyin bayram kuni 27 avgustga qoldirilgan.

Nashr xabaridan iqtibos:

«Maktab direktorlarining ayrimlari bayram uchun yiqqan odamlarini 27 avgust kuni ham takroran bayram hududiga olib kela olishmagan, ayrimlari bayram qaysi kunga qoldirilganidan bexabar ham bo‘lishgan. Natijada 27 avgust kuni bayramda tomoshabin kam bo‘lgan. Viloyat hokimi esa bayram yuqori saviyada tashkillashtirilmagan, deb Nosirjon Egamberdievga xayfsan bergan. Shundan so‘ng, tuman hokimi maktab direktorlaridan «alamini olgan», deb yozadi o‘z manbasiga tayangan kun uz nashri.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Nosirjon Egamberdiev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktyabrida hokim etib tayinlangan. Bunga qadar u Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Ozodlik Kun.uz nashrida chop etilgan bu videoga oid qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlashga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG