Линклар

Buxoro viloyat, Olot tuman, Ko‘l Chovdur mahallasida yuzga yaqin xo‘jalik uch oydan buyon "sasigan hovuz suvidan ichishga majbur bo‘lmoqda". Bu haqda Ozodlikka xabar bergan mahalla faollariga ko‘ra, sug‘oriladigan tomorqalar ham bu yil suvsizlikdan umuman hosil bermagan. Mahalla aholisining ichimlik va sug‘orish suvi bilan ta’minlashni so‘rab, hokimiyat idoralariga yo‘llagan arizalari javobsiz qolmoqda.

"Itlar kirib-chiqib yurgan hovuz"

Ozodlikka shikoyat qilgan Ko‘l Chovdur mahallasi faollarining aytishicha, toza ichimlik suvi va sug‘orish yerlariga mo‘ljallanan suv mahallaga oxirgi marta 13 iyunda kelgan.

Ulardan birining aytishicha, toza ichimlik suvi bo‘lmagani uchun 100ga yaqin xonadon "sasigan hovuz suvidan ichishga majbur bo‘lmoqda".

- Hovuzning suvi tasavvur qiladigan darajada emas. Hatto mol ichmaydi. Lekin aholi majburlikdan ichayapti. Hovuzlarga itlar kirib, chiqib yuripti. Odamlar majbur o‘sha suvdan qaynatib, saqlab ichishayapti, - dedi u.

Mahalla faoli o‘z so‘zini isbotlash uchun Ozodlikka ayni hovuz va qaqrab yotgan ekin yerlari suratlarini yo‘lladi.

Aholi bu hovuz suvini qaynatib ichishga majbur bo‘lmoqda
Aholi bu hovuz suvini qaynatib ichishga majbur bo‘lmoqda

Boshqa bir ko‘l-chovdurlikka ko‘ra, ichimlik suvini bir necha chaqirim uzoqlikdan "eshak aravalarda" keltirmoqda.

-Uzoq joydan olib kelamiz eshak aravalarda. Flyagalarda olib kelib ichamiz. Iloji yo‘q, nima qilamiz, - deydi u.

Uning mahalladoshi moddiy imkoni borlar ichimlik suvini mashinalarda keltirib, quduqqa quyib saqlayotganini bildirdi.

"Mashinalarda olib kelib, qazilgan quduqlarga solib ichayapmiz, qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatayapmiz. Imkoni yo‘qlar, hovuzdagi ko‘lmak suvni ichayapti," dedi u.

Suv fermerlardan ortmayapti

Olotdagi suvsiz tomorqalar
Olotdagi suvsiz tomorqalar

​Ko‘l Chovdur mahallasi aholisiga ko‘ra, suvsizlik tufayli bu yil tomorqalarda ekin umuman unmagan, ko‘pchilik o‘z chorva mollarini sotib yuborgan.

Mahalla oqsoqoli Ma’mur Xudoynazarov aholi tomorqasini sug‘orishga mo‘ljallangan “G‘aribbek” arig‘i butunlay qurib qolganini aytdi.

Uning ilova qilishicha, sug‘oriladigan yerlarga suv keltirish urinishlari natija bermayotir.

- Tushunmaymiz, suv bu yerlarga yetib kelmayapti. Fermerlardan o‘tmayapti. Qishloq aholisi bilan suvga chiqamiz, suv kelmaydi. Haftalab yurdik, odamlar bilan chiqdik, navbat kutamiz, suvning o‘zi yo‘q, suv kam, - deydi Ma’mur Xudoynazarov.

Ariqda suv och oydan buyon oqmaydi
Ariqda suv och oydan buyon oqmaydi

Olot tumani hokimi Sherali Salomov suvsizlik muammosi yuzasidan Ozodlik savollariga majlisda bo‘lgani uchun javob bera olmasligini aytdi.

Suv tanqisligi

O‘zbekistonda, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, suvning qariyb 91,5 foizi yoki 53 milliard 524 million 200 ming kubometri qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishga sarflanadi. Suvning qolgan qismigina aholi ehtiyojiga beriladi.

O‘zbekiston Prezidentining 18 apreldagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilgan.

Farmonga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, etkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, foydalanilgan suvlarni oqizish (kanalizatsiya) hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasidagi qonunchilik va me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq hal etilmagan qator muammolar mavjud.

XS
SM
MD
LG